1-mavzu. Krish. “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” o‘quv fanining predmeti, maqsadi va vazifalari, nazariy- metodologik tamoyillari Reja


O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkiloti bilan aloqalari



Yüklə 1,35 Mb.
səhifə62/72
tarix07.01.2024
ölçüsü1,35 Mb.
#202287
1   ...   58   59   60   61   62   63   64   65   ...   72
O\'zbekistonning eng yangi tarixidan majmua 2023-yil

4. O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkiloti bilan aloqalari.
Ma’lumki, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) shiddat bilan o‘zgarib borayotgan hozirgi zamonning eng dolzarb muammolarini samarali hal qilishda, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashda katta hissa qo‘shib kelayotgan nufuzli xalqaro tashkilot hisoblanadi. Tarixiy o‘lchovlar bo‘yicha nisbatan qisqa muddatda Shanxay hamkorlik tashkiloti obro‘li, nufuzli xalqaro tuzilma sifatida shakllandi.1996-1997-yillari “Shanxay beshligi” nomi bilan tashkil etilgan hamda 2001-yili O‘zbekistonning a’zo bo‘lib kirishi bilan “Shanxay hamkorligi tashkiloti” nomini olgan mazkur tuzilmaning asosiy maqsadi a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro do‘stlik, ishonch va yaxshi qo‘shnichilik muhitini mustahkamlash hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy, shuningdek, xavfsizlik, energetika, transport, turizm, atrof-muhitni muhofaza qilish va boshqa ustuvor sohalardagi samarali hamkorlikni rivojlantirishdan iborat. Mustaqil O‘zbekiston 2001-yilning iyun oyida “Shanxay beshligi” deb yuritilgan xalqaro tashkilotning XXRni Shanxay shahrida chaqirilgan Sammitida bu tashkilotning to‘la huquqli a’zosi bo‘ldi. Shundan keyin “Shanxay hamkorlik tashkiloti” nomi bilan yuritilib, hamkorlikning bosh maqsadi a’zo davlatlar o‘rtasida har tomonlama aloqalar o‘rnatishdan iborat bo‘lib, ayni paytda xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash tashkilotning faoliyat markazida turadigan bo‘ldi.
O‘tgan 20 yil mobaynida mintaqaviy va xalqaro vaziyatda keskin o‘zgarishlar ro‘y berayotgan bir sharoitda ShHT o‘zini ko‘p tomonlama hamkorlikning ta’sirchan mexanizmi sifatida namoyon etmoqda. Qisqa davrda tashkilot salmoqli shartnomaviy-huquqiy bazaga ega bo‘ldi, institutsional jihatdan to‘laqonli tuzilma sifatida shakllandi, qator tarkibiy organlari tashkil qilinib, ularning barqaror faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bugungi kunda mintaqaviy xavfsizlikni kafolatli ta’minlash, terrorizm, ekstremizm, ayirmachilik va giyohvand moddalarining noqonuniy savdosiga qarshi kurashish tashkilotning asosiy vazifalari sirasiga kiradi. Terrorizmga qarshi kurash qarorgohi (shtabi) Bishkekdan Toshkentga ko‘chirildi. Tashkilotning aniq vazifalari tashqi ishlar va mudofaa vazirliklarining kengashlarida hal qilinishi kelishib olindi.
O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotini terrorizm va ekstremizmga, narkotik va qurolning noqonuniy oborotiga, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishda hamkorlik uchun vosita sifatida baholaydi. O‘zbekiston uchun Shanxay hamkorlik tashkilotining iqtisodiyot, jumladan, transport kommunikatsiyalarini qurish va qayta tiklash sohasidagi faoliyatini ham faollashtirish, Shanxay hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikdan manfaatdor boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni rivojlantirish ustuvor vazifa hisoblanadi. 2005-yilning 2-iyul kuni Qozog‘istonning Astana shahrida “Shanxay hamkorligi tashkiloti”ning o‘ninchi marta uchrashuvi o‘tkazildi. Sammitda doimiy a’zo davlat rahbarlaridan tashqari Mo‘g‘uliston Respublikasining vakili kuzatuvchi sifatida qatnashdi. Kengashda Hindiston, Pokiston va Eron davlatlarini tashkilotga kuzatuvchi sifatida qabul qilindi. Astana uchrashuvi qatnashchilari “Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash konsepsiyasi”ni yakdillik bilan qabul qildi. O‘zaro iqtisodiy aloqalarni kengaytirish to‘g‘risida hujjatlarni imzoladi. Tashkilotning faoliyat ko‘lamini kengaytirish maqsadida 2005-2006-yillarda ShHTning Banklararo birlashmasi, Ishbilarmonlar kengashi va Forumi tashkil qilindi. 2016-yil iyun oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan ShHTning yig‘ilishida Pokiston va Hindiston davlatlari tashkilot tarkibiga kiritildi.
