Masalan, S.Kraxotvil ajrim jarayonining quyidagi bosqichlarini ajratadi:
Bosh ko‘tarish bosqichi: xo‘rlangan va norozi ayol o‘z faolligini oshirib, ajrim sodir bo‘lmasligining oldini olish uchun muayyan say’i-harakatlarga kirishadi. Lekin barcha ishlarni xavotirlik va hayajon bilan amalga oshirgani sababli, ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yadi va noma’qul ishlar ham qilib qo‘yishi mumkin;
Tushkunlikka tushish bosqichi: ajralishni xohlamagan tomon vaziyatni boshqara olmaganligini tan olib, tushkunlik, depressiya holatiga tushadi, va endi o‘zini ham ayblay boshlaydi;
Bo‘yinga olish bosqichi: ajralishni xohlamagan tomon endi mavjud holat bilan kelishib, bunday nikohning bo‘lganidan bo‘lmagani ma’qulligi fikriga keladi.
Albatta, shuni ta’kidlash joizki, ayrim hollarda ikkala tomon ongli ravishda, o‘zaro kelishib, bir-birlariga tana-dashnom bermaydilar va bunday ajrimlar yuqorida ko‘rsatilgan bosqichlarsiz sodir bo‘ladi. Demokratik huquqiy davlat, erkin fuqarolik jamiyati qurilayotgan davlatlarda ajrimlar masalasiga ham demokratik tarzda qaraladi, ya’ni, bu ikki tomonning yoki birining manfaatiga mos kelishi inobatga olinib, ajrim sodir etiladi, lekin bunday holatlarda, ayniqsa, yosh bolasi bilan qolgan ona ijtimoiy-psixologik yordamga, jamiyat tomonidan ko‘rsatiladigan madadga muhtoj bo‘ladi. Inqirozli oila yoki mushkul ahvolga tushib qolgan onalar, ularning farzandlari bilan psixologik-pedagogik yordam ishlarini tashkil etish asosan quyidagi yo‘nalishlarda tashkil etiladi:
diagnostik;
korreksion;
profilaktik;
ma’rifiy.
Inqirozli oila bilan ishlash avvalo shunday holatga tushib qolgan oilalarning talab-takliflari asosida, yoki u yoki bu hududdagi oilalarning ahvolini o‘rganish natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi. Masalan, O‘zbekiston sharoitida jami oilalarning salmoqli qismi yosh oilalar toifasiga kirishi, ularda muayyan muammolarning, ijtimoiy hamda psixologik muhofazaga ehtiyojni sezishi tabiiy bo‘lgani uchun ham bunday xizmat shahobchalari bir tomondan, talab va taklif asosida tashkil etiladi, ikkinchi tomondan, davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan oilani muhofaza qilish, ularning muammolarini o‘rganish va yordam berish o‘z-o‘zini boshqarish organlari, “Oila” markazlari, yoshlarning “Kamolot” ijtimoiy harakatiga yuklanganligi uchun tavsiya va ko‘rsatmalar asosida ham tashkil etiladi. Qanday shaklda bo‘lmasin, bunday markazlar yoki xizmat turlariga turli inqirozli sharoitni boshdan kechirgan oilaga yordam ko‘rsatish ularning asosiy vazifasi hisoblanadi. Jamoatchilik tashabbusi bilan tashkil etilgan shunday xizmat turlaridan biri mamlakatimizning turli tuman va shaharlari markazlarida tashkil etilgan Yoshlar ijtimoiy ko‘mak markazlari bo‘lib, uning qoshida tashkil etilgan “Yosh oilaga ijtimoiy va psixologik xizmat ko‘rsatish” bo‘limlari, undagi “Ishonch telefonlari” oila a’zolariga ma’rifiy, ma’naviy, axborot, psixologik xizmatlarni amalga oshiradi.
Oilaga ijtimoiy-psixologik xizmat markazlari kimning buyurtmasi bilan faoliyat boshlagani, uning faoliyati samarasini kim monitoring qilishidan qat’iy nazar, u quyidagi toifa insonlarga xizmat ko‘rasatadi: