1-мavzu Oliy filologik ta’lim fanining maqsadi va vazifalari Mavzu hikmati: Insonning qiymati emas siym-u zar, Inononing qiymati ilm va hunar


Filologiya ta’limida mutaxassislik fanlarining o‘rni



Yüklə 35,15 Kb.
səhifə3/4
tarix01.03.2022
ölçüsü35,15 Kb.
#53265
1   2   3   4
1-maruza

2. Filologiya ta’limida mutaxassislik fanlarining o‘rni
“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da filologiya so‘ziga shunday ta’rif berilgan:

FILOLOGIYA yunoncha filo – so‘z va logos – ta’limot so‘zlaridan olingan bo‘lib, u yoki bu xalqning u yoki bu davrda til va adabiyotda ifodalangan madaniyati haqidagi fanlarning umumiy nomi; til va adabiyot haqidagi bilimlar majmuidir. Unga nisbatan yasalgan filolog – filologos tor ma’noda donolarcha suhbatni sevuvchi shaxsni bildiradi. Keng ma’noda u filologiya sohasi tadqiqotchisi, filologiya mutaxassisi, filolog-olim ma’nolariga ega bo‘ladi.

Sohalar qanchalik chuqurlashsa, u shunchalik torayib boraveradi. Ilm-fanning rivoji tufayli filologiyaning yuzlab yangi istiqbolli sohalari paydo bo‘ldi va ularning har biri o‘zining muqim tadqiqot obyektiga ega bo‘ldi. Fonetist, leksikolok, leksigograf, lug‘atshunos, grammatist, etimolog singari tor soha mutaxassislari yetishib chiqdi. Dialektolog va folklorshunos ham shular jumalasidandir. Bakalavriatura bosqichida mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar “O‘zbek dialektologiyasi”, ”Xalq og‘zaki ijodi” fanlari doirasida o‘rgatilgan bo‘lsa, magistratura bosqichida ularning har biri sistema ichida sistema tamoyiliga ko‘ra bir qancha yangi fanlarga bo‘linib ketadi.

Masalan, “Shevashunoslik” o‘z ichiga “Areal lingvistika”, “Dialektologik kvalimetriya”, “O‘zbek shevalari tadqiqi tarixi”, “O‘zbek shevalari fonetikasi”, “O‘zbek shevalari leksikasi”, O‘zbek shevalari leksikografiyasi”, “O‘zbek shevalari morfologiyasi”, O‘zbek shevalari sintaksisi” ; “Folklorshunoslik” fani esa “Folklor nazariyasi”, ”Baxshichilik sagn’ati va xalq dostonlari”, “Xalq og‘zaki ijodi poetikasi” kai yo‘nalishlarni qamrab oladi va ular mutaxassislik fanlari sanaladi.

Mutaxassislik fanlariga xos bo‘lgan xususiyatlar sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:

1. Bilim va ko‘nikmalar chuqurlashtirilgan holda o‘rgatiladi.

2. Muayyan fandan tarmoqlagan yangi soha sanaladi.

3. Hayotiy ehtiyoj tufayli fanga kiritiladi.

4. Fanni to‘la qamrab olishga harakat qilinadi.

5. Muammoga ilmiy nuqtai nazardan yondashiladi.

6. Magistrantlarda ilmiy-tanqidiy baho berish malaksasini shakllantiradi va ularni ilmiy izlanishlar olib borshiga yo‘naltiriladi.

7. O‘qitishda zamonaviy axborot texnologiyalari va kompyuterdan foydalaniladi.

Ko‘rinib turibdiki, filologiya sohasi mutaxassiliklari ichida folklorshunos va shevashunos alohida ajralib turadi.

Ularning belgilarini quyidagilarda ko‘rish mumkin:

1. Umumiy belgisiga ko‘ra filolog-olim sanaladi.

2. Xususiy belgisiga ko‘ra tor soha mutaxassisidir.

3. Filologiyaning boshqa sohalariga qaraganda milliy qadriyatlar, urf-odatlar, an’analarni yaxshi bilishi bilan ajralib turadi.

