15-mavzu: Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar Reja: 1. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivoj lantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining ishlab chiqilishi, hayotga joriy etilishi va uning ahamiyati.
2. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va unda belgilangan ustuvor yo‘nalishlar: - Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari; - Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari; - Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishlari; - Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari; - Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar.
3. Xalqaro reyting va indekslar haqida ma’lumot, ularning dunyodagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarga ta’siri.
4. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash borasidagi davlat siyosati, qabul qilingan huquqiy-normativ hujjatlar.
5. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini oshirish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar.
1. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining ishlab chiqilishi, hayotga joriy etilishi va uning ahamiyati. Mustaqillik yillarida mamlakatda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati qurishga, erkin bozor munosabatlariga va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirishga, xalq osoyishta va farovon hayot kechirishi uchun shart-sharoitlar yaratishga, xalqaro maydonda O‘zbekistonning munosib o‘rin egallashiga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Shunday bo‘lsada, bosib o‘tilgan yo‘l va orttirilgan tajribani xolisona baholash, mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlarni tahlil qilish hamda zamon talablaridan kelib chiqqan holda oldimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va mamlakat taraqqiyotini jadallashtirishning muhim ustuvor yo‘nalishlarini hamda aniq marralarini belgilash vazifasi turgan edi.
Mazkur vazifani amalga oshirish yo‘lida aholining keng qatlamlari, jamoatchilik va ishbilarmon doiralar vakillari, davlat organlarining rahbarlari va mutaxassislari bilan amaliy suhbat hamda muhokamalar olib borildi, shuningdek, amaldagi qonun hujjatlari, milliy va xalqaro tashkilotlarning axborot-tahliliy materiallari, ma’ruzalari, tavsiyalari va sharhlari o‘rganildi, rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasi tahlil qilindi.
Taraqqiyot va yuksak rivojlanishga erishgan davlatlar tajribasiga ko‘ra, har bir xalq o‘z oldiga ulug‘ va istiqbol maqsadlarni qo‘yishi hamda uni amalga oshirish salohiyatlari bilan jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallaydi.
Binobarin, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasi istiqbolimiz taqdirini hal etuvchi muhim va yangi davr bosqichini ifodalovchi milliy g‘oyaga aylandi.
Strategiya - bu ta’limotni izlash, ifodalash va rivojlantirish tizimi bo‘lib, u izchillik bilan va to‘liq amalga oshirilganda uzoq muddatli muvaffaqiyatni ta’minlaydi.
Kelib tushgan takliflarni jamlash, chuqur o‘rganish hamda umumlashtirish asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni loyihasi ishlab chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 7-fevraldagi Farmoni bilan 2017-2021-yillarda mamlakatimizni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi tasdiqlangani o‘zbek davlat boshqaruvi tarixida yangi bosqichni boshlab berdi. Mazkur hujjatda aniq, hayotiy islohotlar va ularni amalga oshirish mexanizmlari belgilab berilgani mamlakatimizda islohotlar samaradorligini tubdan oshirish, davlat va jamiyatni har tomonlama uyg‘un, jadal rivojlantirish, barcha sohani modernizatsiya qilish va erkinlashtirishdek buyuk maqsadlarga xizmat qiladi.
Loyihalarni tayyorlash davomida aholining keng qatlamlari orasida qizg‘in muhokamalar olib borildi. Loyihalar muhokama uchun turli axborot maydonlariga joylashtirildi, ularning natijasida ko‘plab taklif va mulohazalar kelib tushdi.
Fuqarolar siyosiy-huquqiy borada yuksak faollik ko‘rsatib, olib borilayotgan islohotlarga alohida qiziqish va daxldorlikni namoyon qildilar.
Xususan, loyihalarning “Qonun hujjatlari ta’sirini baholash tizimi” portalida yo‘lga qo‘yilgan jamoatchilik muhokamasi natijalari bo‘yicha 1310 ta taklif va mulohaza kelib tushib, ular asosida Davlat dasturining 41 ta bandi qayta ko‘rib chiqildi.
