1-mavzu: “Soliq nazariyasi” fanining predmeti, mazmuni va


Amir Temur va temuriylar davrida soliqlar, soliqqa tortishning xususiyatlari



Yüklə 1,1 Mb.
səhifə8/57
tarix22.12.2023
ölçüsü1,1 Mb.
#189897
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   57
1-mavzu “Soliq nazariyasi” fanining predmeti, mazmuni va

4. Amir Temur va temuriylar davrida soliqlar, soliqqa tortishning xususiyatlari.

Amir Temur insoniyat tarixida yirik davlat arbobi va o‘rta asrning engilmas, betakror lashkarboshisi sifatida Markaziy Osiyo hududida yirik saltanat barpo qilib, o‘z saltanati tarkibiga hozirgi 27 ta davlatni birlashtirdi. U hamisha o‘z davlat tizimini takomillashtirib borishni o‘ylar, mo‘g‘ullardan farqli o‘laroq, boshqa o‘lkalarni zabt etishnigina emas, balki aksincha, u yerlarni idora qilish to‘g‘risida ham qayg‘urar edi.


Shu bilan birgalikda davlatni adolatli idora etishda soliq siyosatining o‘rni beqiyos ekanligini yaxshi tushunar edi. Amir Temurning soliqlar masalasi bilan jiddiy shug‘ullanganligini isbotlaydigan qator dalillar bor.
Amir Temur soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari uning farzandlariga siyosiy vasiyati bo‘lmish “Temur tuzuklari” da ifodalangan: “Amr etdimki, raiyatdan mol-xiroj yig‘ishda ularni og‘ir ahvolga solib qo‘yishdan yoki mamlakatni qashshoqlikka tushirib qo‘yishdan saqlanish kerak. Negaki, raiyatni xonavayron qilish (davlat) xazinasining kambag‘allashishiga olib keladi. Xazinaning kamayib qolishi esa sipohning tarqalib ketishiga sabab bo‘ladi. Sipohning tarqoqligi, o‘z navbatida, saltanatning kuchsizlanishiga olib keladi”6.
Soliqlarni hisoblash qoidalari ham ishlab chiqilgan: “Yana amr qildimki, xirojni ekindan olingan hosilga va erning unumdorligiga qarab yig‘sinlar. Chunonchi, doim uzluksiz ravishda koriz, buloq va daryo suvi bilan sug‘oriladigan ekin yerlarini hisobga olsinlar va unday yerlardan olinadigan hosildan ikki hissasini raiyatga, bir hissasini oliy sarkorlik (saltanat xazinasi) uchun olsinlar. Lalmikor yerlarni esa, jariblarga bo‘lsinlar, hisobga olingan bu yerlardan (soliq olishda) uchdan bir va to‘rtdan bir qoidasiga amal qilsinlar7. Ushbu jumlalardan ko‘rishimiz mumkinki, soliq yerning lalmikor va sug‘oriladigan qismlaridan alohida-alohida tartibda undirilgan. Bundan tashqari yangi yerlar o‘zlashtirishni rag‘batlantirish maqsadida soliq imtiyozlari ham belgilangan: “Yana amr etdimki, kimki biron sahroni obod qilsa, yoki koriz qursa, yo biron bog‘ ko‘kartirsa yoxud biron xarob bo‘lib yotgan yerni obod qilsa, birinchi yili undan hech narsa olinmasin, ikkinchi yili raiyat o‘z roziligi bilan berganini olsinlar, uchunchi yili esa oliq-soliq qonun-qoidasiga muvofiq xiroj yig‘ilsin”8.
Mahsulot tarzidagi soliqni soliq puli bilan almashtirib turish mumkin bo‘lgan: “Agar raiyat ro‘yxatga olingan yerlaridan beriladigan soliqni naqd aqcha bilan to‘lashga rozi bo‘lsa, naqd aqcha miqdorini sarkorning hissasi hisoblangan g‘allaning mazkur davridagi narxiga muvofiq belgilasinlar”9. Amir Temur olib borgan soliq siyosatining muhim xususiyatlari sifatida shuni ham ta’kidlab o‘tish lozimki, u tomonidan zabt etilgan o‘lkalarga nisbatan alohida soliq siyosati yuritilgan. “Agar yerlik fuqaro azaldan berib kelgan xiroj miqdoriga rozi bo‘lsa, ularning roziligi bilan ish ko‘rsinlar, aks holda (xirojni) tuzukka muvofiq yig‘sinlar”10.
