Atoqli otlar. Bu xildagi predmet yoki hodisalarning birini ajratib ko‘rsatuvchi otlar atoqli otlar deyiladi. Atoqli otlarga:
kishilarning ismi, nasl nomi, otasining ismi (familiya va otchestva), taxallusi: Alisher, Akram Valiev, Oybek, Navoiy kabi.
Geografik nomlar: Sirdaryo, O‘zbekiston, Samarqand, Xovos kabi.
Turli tashkilot, korxona, muassasa nomlari: Guliston Davlat universiteti, «Kashteks».
Planeta va yulduzlarning nomlari: Zuxro, Yupiter kabi.
Tarixiy hodisalar, asarlar, gazeta, jurnallar va ilmiy muassasalarning nomlari: Mustaqillik kuni, «Qutlug‘ qon» romani kabi.
Hayvonlarga atab qo‘yilgan nomlar: Boychibor, Olako‘z kabi.
Bir jinsdagi predmetlarning umumiy nomini bildiruvchi otlar turdosh ot deyiladi: ishchi, kitob, daraxt, gul kabi. Otlarning asosiy qismini turdosh otlar tashkil qiladi. Turdosh va atoqli otlar ma'nosiga ko‘ra farq qilib qolmay, ularning har biri o‘zigagina xos ba'zi grammatik xususiyatlarga ham ega. Masalan, atoqli otlar faqat birlik formada qo‘llanadi. Agar ko‘plik formasini olsa, grammatik ko‘plik emas, balki boshqa ma'no ottenkalariga ega bo‘ladi: Umidalar kelishdi kabi.
Atoqli otlarning deyarli ko‘pchiligi turdosh otlardan, bir qismi boshqa so‘z guruhlaridan kelib chiqqan: Rayxon, Anora, Go‘zal, Sotib oldi kabi. Ba'zi atoqli otlar turdosh otlarga aylangan: rentgen, xosiyatxon, bo‘ston kabi. Bu otlar atoqli otlar safidan chiqib, leksik ma'no ifodalashga ko‘chgan.
Turdosh otlar quyidagi turlarga ajratiladi:
1. Ifodalangan tushunchaning xarakteriga ko‘ra aniq va mavhum otlarga bo‘linadi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri predmetni anglatadigan otlar aniq otlar deyiladi. Aniq otlar anglatgan predmetlarni bevosita sanash va ko‘rish mumkin.Shu sababli bunday otlar sanoq sonlar bilan, masalan, beshta daftar, minglab odamlar kabi, sintaktik aloqaga kirisha oladi. Shuningdek aniq otlar sub'ektiv baho formalari va ko‘plik qo‘shimchalarini olishi mumkin: uycha, tuynik, bolagina, kitoblar kabi.
Mavhum tushunchalarni ifodalovchi otlar mavhum otlar deyiladi. Bu otlar odatda mavhum belgi va xususiyatlarni ataydi: sevgi, oqim, tuyg‘u, yaxshilik kabi. Mavhum otlar ko‘plik ko‘rsatgichi –lar qo‘shimchasini ham oladi. Agar bu qo‘shimcha bilan kelsa ko‘plikni ifodalamay, boshqa ottenkalarni anglatadi.
2. Otlar birlik shaklda bir turdagi predmetning o‘zini yoki ularning to‘dasi (jami)ni bildirishiga ko‘ra yakka va to‘da otlariga ajratiladi.
Bir turdagi predmetning o‘zini bildiruvchi kitob, uy, daraxt kabi so‘zlar yakka ot, bir xil predmetlarning jamini ifodalovchi armiya, xalq, qo‘shin kabi otlar to‘da otlari deb yuritiladi.
3. Kim yoki nima so‘zlariga bo‘lgan munosabatiga ko‘ra otlar kishi va narsa otlariga bo‘linadi. Kishi otlari kim? so‘rog‘ini, narsa otlari nima? so‘rog‘ini qabul qilib, ular atoqli va turdosh otlardan bo‘lishi mumkin.
Otlarni kishi otlari va narsa otlariga ajratish ularda son kategoriyasining ifodalanishinigina emas, balki turlana olish darajasini belgilashda ham muhim rol uynaydi.
4. Sanalish – sanalmasligiga ko‘ra otlar,yuqorida aytganimizday ikkiga, sanaladigan va sanalmaydigan otlarga bo‘linadi. Sanaladigan otlar asosan aniq otlar, sanalmaydigan otlar asosan modda otlarini tashkil qiladi: beshta daftar, unta kalam; xavo, bulut, shamol kabi. Atoqli otlarning ham aksariyati sanalmaydigan otlardir: Tinch okean, Qora dengiz, Amudaryo, Dilbar G‘ulomova, Oybek kabi.6-
Dostları ilə paylaş: |