Harakatlar strategiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan saylovoldi jarayoni, jamoatchilik, ishbilarmon doiralar vakillari hamda davlat organlari bilan uchrashuvlar chog‘ida bildirilgan fikrlar bilan birga mamlakatni ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy, madaniy-gumanitar rivojlantirishning konseptual masalalari kiritildi.
Harakatlar strategiyasining maqsadi olib borilayotgan islohotlar samaradorligini tubdan oshirish, davlat va jamiyatning har tomonlama va jadal rivojlanishini ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratish, mamlakatni modernizatsiyalash va hayotning barcha sohalarini erkinlashtirishdan iboratdir.
Xususan, mamlakatni rivojlantirishning quyidagi 5 ta ustuvor yo‘nalishi belgilangan: 1. Davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish; 2. Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish; 3. Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish; 4. Ijtimoiy sohani rivojlantirish; 5. Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish.
Mazkur yo‘nalishlarning har biri mamlakatdagi islohotlar va yangilanishlarni yanada chuqurlashtirishga oid aniq bo‘limlardan iborat. Harakatlar strategiyasini besh bosqichda amalga oshirish nazarda tutilgan bo‘lib, bunda yillarga beriladigan nomlarga muvofiq har yili uni amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi tasdiqlandi.
Davlat rahbarining 2017-yil 14-fevraldagi Farmoyishi bilan Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga doir tashkiliy chora-tadbirlari belgilandi. Mazkur farmoyish asosida, Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan tadbirlarning ekspertlik va jamoatchilik muhokamasini samarali tashkil etish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish, ularni mukammal amalga oshirish, fuqarolik jamiyati institutlarini, ekspertlar va olimlarni mamlakatimizni demokratlashtirish hamda modernizatsiya qilish jarayonlariga faol jalb etish maqsadida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tashkil etildi.
Markaz - nodavlat-notijorat tashkiloti bo‘lib, Harakatlar strategiyasidagi islohotlarning mazmun-mohiyati, ahamiyati va natijalarini izchil muhokama qilish, davlat organlari va xalq o‘rtasidagi ochiq muloqotni ta’minlash, jamoatchilik nazoratini samarali tashkil etishda o‘ziga xos zamonaviy media-maydon vazifasini o‘taydi. “Taraqqiyot strategiyasi” markazi aql markazi sifatida qisqa vaqt ichida o‘zida Harakatlar strategiyasining 5 ta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha tajribali, tahlilchi va kuchli ekspertlarni jamlay oldi. 170 ga yaqin davlat organlari va tashkilotlari bilan aloqa o‘rnatgan markaz xorijiy tajribani o‘rganish bilan birga xalqaro aql markazlari bilan hamkorlik qiladi va tajriba almashadi. Xususan, 2019-yilda Markaz dunyodagi eng yaxshi yigirmatalik reytingidan mustahkam joy olgan Italiyadagi “European House - Ambrosetti”, 700 dan ortiq ekspertlarni o‘zida jamlagan Siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy tadqiqotlar institutlari hamda Fransiyadagi 46 yillik tajribaga ega va o‘z safida kuchli mutaxassislarni jamlagan Tahlil, prognozlash va strategiya Markazi (CAPS) kabi aql markazlari bilan o‘zaro hamkorlik memorandumlarini imzoladi. 2020-yilning mart oyiga qadar ekspertlik muhokamalarida 60 dan ortiq qonun loyihalari o‘rganildi va tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Qolaversa, 2019-yilning o‘zida markaz jamoasi tomonidan 100 dan ortiq tahliliy va mualliflik maqolalari chop etildi hamda shuncha miqdorda OAV orqali lavha, ko‘rsatuv, intervyu va suhbatlar keng omma e’tiboriga xavola etildi. 2020-yilda “Harakatlar Strategiyasi bilan 3 yil: kutilgan natijalar, yuqori samaradorlik va yuksak marralar” nomli risola ham chop etildi.