Mamlakatimizning so‘nggi yillarda ShHT doirasidagi faoliyatini tashabbuskorlik va pragmatizm tamoyillari ustuvor bo‘lib borayotgani bilan ifodalash mumkin. ShHT doirasida milliy manfaatlarimizga javob beradigan ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ilgari surilgan barcha taklif va tashabbuslarimiz mintaqadagi barqarorlik hamda hamkorlikni mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishlariga to‘liq mos keladi.
Chunonchi, so‘nggi yillarda O‘zbekiston ShHT doirasida yangi hamkorlik platformalarini ishga tushirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi. Prezident farmoni bilan Toshkentdagi ShHT Xalq diplomatiyasi markazi ochildi. 2017-yil 9-iyunda Astanada (hoz. Nur-Sulton) bo‘lib o‘tgan ShHT davlatlari yig‘ilishida iqtisodiy va madaniy-ma’rifiy hayot borasidagi qator masalalar bo‘yicha fikr almashilib, umumiy xulosalarga kelindi.
Ushbu sammitda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tashkilotga a’zo davlat rahbarlarini ShHT doirasida madaniy hamkorlik aloqalarini kuchaytirish hamda xalq diplomatiyasi mexanizmlaridan har tomonlama foydalanishga chaqirdi. Buning natijasi o‘laroq 2018-yilda Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkilotining Halq diplomatiyasi markazi tashkil etildi. Haqiqatdan ham O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan Xalq diplomatiyasi markazini yaratish g‘oyasi, xalqaro vaziyatdagi beqarorlik va noaniqlik omillari hamda turli xatarlar sonining ko‘payishi fonida o‘ta dolzarbdir. Shu nuqtayi nazardan Toshkentdagi Xalq diplomatiyasi markazining faoliyati ShHT mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikning xilma-xil imkoniyatlarini ochishga, o‘zaro ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.
Tashkilotga a’zo davlatlar temir yo‘l ma’muriyatlari rahbarlarining uchrashuvlari mexanizmi yo‘lga qo‘yildi. Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm instituti barpo etildi. Bu poytaxtimizda muqaddam ochilgan Mintaqaviy aksilterror tuzilmasiga qo‘shimcha tuzilmalar sifatida O‘zbekistonning ahamiyatini yanada kuchaytiradi. 2018-yil 9-10-iyun kunlari Xitoyning Sindao shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. A’zo davlatlar rahbarlari 2017-yilgi Astana sammiti yakunlarining ijrosini hamda jahon siyosati va iqtisodiyotida kechayotgan jarayonlar asnosida ShHTni yanada rivojlantirishga doir birinchi galdagi vazifalarni ko‘rib chiqdilar. Tomonlarning o‘zaro kelishilgan pozitsiyasi qabul qilingan Sindao deklaratsiyasida o‘z ifodasini topdi.
A’zo davlatlar ShHT Xartiyasining maqsad va tamoyillariga rioya etgan hamda “Shanxay ruhi”ga tayangan holda ShHTni 2025-yilgacha mo‘ljallangan rivojlantirish strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirayotganlari qayd etildi. Bugungi kunda ShHT noyob, nufuzli va obro‘li mintaqaviy birlashma sifatida qaror topgani, Tashkilotga Hindiston va Pokiston a’zo bo‘lgandan so‘ng uning salohiyati sezilarli darajada oshgani ta’kidlandi.
Umuman olganda, o‘tgan yillar mobaynida O‘zbekiston tomonidan 30 dan ortiq tashabbusni ilgari surdi. Bu ancha jiddiy va katta ko‘rsatkich hisoblanadi.
