Tortishish fazasi–qo‘llarning yelka kamarida faol aylanishi bilan boshlanadi. Suzuvchi suvga kaft bosimini oshiradi. Bajarilayotgan harakat
yo‘nalishi o‘zgaradi va orqaga–ichkariga–pastga bajariladi.
Tortishish fazasining boshlanishida qo‘l tirsak bo‘g‘imidan 130–150 daraja bukilgan, tortishish oxirida burchak 90–100 darajani hosil qiladi. Fazaning boshlanishida kaft frontal yassilikda 45 daraja, burchak ostida, fazaning oxirida kaft nisbatan frontal holatda bo‘ladi.
Tortishish fazasining davomiyligi 0,20–0,35 s.
Depsinish fazasi–eshishning kuchli va hal qiluvchi qismi. Kaft qorin va taz ostida oldindan orqaga, nisbatan tashqariga, frontal holatga yaqin holatni saqlab, kuch bilan harakatlanadi. Qo‘l tirsak bo‘g‘imidan bukiladi. Eshish kaftning yuqoriga-pastga, nisbatan tashqariga toyg‘oq tayanch harakati bilan tugallanadi.
Eshish oxirida qo‘l tirsak bo‘g‘imidan batamom to‘g‘irlanadi, kaft suv yuziga chiqish uchun boldir yonidan o‘tib, kichkina barmoq orqali orqaga o‘giriladi. Fazaning davomiyligi–0,15–0,30 s.
Qo‘lning suvdan chiqish fazasi. Bu fazaning boshlanishi va tugallanishi, gavdaning qarama-qarshi harakati, qo‘l yelka kamarining suv yuzasidagi holati bilan boshlanadi. Keyin, ketma-ket tirsak, yelka bo‘gimi va kaft suv yuzasiga ko‘tariladi. Bu fazaning davomiyligi–0,05–0,07 s (5–8% jarayon vaqtidan).
Qo‘l harakatining suv yuzasidagi holati. Qo‘l quyidagi ketma-ketlikda suvdan ko‘tariladi: eng avval,yelka bo‘g‘imi va yelka, keyin esa bilak va panjalar,so‘ngra suv ustida harakat boshlanib, tirsak bo‘gimida bukilgan qo‘l erkin yuqoriga-oldinga ko‘tariladi, yelka bilan chetga tortiladi. Bilak va panjalar yelka bo‘g‘imi chegarasigacha yaqinlashib keladi.
Bunda panjalar tirsak bo‘g‘imidan ancha past, suv yuzasiga yaqin joyda bo‘ladi. Keyinchalik, qo‘l oldinga harakat qiladi. Bunda tirsak bo‘gimidan to‘g‘irlanib boradi va ozgina bukilgan holda, shu yelka bo‘g‘imi to‘g‘risiga panjalar bilam suvga botgan holda uzatiladi. Bu fazaning davomiyligi (tayyorgarlik davri)–0,30–0,45 s (25% to‘liq jarayon vaqtidan).
Nafas. Krol usulida suzganda, nafas faqat og‘iz orqali olinadi va og‘iz hamda qo‘shimcha, burun orqali suvga chiqariladi. Bosh o‘ngga yoki chapga buriladi va og‘iz suv ustiga chiqqandagina, nafas olinadi. Nafas olib bo‘lgach, bosh oldingi holatga qaytadi. Keyin nafas chiqarish boshlanadi. Nafas olish va nafas chiqarish uchun boshni buraganda, gavda muvozanati hamda gorizontal holatni buzmaslik kerak.
Dostları ilə paylaş: |