Oilaviy hayotni tizimli tarzda tasavvur etib, uning psixologik xususiyatlarini o’rganishga jazm etgan olimlardan biri amerikalik tadqiqotchi Virjiniya Satir (1992, 2000) hisoblanadi. U oilaviy hayotni tavsiflash uchun quyidagi tushunchalarni ishlatadi: oila energetikasi, oila tizimi, chegarasi va funktsional xususiyatlari. Bu bilan u kelib chiqishi nuqtai nazaridan biologik hisoblangan ijtimoiy institutga texnologik metodologiyani tadbiq etishga urinadi. Bunday yondoshuv XX asr o’rtalariga xos bo’lib, u tufayli olim oilani tushunish borasida nafaqat yangi yo’nalishga asos soldi, balki uni davolash, bu boradagi tibbiy muammolarni ham o’rganishni boshlab berdi.
Oila energetikasi tushunchasi o’z ichiga ko’plab jabhalarni xususan, oilaning tibbiy-biologik xususiyatlaridan tortib, uning psixologik mavjudligini belgilovchi omillar, ekologik shart-sharoitlardan boshlab, tiriklikning mezonlari bo’lmish ovqatlanish hamda har bir oila a’zosining xatti-harakatlarining namoyon bo’lishigacha qamrab oldi. Oilaviy hayotning psixologik energetikasini tavsiflash uchun Satir “oilaning emotsional qozoni” tushunchasini ishlatadi, ya’ni, oila a’zolarining kundalik muloqot, muomala jarayonlarini u go’yoki “bir qozonda qaynovchilarning birgalikda yashashida namoyon bo’ladigan hissiyotlar ko’zgusiday” tasavvur etadi. Bu “qozonda”gi his-kechinmalar hayotning muayyan davrlarida o’ta jo’shqin va boy bo’lsa, boshqa bir davrda mazmunan tor yoki tarang ham bo’lishi mumkin. Oila a’zolarining bir birlariga mehr-muhabbati, yaqinligi, hamkorligi ma’lum davrlarda kuchli ijobiy bo’lsa, boshqa davrda kimnidir kimdandir tobeligi bois yoki kimningdir qattiqqo’lligi bois torroq, mazmunsizroq bo’lishi ham ko’zatiladi.