4. Xalqqa yaqin bo‘ladi, o‘rganish obekti jonli so‘zlashuv tili sanaladi.

5. Real faktlar bilan ishlaydi, mavhumlik bo‘lmaydi.

Demak, shevashunos va folklorshunos ikki yoqlamali mehnat obyektiga ega bo‘ladi. Uni bir tomondan insonlar bilan o‘zaro jonli munosabat o‘rab tursa, boshqa tomondan sohadagi maxsus bilimlar, ko‘nikma va malakalarga eag bo‘lish tashkil etadi. Uning kasbiy-pedagogik tayyorgarligining darajasi va sifati sohada tashkil etilgan o‘qtish tizimi holati bilan aniqlanadi.

Ma’lumki, pedagogikada ma’lumot olish va o‘qish-o‘qitish muammolari bilan didaktika( ta’lim va ta’lim berish nazariyasi) bo‘limi shug‘ullanadi.

Ta’lim olish – bu bilim, ko‘nikma va malakalar tizimini egallash jarayonidir. Bunda shaxs ijodiy faoliyati, dunyoqarashi va o‘zini tutishi muhim ahamiyat kasb etadi va shu asosda uning bilish qobiliyati rivojlanadi. Inson ma’lumotli bo‘lib, bilim, ko‘nikma va malakalarga ega bo‘lsa, unda fikrlar tizimi shakllanadi.

Ta’lim olish vazifalari turli yo‘llar bilan hal qilinadi. Ulardan eng asosiysi o‘qitish hisoblanadi. O‘qitish – bu ta’lim oluvchilarga yangi o‘quv axborotini taqdim etish, uni o‘zlashtirishni tashkillashtirishga, ko‘nikma va malakalarni shakllantirishga, bilish qobiliyatlarini rivojlantirishga maqsadli yo‘naltirilgan, muntazam tashkiliy jarayondir. Bundan shevashunoslik va folklorshunoslik mutaxassisligi ham chetda emas.

O‘qitish jarayonida ta’lim beruvchi va ta’lim oluvchi o‘rtasida o‘zaro harakat yuzaga keladi va uning samaradorligi har jihatdan o‘qituvchi va talabaning hamkorligi (interfaollik) ga bog‘liq bo‘ladi.

O‘qitishning asosiy natijasi – bu talabalar tomonidan o‘zlashtirilgan bilim, ko‘nikma va malakalar, ularda shakllangan bilish ehtiyojlari va qobiliyatlaridir.

Bilimlarda haqiqiy borliq umumiy aksini topadi. Talabalar hodisa, voqea, qonuniyatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘rganadilar va bu ularning yutug‘i bo‘ladi. O‘qitish jarayonining eng muhim natijasi – bu ko‘nikmadir. Ko‘nikma – egallagan bilimlar asosida o‘zgaruvchan sharoitlarda birorta faoliyatni amalga oshirish qobiliyati.

Pedagogik amaliyotda ko‘nikma aqliy va amaliy ko‘nikmalarga bo‘linadi.

Aqliy ko‘nikma fikrlovchi vаzifalarni amalga oshirishdan iborat bo‘ladi. Bular ijodiy faoliyat va ishlab chiqaruvchi faoliyat uchun muhim hisoblanadi.

Amaliy ko‘nikmalar aniq amaliy harakatlarni bajarishga yo‘naltirilgan, ya’ni ishlab chiqarish topshiriqlarini yechish, hisob ishlarini bajarish, ish rejasini tuzish va b. Amaliy ko‘nikmalar aqliy ko‘nikmalar bilan uzviy bog‘liqlikda bo‘ladi, bilimlarga tayanmasdan turib topshiriqlarni yechish, hisoblash, reja tuzishni amalga oshirib bo‘lmaydi.

O‘qitishning natijalaridan yana biri bu malakalarni egallash hisoblanadi. Malakalar bu – ko‘p marta takrorlash natijasidagi yuzaga keladigan mashinal (ixtiyoriy) harakatlardir.

