2. Sug’urta fondidan foydalanish bilan bog’liq atamalarga quyidagilar kiradi:
Bosh polis - sug’urta kompaniyasi va sug’urtalanuvchi o’rtasidagi yozma
bitim. Bu bitimga muvofiq, tegishli davr mobaynida sug’urtalanuvchi barcha
ob’ektlarni sug’urta kompaniyasiga sug’urtalash uchun beradi. Chet el tajribasida
bu bitim «ochiq polis» yoki «polis-abonament» deyiladi. Mazkur bosh polis
asosida sug’urtalash tashqi savdo yuklari sug’urtasida keng tarqalgan.
Sug’urtalanuvchi sug’urta kompaniyasiga har bir jo’natilgan yuk haqidagi
ma’lumotlar (yukning vazni, sug’urta summasi, yukni jo’natish va qabul qilib olish
punktlari) bayon etilgan arizani taqdim etsa etarli, yuk avtomatik ravishda
sug’urtalangan hisoblanadi.
Kvotali qayta sug’urtalash - sug’urta kompaniyasi qayta sug’urtalovchi
kompaniya bilan kelishgan holda unga risklarni bir qismini beradi. Bu operatsiya
kvota shartnomasi orqali rasmiylashtiriladi. Qayta sug’urtalovchi kompaniyaga
sug’urta mukofotini tegishli qismi beriladi va qayta sug’urtalovchi kompaniya
mutanosib ravishda ko’rilgan zararni qoplashda ishtirok etadi.
Vositachilik haqi - mijozlarni sug’urtaga tortganligi uchun sug’urta
kompaniyasi tomonidan vositachilarga (sug’urta brokeri, agent) to’lanadigan haq.
Vositachilik haqining miqdori sug’urtaning turiga va kelib tushgan mukofotning
hajmiga bog’liq holda sug’urta mukofotiga nisbatan foizlarda to’lanadi.
Sug’urta polisi - sug’urta shartnomasi tuzilganlik faktini tasdiqlovchi hujjat.
Sug’urta polisida quyidagi rekvizitlar bo’lishi shart: sug’urta kompaniyasining
yuridik manzili, sug’urtalanuvchining nomi, sug’urta ob’ekti, sug’urta
mukofotining miqdori, shartnomaning amal qilish muddati. Sug’urta qoplamasini
to’lashda sug’urtalanuvchi sug’urta polisini sug’urta kompaniyasiga taqdim etishi
zarur.
Sug’urta dalolatnomasi - sug’urta hodisasi ro’y berganda sug’urta
kompaniyasi tomonidan tuziladigan hujjat. Dalolatnomada mol-mulkning
zararlanish yoxud nobud bo’lish sabablari, ko’rilgan zarar miqdori va boshqa
ko’rsatkichlar bo’ladi. Dalolatnomaga, zarur hollarda sug’urta hodisasi va mol-
mulkning zararlanganligini tasdiqlovchi tegishli tashkilotlarning (yong’inga qarshi
kurash, davlat avtomobil nazorati, qishloq xo’jaligi, veterinariya xizmati va
boshqalar) yozma hulosasi ilova etiladi. Xalqaro sug’urta munosabatlarida sug’urta
dalolatnomasini adjaster yoki avariya komissari tuzadi va mohiyatan avariya
sertifikatiga yaqinlashadi.