6-mavzu. Korrupsiya va unga qarshi kurash.
Korrupsiya tushunchasining mazmuni. Korrupsiyaning turlari va ularning evolyusiyasi. Korrupsiyaning vujudga kelish sabablari. Korrupsiyani o‘lchash. Korrupsiyani ijtimoiy taraqqiyotga ta’siri. Korrupsiyaning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga salbiy ta’siri. O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish yunalishlari va usullari. O‘zbekiston Respublikasining “ Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunining mazmuni va axamiyati. Korrupsiyaga qarshi kurashishning istiqbolli yunalishlari.
Korrupsiya (lat.corruptio - aynish, poraga sotilish) - mamlakat iqtisodiy resurslariga, davlat mulkini taqsimlash jarayonlarida uning bir qismiga ega bo‘lish maqsadida uyushgan jinoiy guruhning shaxsiy boylik orttirish maqsadlarini va urug‘-aymoqlarining manfaatlarini davlat manfaatlaridan ustun qo‘yuvchi davlat xizmati amaldorlarini o‘z domiga ilintirib, ulardan foydalanishi va ular bilan birikib, qo‘shilib ketishidir. Korrupsiya - xavfsizlikka tahdid soluvchi hodisa va xufyona iqtisodiyotning ko‘rinishidir.
Xalqaro hujjatlarda birinchi bor korrupsiya tushunchasiga BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasi bilan 1979 yil 17 dekabrda qabul qilingan “Huquqiy tartibotni saqlash bo‘yicha mansabdor shaxslarning xulq-atvor kodeksi”da to‘xtalingan bo‘lib, unda korrupsiya deganda “... mansabdor shaxsning har qanday shakldagi mukofot evaziga o‘z mansab vakolatlari doirasida mazkur mukofotni beruvchi shaxs manfaatlarini ko‘zlab, lavozim yo‘riqnomasi qoidalarini buzgan holda yoki buzmasdan muayyan harakatlarni bajarishi yoki harakatsizligi” tushuniladi deyilgan. BMT Bosh Assambleyasining 1990 yil Gavanada korrupsiya muammolariga bag‘ishlab o‘tkazilgan mintaqalararo seminarida qabul qilingan Davlat xizmatchilari uchun xalqaro xulq-atvor kodeksida “korrupsiya
bu mansabdor shaxslarning shaxsiy yoki guruh manfaatlarini ko‘zlab mansabini suiiste’mol qilish, shuningdek, davlat xizmatchilari tomonidan o‘zlari egallab turgan xizmat vazifalaridan g‘ayriqonuniy foydalanish ko‘rinishlaridir”, deyiladi.
Yevropa Kengashi guruhining korrupsiya muammolari bo‘yicha 1995 yil 22-24 fevralda Strasburgda o‘tkazilgan birinchi sessiyasida “korrupsiya - davlat yoki xususiy tizim mansabdor shaxslarini ularning mansab vakolatlari doirasida o‘zlarining vazifalarini buzib bajarishlari uchun ularni pora evaziga og‘dirib olinishidir”, deb ta’rif berilgan.
BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasida korrupsiyaga eng qisqa, lekin keng qamrovli ta’rif quyidagicha berilgan: “Korrupsiya - bu shaxsiy naf ko‘rish maqsadida davlat hokimiyatini suiiste’mol qilishdir”. Korrupsiya - mansabdor shaxsning o‘z mansabi bo‘yicha berilgan huquqlarini shaxsiy boylik orttirish maqsadlarida bevosita suiiste’mol qilishidan iborat jinoyat. Mansabdor shaxslarni sotib olish, ularning poraga sotilishi ham korrupsiya deyiladi. Korrupsiya davlat apparati va parlament faoliyatida avj oladi. Saylanadigan lavozimlarga va deputatlikka nomzodlar saylov kompaniyasini o‘tkazishda xarajatlarni to‘lash korrupsiya ko‘rinishlaridan biridir. Keyinchalik saylangan kishi turli imtiyozlar, yordam, xizmatlar ko‘rsatib “o‘z qarzini” qaytaradi, uzadi. Aksariyat korrupsiya lobbizm (monopoliyalarning qonunchilik organlari va amaldorlarga tazyiq o‘tkazish bilan shug‘ullanadigan muassasa va agentlari tizimi) bilan bog‘langan.
O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi qonuniga binoan korrupsiya - shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish; korrupsiyaga oid huquqbuzarlik - korrupsiya alomatlariga ega bo‘lgan, sodir etilganligi uchun qonun hujjatlarida javobgarlik nazarda tutilgan qilmish; manfaatlar to‘qnashuvi - shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorlik shaxsning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyat.
Umuman olganda, korrupsiya - bu o‘z xizmat lavozimidan shaxsiy manfaatlar yo‘lida foydalanishdir. U yashirin iqtisodiyotning asosiy turlaridan biri hisoblanadi. Shu sababdan, korrupsiyaning iqtisodiy tahlili faqatgina kapitalistik dunyoda emas, balki sobiq ittifoq hududida ham keng rivoj topgan.
N. Makiavelli korrupsiyaga qiziqarli ta’rif bergan: shaxsiy manfaatlar yo‘lida jamoa imkoniyatlaridan foydalanish. Korrupsiya - bu faqatgina poraxo‘rlik emas, uning ko‘lami ancha keng. Bu tushuncha o‘zida ham poraxo‘rlikni (kasbiy burchi
ni bajarmaslik uchun mukofot berish), ham nepotizmni, ham shaxsiy maqsadlarda jamoa mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirishni mujassamlashtiradi. Ko‘pincha korrupsiya deganda hukumat byurokratlari tomonidan shaxsan boyib ketish uchun fuqarolardan pora, noqonuniy pul daromadlari olish tushuniladi. Kengroq ma’noda olganda korrupsion munosabatlarning ishtirokchilari bo‘lib faqatgina davlat amaldorlari emas, balki firma menejerlari bo‘lishlari mumkin; porani faqatgina pul bilan emas, balki boshqa shakllarda berish mumkin; korrupsion munosabatlarning tashabbuskorlari sifatida davlat amaldorlari emas, balki tadbirkorlar namoyon bo‘ladi.
Iqtisodchi Berdhenning fikriga ko‘ra, makroiqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichiga eng katta salbiy to‘lqinni olib kiruvchi omil aynan korrupsiya hisoblanadi. Uning ko‘rinishlari turlicha bo‘lishi mumkin: poraxo‘rlik, tovlamachilik, firibgarlik, nepotizm (shaxsiy aloqalar asosida “o‘z qanoti ostiga olish”) va h.k. (5.1.1-rasm).
nepotizm
tovlamachilik
rasm. Korrupsiyaning asosiy turlari
Poraxo‘rlik xufyona iqtisodiyotning bir turi bo‘lib, turli konsultantlar, agent, vositachilarga, rasmiy shaxslarga xizmatlariga haq to‘lash ham hisoblanadi. Bunda pora beruvchi naf yoki foyda olish kabi maqsadlarini amalga oshirish maqsadida unga sharoit
yaratib beruvchi mansabdor, vakolatli shaxslarga pora beradi2.
Poraxo‘rlikni keltirib chiqaruvchi asosiy sabablar quyidagilardan iborat:
biznesni boshlash uchun ruxsat olish, ro‘yxatdan o‘tish, qulay sharoit yaratishga intilish;
korxona raqobatchilarini yo‘ldan olib tashlash, ularni bozordan, faoliyat sohasidan surib chiqarish;
davlat xizmatlariga, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishga erishish, bu yo‘lda mansabdor shaxslar tazyiqi, qarshiligini yengish;
soliq to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlikni kamaytirishga intilish;
tartibga solinuvchi narxni oshirish uchun ruxsat olish;
o‘z xodimlari, o‘zining va oilasining, biznesining xavfsizligini ta’minlash maqsadida pora berishga majbur bo‘lish3.
Tovlamachilik - aldash, laqillatish, qo‘rqitish yo‘li bilan kishining mol-mulki, pulini olib qo‘yish, undan foydalanish; firibgarlik. Tovlamachi - kishilarni tovlab, laqillatib, qo‘rqitib kun ko‘ruvchi; firibgar4.
Firibgar - firib beruvchi, hiylagar, aldoqchi; aldamchilik, tovlamachilik, makru hiyla bilan shug‘ullanuvchi kimsa. Yüklə 0,6 Mb. Dostları ilə paylaş: |