Himoya qobig‘ining oldingi qismida tayanch g‘ildiraklari joylashtirilgan. Uning holatini o‘zgartirish bilan tuproqqa ishlov berish chuqurligi sozlanadi.
Bosh reduktor quyma korpusga joylashtirilgan konussimon shesternalar juftligidan iborat bo‘lib, uzatish soni 1,59 ni tashkil qiladi. Bunday uzatish soni traktorning quvvat olish validagi aylanishlar soni 540 ayl/min bo‘lganda, transmissiya valini 340 ayl/min tezlikda aylanishini ta’minlaydi.
Frezali mashinalar vazifasi va klassifikatsiyasi. Frezalarning ish organlari traktorning quvvat olish validan majburiy aylanma harakatga keltirilganidan ular aktiv ish organlari deb ataladi. Frezalar vazifasiga ko‘ra to‘qay, o‘rmon, dala, bog‘larda ishlaydigan, ekin qatorlari orasini chopiq qilish xillariga bo‘linadi. Dala frezalari shudgordagi kesaklarni maydalab, dalalarni ko‘klamgi ekin ekishga tayyorlashda ishlatiladi. Chopiq frezalari g‘o‘za qatorlariga orasini chopiq qilib, begona o‘tlarni yo‘qotish hamda tuproqni yumshatish uchun mo‘ljallangan.
Frezalarning aylanish o‘qi vertikal va gorizontal joylashishi mumkin. Hozirgi frezalarda ish organlari harakat yo‘nalishiga ko‘ndalang joylashgan gorizontal o‘qda aylanadi.
Frezalarning ish organlari disklarni aylanasi bo‘ylab bir xil oraliqda joylashgan Ã-simon pichoqlardan iborat. Bunday disklar to‘plami frezali barabanni tashkil etadi. Diskdagi pichoqlar (o‘naqay va chapaqay) soni frezaning vazifasiga qarab 3—8 ta bo‘ladi. Pichoqlarni shakli va o‘lchamlari frezaning vazifasi va ish sharoitlariga bog‘liq.
Pichoqlar yuqoridan pastga, ya’ni to‘g‘riga va pastdan yuqoriga, ya’ni mashinaning harakat yo‘nalishiga teskari tomonga aylanishi mumkin. To‘g‘ri aylanishda mashinani oldiga surishga intiluvchi kuchlar paydo bo‘ladi, teskari aylanishda esa, aksincha, tortish qarshiligi oshadi, energiya ko‘p talab qilinadi. Shuning to‘g‘ri aylanish usuli barcha dala frezalarida, teskari aylanish esa toshli yerlarda va kundakov qilingan o‘rmonlarni o‘zlashtirishda ishlatiladigan frezalarda qo‘llaniladi.