Iqtisodiyotda naqd pullar aylanishini tashkil qilish tamoyillari va naqd pullar oqimlari harakatining sxemasi Naqd pul aylanishini tashkil qilish aslida moliya tizimining qurilishi bilan chambarchas bog'liq. Masalan, hisob-kitob vositalari ushbu shaklining to'liq faoliyat yuritishi uchun nafaqat bu to'lov vositalaridan foydalanishga tayyor bo'lgan sub'ektlar mavjudligi, shu bilan birga buni amalga oshirishga imkon beradigan muayyan tuzilma ham zarur bo'ladi. Xususan, naqd pul mablag'lari emissiya qilinishi (bosilishi) kerak. Odatda, emissiya jarayonida har bir pul belgisiga nafaqat muayyan tashqi ko'rinish, shu bilan birga soxta belgilar yasalishidan himoyalash uchun o'zining himoya vositalari qo'yiladi. Bunday himoya vositalari ikki xildagi ahamiyatga ega. Bir tomondan, ular bank uchun ortiqcha, unga mansub bo'lmagan pul belgilarining paydo bo'lmasligiga kafolat bo'ladi, boshqa tomondan – iqtisodiy sub'ektga haqiqiy pul belgilarini soxta belgilardan ajratib faqat haqiqiy pul belgilaridan foydalanish imkonini beradi.
Shundan keyin naqd pul aylanishini tashkil etish uchun emissiya tizimining barcha bo'g'inlari: markaziy bank va hisob-kitob-kassa markazlarining (yoki naqd pul mablag'larini aylanishga chiqarishga imkon beradigan boshqa tuzilmalarning) amal qilishi zarur.
Naqd pullar aylanishining amal qilishiga doir quyidagicha asosiy tamoyillar ajratib ko'rsatiladi:
1) moliya muassasalari-emitentlarning mavjudligi;
2) bozor qatnashchilarining mablag'larni sarflash yuzasidan iqtisodiy erkinligi;
3) ta'sis etilgan milliy pul birligining amal qilishi;
4) nazorat qiluvchi organlar oldida tushumlar va xarajatlar hajmlari uchun hisobotchilikni amalga oshirish mumkinligi;
5) pul mablag'lariga egalik qilishning legitimligi.
Naqd pul mablag'larining to'laqonli aylanishi imkoniyatiga ega bo'lish uchun iqtisodiy tizim rivojlanishning muayyan darajasiga erishgan bo'lishi kerak. Xo'jalikda naqd pullar oqimlari harakatining muayyan kanallarini ajratish mumkin:
1) pul mablag'larining markaziy bankdan mintaqalardagi hisob-kitob-kassa markazlariga va u yerdan yana markaziy bankka ko'chirilishi.
Bunday ko'chirish pul mablag'larini emissiya qilish, ularni muomaladan olib qo'yish yoki yaroqsiz holga kelgan kupyuralarni yangilari bilan almashtirish jarayonlarini amalga oshirish zarurligi bilan bog'liq;
2) pul mablag'larining hisob-kitob-kassa markazlari kassalaridan banklarga yoki korxonalar kassalariga ko'chirilishi. Bu ish haqini naqd pullar bilan berish yoki boshqa operatsiyalarning bajarilishi bilan bog'liq. Odatda, bunday ko'chirishdan oldin ushbu tashkilotlarning hisobvaraqlari bo'yicha pul mablag'larining naqd pulsiz o'tkazilishi amalga oshiriladi;
3) pul mablag'larining korxonalar kassalari, banklar va boshqa muassasalardan iqtisodiyotning boshqa sub'ektlariga: uy xo'jaliklariga ish haqi, stipendiyalar, pensiyalar, nafaqalar yoki korxonalarga xizmatlar, tovarlar uchun haq to'lash sifatida ko'chirilishi;
4) naqd pul mablag'larining tovarlar sotib olinganligi yoki xizmatlar ko'rsatilganligi, shuningdek, muayyan moliyaviy operatsiyalarning (birjadagi o'yin, sug'urtaning xarid qilinishi, xususiy pensiya fondlariga ajratmalar va hokazo) o'tkazilganligi munosabati bilan uy xo'jaliklaridan korxonalar va muassasalarga ko'chirilishi;
5) naqd pul mablag'larining resurslarning qayta taqsimlanishi, ularning oilaning turli a'zolari o'rtasida yanada samarali foydalanilishi uchun bir xo'jalik ichida ko'chirilishi.