Eng muhimi, O‘zbekiston tashkilot doirasida o‘z tashabbuslarini shunchaki e’lon qilmasdan, balki ularni amaliy chora-tadbirlar orqali hayotga faol joriy etayotgani bilan ajralib turadi.
ShHT Davlat rahbarlari kengashining 2020-yil oktabr oyida Rossiya Federatsiyasi raisligida bo‘lib o‘tgan navbatdagi sammitida davlatimiz rahbari pandemiya sharoitida “Shanxay ruhi”ni mustahkamlashning muhimligiga katta e’tibor qaratib, global xatar va tahdidlarni yaxshi qo‘shnichilik, teng huquqlilik, o‘zaro ishonch va manfaatlarni hisobga olish yo‘li bilan yengish mumkinligini ta’kidladi. “Har birimiz kuchli bo‘lgan taqdirdagina, ShHT ham kuchli bo‘ladi, -deb alohida ta’kidladi Prezidentimiz. - Buning uchun bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashimiz, kun tartibimizdagi asosiy masalalarga birgalikda murosa izlashimiz, ayniqsa, muhim ahamiyatga ega”.
Mamlakatimiz ShHT faoliyatini yangi mazmun bilan to‘ldirish, mintaqalararo transport va tranzit yo‘laklarini yaratish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni rivoj lantirish, iqtisodiy o‘sishning yangi nuqtalarini izlash, iqlim va ekologik tahdidlarga qarshi kurashda a’zo davlatlarning sa’y-harakatlarni birlashtirish kabi istiqbolli yo‘nalishlarga katta e’tibor qaratmoqda.
O‘zbekiston ShHTning amaliy ahamiyatini va xalqaro obro‘sini oshirish uchun uning yangi kun tartibini shakllantirishga o‘z konstruktiv hissasini qo‘shishga tayyorligini namoyon etmoqda.
ShHTning 2021-yil 16-17-sentabr kunlari Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan yubiley sammitida ShHTning 20 yillik faoliyatining asosiy natijalari, tashkilot doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning holati va istiqbollari atroflicha muhokama qilinib, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan tashkilot samaradorligini oshirish maqsadida 10 ta ustuvor vazifa ilgari surildi. Davlatimiz rahbari Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan ShHT sammitida tashkilot doirasida uyushqoqlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni yanada mustahkamlash, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish, Afg‘onistondagi vaziyatga nisbatan kelishuvga asoslangan yondashuvlarni ishlab chiqish bo‘yicha dolzarb tashabbuslari qatorida, mintaqa parlamentlari va keng jamoatchilik darajasida xalq diplomatiyasini rivojlantirishga qaratilgan takliflarni ham ilgari surdi.
Shular orasida mintaqada “xalq diplomatiyasi”da birgalikda erishilgan natijalar ijobiy baholanib, O‘zbekiston rahbariyati tomonidan mintaqa mamlakatlari hududlari o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma madaniy, fan-ta’lim, sport va boshqa tadbirlarni o‘tkazishdan manfaatdorlik alohida ta’kidlanib, shu maqsadda “ShHT Ezgu niyat elchisi” institutini ta’sis etish taklifi bildirildi.
Ishonchimiz komilki, “ShHT ezgu niyat elchisi” instituti a’zo mamlakatlarning san’at, adabiyot, fan, musiqa va sport sohalaridagi mashhur arboblaridan tashkil topib, ular iste’dodi va bor kuch-g‘ayratini tashkilotga a’zo davlatlar hamda butun dunyo xalqlarining turmush darajasini oshirishda ShHT harakatlariga nisbatan jamoatchilik xayrixohligini oshirishga safarbar etadi.
Xulosa sifatida shuni ta’kidlash lozimki, o‘tgan davrda ShHT o‘zini samarali mexanizm sifatida namoyon etib, siyosat va xavfsizlikdan iqtisodiy hamda ijtimoiy hamkorlikkacha bo‘lgan keng qamrovli masalalarni o‘z ichiga olgan mintaqaviy muammolarning butun bir majmuini hal etishga qodir xalqaro forum sifatida jahon siyosat sahnasidan mustahkam o‘rin egalladi. Dunyo bo‘ylab keng tarqalgan pandemiya esa ShHTga bo‘lgan ob’yektiv hayotiy zaruratni yanada oshirmoqda.

Yüklə 1,35 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   58   59   60   61   62   63   64   65   ...   72




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin