Mamlakatning siyosiy va ijtimoiy hayotida ayollarning rolini oshirish sohasida: 2019 yil 2 sentyabrda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Qonunda “jins bo‘yicha bevosita kamsitish” va “jins bo‘yicha bilvosita kamsitish” tushunchalariga ta'rif berildi, normativ-huquqiy hujjatlar hamda ularning loyihalarini majburiy huquqiy ekspertizasi, gender statistikasi yuritilishi joriy etildi.
Oliy Majlis Senati raisi rahbarligida Gender tengligini ta'minlash masalalari bo‘yicha Komissiya tuzildi.
Parlamentning yuqori palatasida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari Qo‘mitasi, quyi palatasida Oila va ayollar masalalari Komissiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarning ijrosini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasining tizimli faoliyati tashkil etildi, BRMning beshinchi maqsadi gender tengligiga erishish masalasiga bag‘ishlangan.
Oliy Majlis Senati raisi boshchiligida Respublika xotin-qizlar jamoatchilik Kengashi tuzilib, uning asosiy vazifalaridan biri xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bilan bir qatorda Konvensiya va Pekin harakatlar platformasining qoidalarini amalga oshirish masalalarini muvofiqlashtirishdan iboratdir.
2022 yil O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etildi va uning ustuvor yo‘nalishlaridan biri xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, gender tengligini ta'minlashdan iboratdir.
Xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning oilaviy va xususiy tadbirkorlik, hunarmandchilikni tashkil etishda faol ishtirok etishi, bugungi kunda mehnat bozorida talab qilinadigan kasblar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallashiga ko‘maklashish maqsadida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli Jamg‘armasi tashkil etildi.
Xotin-qizlarning muammolarini tizimli hal etish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Respublika komissiyasi tuzilib, uning asosiy vazifasi hududlarda xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish, tizimli hal etish, qashshoqlikni kamaytirish va aholi farovonligini oshirish bo‘yicha ishlarni tashkil etishdan iboratdir.
2019 yil 25 iyunda O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi qabul qilindi. Unda fuqarolar jinsi, irqiy va milliy kelib chiqishi, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, ma'lumoti, jinsi va mashg‘ulot xususiyatidan qat'i nazar, teng saylov huquqiga ega bo‘lish mustaxkamlangan.