2. Psixologiya tarixi Psixologiya haqidagi fikrlar qadim zamonlardan beri mavjuddir. Ilk davrlarda psixologik
xususiyatlarni jonning ishi deb tushunilgan. Jonning o`zini esa odam tanasidagi maxsus ikqilamchi jism
deb qaralgan. Bunday tasavvurlar “animizm” deb atalgan (anima - jon). Jon o`z mohiyatiga ko`ra
olovsimon uchqunchadan (Geraqlit) yoki olov atomidan (Demokrit) iborat deb tushunilgan.
Platonning “ideyalar tug`ma bo`ladi” degan g`oyalar psixologik fikr taraqqiyotiga juda katta hissa
qo`shdi. Platon ta`limotiga ko`ra, “ideyalar” abadiy va o`zgarmas mohiyatdir, ularning tabiiy olamidan
tashqarida oliy olam mavjud bo`lib, ularni odam ko`zi bilan ko`ra olmaydi. Platon psixologiyada
“dualizm” oqimining asoschisi hisoblanadi. Dualizm ta`limoti moddiy va ruxiy olam, tana va psixikaning
bir-biriga bog`liq bo`lmagan holda mavjud bo`lib, azaldan qarama - qarshi narsalar deb tushuntiradi.
Platonning dualizmi uning shogirdlaridan Arastu (Aristotel’ eramizdan oldingi IV asr- 384-322 yillar)
tomonidan bir muncha muvaffaqiyatli bartaraf etildi. Aristotelning “Jon haqida” asari o`sha davrdayoq
psixologiya maxsus fan sifatida maydonga kela boshlaganligidan dalolat beradi.
Ana shu tufayli psixologiya jon haqidagi fan sifatida maydonga kelgan. Hozirgi kunda psixologiya fani
o`z mazmunini batamom o`zgartirgan. Arastu kishilik tafakkuri tarixida birinchi bo`lib rux va jonli
tananing ajralmasligini isbotlab berdi. Jon qismlarga bo`linmaydi, lekin u faoliyatning oziqlanishi, his
etishi va harakatga kelishi aql - idrok kabi turlarga oid qobiliyatlarda namoyon bo`ladi. Birinchi
qobiliyatlar o`simlik uchun, birinchi va ikkinchisi hayvonlar uchun, uchinchisi odamlar uchun xosdir.
O`simliklar, hayvonlar ruxi va aql - idrokli odam ruxi ta`limoti bilan Arastu oliy qobiliyatlar va ularning
negizida paydo bo`lishini bildiradigan rivojlanish tamoyilini joriy etdi. Arastu organizmning tabiatdan
olgan qobiliyatlarni faqat o`zining xususiy faolligi orqali ro`yobga chiqarishga asoslangan holda
xarakterning faoliyatda shakllanishi to`g`risidagi nazariyani ilgari surdi. Geraqlit, Demokrit, Aflotun,
Arasto`larning ta`limotlari keyingi asrlarda psixologik g`oyalarni rivojlanishida tayanch nuqta bo`lib
hisoblanadi. Asta - sekin rux haqidagi tushuncha hayotning barcha ko`rinishlariga emas, faqat hozir biz
psixika deb atayotgan darajaga nisbatan qo`llanila boshlandi. Psixika kategoriyasining zamirida ong
haqidagi tushuncha maydonga keldi.
Sharqda psixologik qarashlarning paydo bo`lishida buyuk Sarq mutafakkirlarining roli katta bo`lgan.
Ular orasida - Al Xorazmiy (783-850 yillar), Al Forobiy (873-950 yillar), Abu Rayxon Beruniy (973-
1048 yillar), Abu Ali Ibn Sino (980-1037 yillar), Mirzo Ulug`bek (1394-1449 yillar) kabilar o`zlarining
inson psixikasi va yosh avlodni tarbiyalashga doir boy fikrlar va qarashlarini meros sifatida qoldirganlar.
Ular orasida ayniqsa Abu Ali ibn Sinoning mantiq, metafizika, tabiiy fanlar (ayniqsa tibbiyot) haqidagi
fikrlari o`sha davr ilmiy taraqqiyotiga katta hissa qo`shdi. U maxsus psixologik muammolar bilan
shug`ullangan olimlardan biridir. Uning rux haqida, asab tizimi haqidagi qarashlari katta ahamiyatga ega.
Ayniqsa, Abu Ali ibn Sinoning temperament (asab tizimi) xususiyatlariga qarab yondashish zarurligi
haqidagi fikrlari ming yildan so`ng ham, zamonaviy psixologiyada o`z qimmatini yo`qotmagan. Abu Ali
ibn Sino dunyoda birinchi bo`lib psixoterapevtik usullarni qo`llab ko`rgan olimlardan biridir.