Mutaxassislar faoliyatda malakalar katta ahamiyatga ega bo‘lib, ular kuch, vaqt, e’tiborni tejaydi. O‘qitish o‘zining asosiy (didaktik) vazifasidan tashqari boshqa vazifalarni bajaradi:

Rivojlantiruvchi vazifa – o‘qitish jarayonida bo‘lg‘usi shevashunoslik va folklorshunoslik mutaxassisligi vakillarining aqliy, hissiy va irodaviy rivojlanishi, bilishga bo‘lgan intilishlarini va ijodiy faollikni shakllantirish va rivojlantirishni ta’minlashdan iborat bo‘ladi. Rivojlantiruvchi vazifa rivojlantiruvchi tamoyilga asoslananadi. O‘qitish jarayonini shunday murakkab darajada tuzish kerakki, uni bajarish magitrantdan ham aqliy ham irodaviy kuchlarni sarf etishni talab qilsin. O‘quv jarayoni magistrantda qoniqish hosil qilishi lozim. Har bir darsdan u nimadir olsin, bilish quvonchini his etsin, hayron bo‘lsin. Nimanidir bajara olishi hissini tuysin. Buning uchun o‘quv materialini juda ham sodda tuzmaslik kerak, talaba faqat uni qaytarib qolmasdan, balki bilimlar asosida topshiriqlarni mustaqil yecha olishi nazarda tutish kerak bo‘ladi.

Tarbiyalovchi vazifa o‘qitishning tarbiyalash prinsipiga asoslanadi. O‘qitish va tarbiyalash jarayonlari o‘zviy bog‘liqlikda bo‘ladi. Ularning umumiy maqsadlari bitta: bo‘lg‘usi mutaxassislikning mohiyatini va ijtimoiy muhimligini tushuntirish, zamonaviy, raqobatbardosh, yuksak ma’naviy va axloyi fazilatlarga ega bo‘lgan, Vatani va xalqiga sadoqatli yetuk mutaxassislarni tarbiyalab, voyaga yetkazishdan iborat.

O‘quv jarayonida tarbiya o‘qitish mazmunini amalga oshirish, uni to‘g‘ri tashkillashtirish va zarur usullarni qo‘llash orqali amalga oshiriladi.

Ta’lim berish vazifalarining yana bir yo‘li bu mustaqil o‘qish hisoblanib, bunda magitsrlarda mustaqil o‘qish uchun qiziqishni uyg‘otish, bilish ehtiyojini paydo qilishda ularga yordam berish, mustaqil aqliy mehnatning ko‘nikma va malakalarini shakllantirish vazifasi qo‘yiladi.

Kasb – bu mehnat faoliyatining barqaror turi. Ish-faoliyatning ma’lum tajriba, tayyorgarlik talab etiladigan biror turi, sohasi, hunar. Kasbda faqat aniq soha bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar emas, balki bir xil bo‘lgan umumkasbiy bilim va malakalarning ham bo‘lishi talab qilinadi. Masalan, shevashunos va folklorshunos o‘z sohasining malakali mutaxassisi sanalgani bilan u ko‘p sonli o‘qituvchilar armiyasining vakili hamdir. Demak, uning kasbiy faoliyatiga baho berishda o‘qituvchiga xos bo‘lgan sifatlar e’tiborga olinadi.

Mutaxassis – biror sohada maxsus bilim va tajribaga ega bo‘lgan kishi, ixtisos egasi.

Xulosa qilib aytish mumkinki, shevashunos o‘zbek xalq shevalari, folklorshunos o‘zbek xalq og‘zaki ijodi bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan, muayyan bilim va malakaga ega bo‘lgan tor soha vakili, ixtisoslik egasi sanaladi va ular filologik fanlar majmuasida o‘ziga xos o‘ringa egadir.





3. 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi filologiya fanlarini rivojlantirishning asosi sifatida
Mustaqillik yillarida ona tili, adabiyoti va mazkur fanlarni o‘qitishga bo‘lgan e’tibor tubdan o‘zgardi. Ayniqsa, tariximiz, milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimizning ming yillik tarixi ifodasi bo‘lgan ona tili taqdiri ustida jiddiy bosh qotirildi. 2016-yil 13-maydagi “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi PF-4797-sonli Farmon bu sohada amalga oshirilgan ishlarning eng muhimi bo‘ldi. Unda filologiya sohasi bo‘yicha to‘planib qolgan barcha muammolarning yechimini topib berish uchun ko‘rsatmalar berildi. Farmon tom ma’noda konseptual ahamiyat kasb etdi.

