Kamtarlik. Kamtarlik bu – avvalo, o‘z–o‘ziga talabchanlik, o‘z harakatlariga, ishiga, bilimiga tanqidiy qarash, o‘ziga, kuch–quvvatiga ortiqcha baho bermaslikdir. Kamtarlik kishilarga bo‘lgan munosabatda namoyon bo‘ladi. Inson odobli bo‘lsa, kishilar bilan shunchalik sodda va kamtarlik bilan muomala qiladi, o‘z ishlariga va harakatlariga kamtarlik bilan baho beradi. O‘zgalarga shirinso‘z bo‘ladi, boshqalardan o‘zini ustun qo‘ymaydi, soxta shuhrat ketidan quvmaydi, yutuqlaridan esankiramaydi.
Kamtarinlik Arastuning fikricha: “uyatsizlik va tortinchoqlik o‘rtasidagi xislatdir. Bu xislat odamlarning qilmishlarida va gap so‘zlarida ko‘rinadi. Uyatsiz, shaloq odam hammaga, har qanday vaziyatda har narsani gapiraveradi. Tortinchoq odam esa zarur gapni zarur vaqtida aytmaydi, zarur ishni bajarishga ham jur’ati yetishmaydi. Kamtarin odam esa, uyatsiz odam kabi, har vaqt, har yerda, har qanday gapni aytavermaydi; va o‘ta tortinchoq odam kabi, zarur vaqtda zarur gapni aytishga jur’atsizlik ham qilmaydi”.
Kamtarinlik tortinchoqlik va andishalilikdan farq qiladiki, ular insonning qadrqimmatini tushirib qo‘yish ehtimoli bor. Kamtarlik xokisorlik va samimiylikdan kelib chiqadi. U kishilarga bo‘lgan munosabatda ham yaqqol ko‘rinadi. Kamtarlik inson ichki ma’naviy dunyosining tashqi ifodasi hisoblanadi. Tarbiya ko‘rgan, odobli kishini uning kamtarligidan ham bilib olish mumkin. Barcha insoniy fazilatlar ichida eng e’zozlisi kamtarlikdir. Kamtarlikning qarama-qarshi tomoni takabburlikdir. Ularning biri insonni insonga yaqinlashtiradi, ikkinchisi esa uni odamlardan uzoqlashtiradi. Xitoy maqoliga ko‘ra “dono bo‘lmay turib, kamtar bo‘lish mumkin, ammo kamtar bo‘lmay turib dono bo‘lish qiyin”.
Vijdon etikaning nihoyatda ta’sir doirasi keng kategoriyalaridan biridir. U insonning o‘z faoliyati, qilgan ishlari va belgilagan maqsadlarini ruhiy tahlil eta olish imkoniyatidir. Inson ma’naviyatining kuchi, qudrati ham, o‘z qilmishiga o‘zi xolisona baho bera olish darajasi bilan belgilanadi. Vijdon, Zigmund Froyd ta’biri bilan aytganda, a’lo men, men ustidan nazorat o‘rnatib, uni boshqarib turuvchi ikkinchi bir, yuqori darajadagi men. Agar uyat hissi insonning tashqi, jamiyatga bog‘liqligidan kelib chiqsa, vijdon uning ichki o‘z-o‘ziga bog‘liqligini namoyon etadi. Bu ichki bog‘liqlik tashqi bog‘liqlikka nisbatan teran va doimiydir: uyat ma’lum bir vaqt ichida odamning o‘z nojo‘ya harakati tufayli yuzaga kelgan o‘ng‘aysizligi bo‘lsa, vijdon azobi bu - oddiy o‘ng‘aysizlik emas, balki qalbdagi, odamdagi odamiylikka e’tiqodning faryodi, talabi. Uni qondirmas ekansiz, hech qachon azob to‘xtamaydi. Uyat bilan vijdonni, shu bois, dengizdagi muz tog‘i – aysbergga o‘xshatish mumkin: yuzaga uyat tarzida chiqib turgan qismi teranlikdagi qismidan yuz, balki ming barobar kichik.
Birinchi Prezident I.A.Karimov ham vijdonga shunday baho beradi: “Vijdon pokligi va bedorligi asrlar, zamonlar osha inson ma’naviyatining ustunlaridan biri bo‘lib kelmoqda. Jamiyat hayotida adolat va haqiqat, mehr-shafqat, insofu diyonat kabi tushunchalarni qaror toptirishda aynan mana shu omilning o‘rni va ta’siri beqiyosdir” 8 .Vijdon – shahsning faqat o‘zigagina xos bo‘lgan ruhiy tahlil imkoniyatidir. Lekin shahsning vijdoni umuminsoniy, milliy, ma’naviy qadriyatlar zaminida shakllanadi, uning o‘ziga xos ehtiyoji va manfaatlari, dunyoqarashi va madaniyati hamda ma’naviy kamoloti darajasi bilan aralashib, faoliyatiga baho berishga imkon yaratadigan ruhiy mezonga aylanadi. Shu sababli vijdonlilik darajasi hammada bir xil bo‘lishi mumkin emas. Vijdon asosida o‘z qilmishimizgagina emas, balki boshqalarning faoliyatiga, jamiyatdagi voqea va hodisalar va ijtimoiy vaziyatga ham baho beramiz.