Amir Temur farmoyishiga binoan soliq undirish ishlari rahm-shavqatga asoslangan bo‘lishi lozim: “Amr qildimki, hosil pishib etilmasdan burun raiyatdan molu jihot olinmasin. Hosil etilgach, hosilni uch bo‘lib olsinlar. Agar raiyat soliq to‘lovchi yubormasdan, soliqni o‘zi keltirib bersa. U holda u yerga soliq to‘plovchi yubormasinlar. Agarda oliq-soliq oluvchini yuborishga majbur bo‘lsalar, ular soliqlarni buyruq berish va yaxshi so‘z bilan olsinlar, kaltak, arqon ishlatish, ishni urish-so‘kishgacha olib bormasinlar. Ularni band etib, zanjir bilan kishanlamasinlar. Yana buyurdimki, xirojni raiyatdan kaltaklash va savalash yo‘li bilan emas, balki ogohlantirish, qo‘rqitish va tushuntirish yo‘li bilan undirsinlar. Qaysi hokim hukmining ta’siri cho‘p va kaltaklash ta’siridan kamroq bo‘lsa, unday hokim hukumat yurgizishga yaroqsizdur”11.
Ma’lumki, Amir Temurgacha soliq to‘lovchilarning ish haqi soliq to‘lovchilar hisobiga bo‘lib, ular qonunda ko‘zda tutilmagan soliqlarni undirishga ham harakat qilar edilar. Amir Temur soliq undiruvchilarga xalqning ustiga yuk bo‘lmasligi uchun ularga maosh tayinladi.
Amir Temur davrida mamlakat iqtisodiyotida qishloq xo‘jaligi muhim ahamiyatga ega hisoblangan. Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini asosan yer egalari bo‘lgan dehqonlar va yerga ishlov beruvchi ijarachilar amalga oshirganlar. Bu davrda asosan dehqonchilik bilan bog‘liq bo‘lgan xiroj va ushr soliqlari amal qilgan. Bundan tashqari mamlakatda bog‘dorchilik va chorvachilik rivojlanishi uchun mol sardaraxt, mol o‘tloq, mol suvoq, mirobona soliqlari ham amal qilgan. Yer solig‘i etishtirilgan hosilga va yerning sifatiga qarab hosilning 1/10 dan (ushr) to 1/3 qismigacha miqdorida olingan. Savdogarlar va hunarmandlar tamg‘a yoki zakot to‘lashgan, chegaradan o‘tgan mollar hisobidan ham boj olingan. Bu soliqlar davlat xazinasining asosiy manbai hisoblangan.
Yuqoridagi soliqlardan tashqari favqulodda soliqlar ham amal qilgan bo‘lib, ularga: molujihot - yer solig‘ining bir turi; tag‘or - oziq-ovqatlarni rekviziya qilishda qo‘llanadigan natura solig‘i; ixrojot - saroylarga qarash uchun maxsus yig‘im; boj - savdogarlardan chegarani kesib o‘tishda undiriladigan bojxona solig‘i; sarmushar - jon solig‘i; xonamushar - har bir xonadondan olinadigan yig‘im; qo‘nalg‘a - elchi, amaldorlar, choparlarni bepul qabul qilish va mehmon qilish yig‘imi; shilon puli – noiblarni ziyofat qilish yig‘imi; peshkash - yuqori mansabdagi amaldorlarga sovg‘a berish uchun yig‘imlarni kiritish mumkin.
Amir Temurning o‘zbek davlatchiligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan katta xizmatlaridan biri davlat boshqaruv tizimining mumtoz namunalarini qayta tiklash bilan chegaralanmasdan, zamon talablarini ko‘zda tutib, yangi usullarni joriy qilishidir. Uning strategiyasida insonparvarlikka asoslangan mukammal jamiyat qurish g‘oyasi markaziy o‘rin tutadi. Ungacha xazinani idora qilish nafaqat dargoh tamoyiliga asoslangan bo‘lsa, u dargoh va vazirlik tamoyillarini qo‘shib olib bordi. Xazina daromadlari soliqli va soliqsiz daromadlarga ajratildi. Xazina xarajatlari tarkibidan obodonchilik, ijtimoiy-madaniy, shu jumladan, fan, madaniyat, ijtimoiy ta’minot xarajatlarining hissasi ortib bordi. Bularning hammasi mamlakatning iqtisodiy va madaniy jihatdan mustahkamlanishi, uning xalqaro mavqeini oshirishda faol ta’sir etdi.
Amir Temur Markaziy Osiyo iqtisodini rivojlantirishga, fan va madaniyatni qanchalik ko‘tarishga uringan bo‘lmasin, shafqatsiz to‘lqinlar u tashkil etgan buyuk saltanatni parchalanishiga, parokanda bo‘lishiga olib keldi. Uning vafotidan so‘ng avlodalari o‘rtasida taxt uchun kurash uzoq davom etib, shahzodalar o‘rtasida olib borilgan kurash o‘lkaning moliya-soliq tizimiga ta’sir ko‘rsatmay qolmadi. Harbiy xarajatlarning ko‘payib borgani sari uning manbai hisoblangan soliq tizimi izdan chiqdi.