Farmonda yozilgan “Hozirgi tez o‘zgarayotgan globallashuv davrida o‘zbek tili va adabiyotining o‘ziga xos betakror xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, uning bugungi holati va istiqboli bilan bog‘liq masalalarni chuqur o‘rganish, bu borada olib borilayotan ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini kuchaytirish, ta’lim-tarbiya tizimining barcha bo‘g‘inlarida o‘zbek tili va adabiyoti fanini o‘qitishning hamda ushbu soha bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlashning sifatini tubdan oshirish” kerakligi haqidagi fikrlarda filologiya sohasini rivojlantirish istiqbollari belgilab berildi.

2017-yilning 7-fevral kuni e’lon qilingan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”da ham soha rivojiga alohida e’tibor qilindi.

Harakatlar strategiyasida bayon qilingan quyidagi bandlar buning yaqqol isbotidir:

4.4. Ta’lim va fan sohasini rivojlantirish:

– ta’lim va o‘qitish sifatini baholashning xalqaro standartlarini joriy etish asosida oliy ta’lim muassasalari faoliyatining sifati hamda samaradorligini oshirish, oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalarini bosqichma-bosqich ko‘paytirish;

– ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini rag‘batlantirish, ilmiy va innovatsiya yutuqlarini amaliyotga joriy etishning samarali mexanizmlarini yaratish, oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari huzurida ixtisoslashtirilgan ilmiy-eksperimental laboratoriyalar, yuqori texnologiya markazlari va texnoparklarni tashkil etish

4.5. Yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish:

– jismonan sog‘lom, ruhan va aqlan rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan, Vatanga sodiq, qat’iy hayotiy nuqtai nazarga ega yoshlarni tarbiyalash, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonida ularning ijtimoiy faolligini oshirish;

Sohani rivojlantirishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabr kungi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5850-sonli Farmoni ham muhim rol o‘ynadi.

Prezident nutqida ta’kidlanishicha, “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir. Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin.

Ona tilimiz – milliy ma’naviyatimizning bitmas-tuganmas bulog‘idir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir. Muhim vazifa fundamental tadqiqotlar, zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, sanoat, bank-moliya tizimi, yurisprudensiya, diplomatiya, harbiy ish, tibbiyot va boshqa tarmoqlarda davlat tilini to‘laqonli qo‘llash bilan bog‘liq. Muxtasar aytganda, har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim. Shuningdek, o‘zbek tilining o‘ziga xos xususiyatlari, shevalari, tarixiy taraqqiyoti, uning istiqboli bilan bog‘liq ilmiy tadqiqotlar samarasini oshirish, kadrlar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilashga erishmog‘imiz zarur. Bu ishlar uchun moliyaviy resurslar va mablag‘larni aslo ayamasligimiz kerak.

Dunyo miqyosida filologiyaning bir necha turi mavjud bo‘lib, har bir filologik faoliyat turi ijtimoiy hayotdagi tegishli muammolar bilan bog‘liq o‘ziga xos maqsad va vazifalarga ega.

Nazariy filologik faoliyat tilshunoslik va adabiyotshunoslik bo‘yicha fundamental bilimlarni egallash asosida ilmiy tadqiqotlar olib borish, mavjud nazariy filologik konsepsiyalar va alohida lisoniy, adabiy hodisa va jarayonlar, turli shakldagi matnlarni turli nazariy hukm va xulosalar chiqarish uchun tahlil va talqin qilish, umumlashtirish, tegishli ilmiy ma’lumotlarni to‘plash, olib borayotgan tadqiqot bo‘yicha annotatsiya, referat tayyorlash, bibliografiya tuzish, mavzu va soha bo‘yicha ilmiy munozara, himoya va muhokamalarda ishtirok etish, axborot va ma’ruzalar bilan chiqish qilish, ilmiy xulosalarni og‘zaki, yozma va virtual tartibda (axborot tarmoqlariga) taqdim etish kabilarni o‘z ichiga olib, bu vazifalar vatanimiz filologiya sohasining bosh nazariy yo‘nalishi doirasida birlashadi hamda, asosan, amaliy tatbiq bosqichigacha bo‘lgan faoliyat hisoblanadi. 

Ta’limiy filologik faoliyatda ilmiy-tadqiqot faoliyati natijalariga tayanib, oliy, umumta’lim va kasbiy ta’lim muassasalarida til va adabiyot bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari va sinfdan tashqari ishlarni bajarish, tegishli metodika asosida ona tili va adabiyot bo‘yicha mashg‘ulotlar va sinfdan tashqari ishlar uchun o‘quv-metodik materiallar tayyorlash, filologik bilimlarni va o‘quvchilar bilan olib boriladigan tarbiyaviy ishlarni ommalashtirish va tarqatish bilan shug‘ullaniladi. 

Mamlakatimizdagi bu ikki filologik faoliyat turi natijalarini bemalol rivojlangan davlatlar ilmi va ta’limi samaradorligi darajasida deyish mumkin.

Shuningdek, bugungi kunda rivojlangan davlatlarda filologik faoliyatning uchinchi bir sohasi – amaliy filologik faoliyat turi ham shakllanib ulgurdi va jadal rivojlanmoqda. Amaliy filologik faoliyat turi bo‘yicha mutaxassis kadrlar tayyorlanmoqda, ko‘plab amaliy lingvistik tadqiqotlar bajarilmoqda. 

Nazarimizda, respublikamiz iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalaridagi yuksalish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining tez rivojlanayotganligi bizda ham amaliy filologik ta’lim va faoliyatni, bu borada istiqbolli va maqsadli ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilishini rasman yo‘lga qo‘yish hamda har tomonlama rivojlantirish o‘ta dolzarb vazifalardan. 

Amaliy filologik ta’limni yo‘lga qo‘yish, amaliy filologik faoliyat olib borish va bunga doir tegishli tadqiqot ishlarini amalga oshirish ehtiyoji ijtimoiy hayotimizda ancha ilgari vujudga kelgan edi. Bunga doir ayrim dalillarni keltiramiz.

Amaliy filologiya mutaxassisligi soha bo‘yicha malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlaydi va bo‘lajak tadqiqotchilarda ilmiy izlanish kompetensiyasiga urg‘u beriladi. Shu boisdan ularning ixtisoslik bo‘yicha professional kompetensiyasi amaliy filologiyaga doir yangi ilmiy natijalar, ilmiy adabiyot yoki ilmiy-tadqiqot loyihalarini tahlil qilish, sohadagi fundamental, innovatsion va amaliy tadqiqot ishlarini olib borish, shu xil tadqiqot ishlari metodologiyasini aniqlash, tanlash, egallash va ishlab chiqa olish, amaliy filologiyaning amaliy va nazariy masalalarini yechish uchun “ishlaydigan” ilmiy xulosa va tavsiyalar berish, axborot texnologiyalaridan unumli va samarali foydalanish, sohaga oid davr talablaridan kelib chiqayotgan muammolarning nazariy va amaliy yechimlarini belgilash, bajarayotgan tadqiqotlari mavzusi bo‘yicha ilmiy sharhlarni ishlab chiqish bilim, ko‘nikma va malakalar markaziy o‘rinni egallaydi.

Til egalarining lisoniy imkoniyatlardan pragmatik foydalanish samaradorligi masalalari bilan shug‘ulladigan o‘zbek amaliy tilshunosligining milliy xarakterdagi sotsiolingvistika, etnolingvistika, psixolingvistika, pragmalingvistika, lingvokognitologiya, lingvokulturologiya, neyrolingvistika, kompyuter lingvistikasi, korpus lingvistikasi, sud lingvistikasi kabi zamonaviy fan yo‘nalishlari rivojlanishi ijtimoiy taraqqiyot talablari bilan uyg‘un.


Yüklə 35,15 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin