Taqsimlagich qurilmalar. Taqsimlagich qurilmalar gidrouzatmaning asosiy elementlari va qismlari orasidagi suyuqlik oqimlarini taqsimlash va yo`nalishini o`zgartirish uchun xizmat qiladi.Konstruktiv tuzilishi bo`yicha taqsimlagichlar zolotnikli, kranli va klapanli turlarga ajraladi. Ularning belgilangan holatlariga qarab, ikki va uch hamda ko`p holatli taqsimlagichlar bo`ladi. Hajmiy gidrouzatmalarda eng ko`p qo`llaniladigani zolotnik(turli mashinalarda: bug’, suyuqlik yoki gaz taqsimlovchi klapan)li taqsimlagichlardir. Zolotniklar gidroapparatlarning boshqariluvchi elementi bo`lib, uning yordamida suyuqlikning taqsimlanishi, harakatni reverslash va bir trubadan ikkinchisiga o`tkazish ishlari amalga oshiriladi. Zolotnikning harakatlanuvchi qismi (1-rasm) suyuqlik o`tishi uchun yo`lakchalari bo`lgan plunjer 1 va suyuqlikni kiritish hamda chiqarish uchun teshiklari bo`lgan silindr 2 dan iborat. Gidrouzatma ishlash vaqtida zolotnikning korpusi 2 ga nisbatan plunjer 1 ni siljitish yo`li bilan zolotnikli juftning tegishli ish tuynugi berkitiladi, natijada suyuqlikning yo`nalishi o`zgaradi. Zolotnikni boshqarish qo`lda yoki qulochli mexanizm yordamida yoki elektromagnit va gidravlik usul bilan boshqarilishi mumkin.
2-rasmda G-72 tipli gidravlik boshqariluvchi reversiv zolotnikning sxemasi keltirilgan. U korpus 1, plunjer 2, sharli klapan 3 va drossel 4 dan tashkil topgan.
Zolotnikning plunjeri 2 gidrodvigatelning ikki yo`nalishiga tegishli ikkita chekka (o`ng va chap) holatlarni qabul qilishi mumkin. Plunjer 2 ni bir holatdan ikkinchisiga o`tishi plunjerning ikki tomoniga ta’sir qiluvchi bosim p yordamida amalga oshiradi.
Kranli taqsimlagichlar (3-rasm) tuzilishining soddaligi sababli keng tarqalgan. Ammo ularni burash uchun kattagina moment zarur bo`ladi. Bu momentni kichraytirish uchun moslamalar qo`llash taqsimlagichning tuzilishinni murakkablashtirib yuboradi.
Klapanli taqsimlagichlar kichik sarflarda ishlay olishi, katta bosimlarda ham yaxshi germetiklanganligi, ihchamligi va boshqarishning osonligi bilan zolotniklardan ustunlik qiladi. Shunday qilib, germetiklik hal qiluvchi ahamiyatga ega bo`lmasa va sarf katta bo`lsa, zolotnikli taqsimlagichlardan foydalanish ma’qul. Moy sarfi kichik gidrouzatmalarda, germetiklik muhim bo`lgani uchun klapanli taqsimlagichlar qo`llaniladi.