XV asr davomida Movaraunnaxr va Xurosonda avvalgidek yer mulkchiligining asosan to‘rt shaklidagi: mulki devoniy - davlat yerlari, mulk - xususiy yerlar, mulki vaqf - madrasa va masjidlar tasarrufidagi yerlar va nihoyat jamoa yerlari bo‘lgan. Dehqonchilik yerlarining eng katta qismi davlat mulki hisoblangan. Bu yerlarga, avvalgidek, mamlakat hukmdori sulton yoki amirlar egalik qilgan. Temuriylar davrida davlat yerlarini suyurg‘ol tarzida in’om qilish ham keng tarqalgan. Suyurg‘ol yerlar hajmi, sharti hamda yer va yorliqqa ega shaxslarning tabaqasi jihatidan turlicha bo‘lgan. Odatda, shahar yoki viloyatlardan to alohida qishloqqacha suyurg‘ol shaklida in’om etilgan. Butun bir shahar yoki viloyat ko‘pincha hukmron sulola namoyondalari yoki yirik harbiy va davlat mansabdorlariga berilgan. Amir Temur davrida bo‘lganidek temuriylar davrida ham suyurg‘ollarni ulashish amaliyoti keng tarqaldi. Markaziy hokimiyat vakillari - Shohrux, Ulug‘bek, Abu Said, Sulton Husayn yoki uluslarni boshqargan shahzodalar yerlarga meros tarzida egalik qilish uchun ulashganlar.
Suyurg‘ol egasiga o‘z suyurg‘oli doirasida amaldorlar tayinlash, soliqlar va turli to‘lovlarni to‘plash hamda aybdorlarni jazolash huquqi berilgan. Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, Shohrux davrida Xorazm - Shoh Malik; Farg‘ona – Mirzo Ahmad; Tus, Mashhad, Obivard, Nisoni o‘z ichiga olgan Xuroson - Boysung‘ur; Qobul, G‘azna va Qandahor viloyatlari Mirzo Qaydu bahodirning suyurg‘oli edi. Suyurg‘ol yorlig‘iga ega bo‘lgan viloyat hukmdorlari markaziy hokimiyatga faqat nomigagina qaram bo‘lib, odatda, ular deyarli mustaqil edi. Suyurg‘ol egalari tobeligini kuchaytirish maqsadida markaziy hokimiyat ba’zan ular tasarrufidagi yer maydonlarini qisqartirar yoki ularning ma’muriy va adliya jihatidan haq-huquqini cheklab qo‘yar edi. Suyurg‘ol egasi markaziy hukumatga bo‘ysunmagan taqdirda suyurg‘ol huquqidan mahrum bo‘lar va hokim uning viloyatini boshqa shaxsga berar edi.
Temuriylar davrida dehqonchilik maydonlarining ikkinchi kattagina qismi xususiy yerlardan iborat bo‘lib, yirik mulkdorlarning katta yer maydonlari ham, mehnatkash ziroatchilarning mayda paykallari ham xususiy mulk qatoriga kirgan. Mulk yerlarining katta qismi ma’muriy, harbiy va diniy arboblarning tasarrufida bo‘lgan. Bosh hukmdor tomonidan yirik mulk egalariga biron xizmati uchun tarxonlik yorlig‘i berish keng tarqalgan. Tarxonlik yorlig‘ini olgan mulkdorlar, asosan barcha soliq, to‘lov va majburiyatlardan ozod qilingan. Tarxonlik yorlig‘i, odatda amirlar, beklar, saroy amaldorlari, sayyidlar va boshqa yuqori tabaqa vakillariga berilgan. Bunday yorliqni olgan mulkdor ismiga tarxon so‘zi qo‘shib aytilgan.
Ulug‘bek davrida Samarqand yana ravnaq topdi. Bu davrda san’at va ilm-fan rivoji uchun shu qadar katta ishlar qilindiki, bu davrni “Samarqandning oltin davri” deb atay boshlashdi. U soliq siyosatida dehqonlardan olinadigan soliqlarni kamaytirdi va dehqonlar faravonligini o‘stirishga imkon yaratdi. Tushumlar qisqarishining o‘rnini esa tamg‘a - hunarmand va savdogarlardan olinadigan yig‘imni ko‘paytirish hisobiga to‘ldirdi.
Temuriylar davridagi soliqlarni o‘rganishda ayrim faktlarni keltirib o‘tish o‘rinli. Masalan, temuriylardan Husayn Boyqaro mamalakatdagi isyonlar tufayli xarajatlar ko‘payganini hisobga olib, Hirot hokimi Muboriziddin Valibekka nishon yuborib, yangi xarajatlar uchun Hirot va uning tevarak atrofidagi tumanlardan 100 ming dinor kepakiy to‘plab jo‘natishni buyurdi. Hirot hokimi tumanlardan faqat yarmini, qolganini esa aholidan sarmushar, ya’ni jon solig‘i sifatida undirishga qaror qildi. Bunday mehnatkash xalqqa judayam qiyin bo‘lgan bir sharoitda Alisher Navoiy Hirot aholisi zimmasiga tushgan 50 ming dinorni o‘z jamg‘armasi hisobidan to‘ladi.
Yuqoridagilardan xulosa qilib aytish mumkinki, Amir Temur va temuriylar davrida bir qadar tartibli soliq tizimi amal qilgan.



Yüklə 1,1 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   57




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin