Mafkuraviy ta’sir – mafkuraviy tarbiyaning eng muhim xislatlaridan biridir. Mafkuraviy ta’sirsiz (turli xil shakllari, usullari, vositalari) mafkuraviy tarbiya haqida fikr yuritish tabiiy ravishda mantiqsizlikdir. Mafkuraviy tarbiyaning samaradorligini oshirishda mafkuraviy ta’sirning obekti va sub’ektiga ko‘p narsa bog‘liq. Chunonchi, mafkuraviy ta’sir samaradorligi mafkuraviy ta’sir o‘tkazilishi lozim bo‘lgan kishilarning (ob’ekt) bilim darajasi, madaniy saviyasiga bog‘liq bo‘lsa, o‘z navbatida mafkuraviy ta’sir o‘tkazayotgan idoralar, tarbiyaviy muassasalar, targ‘ibot va tashviqotlar (sub’ekt) amalga oshirayotgan mafkuraviy tadbirlar mazmuni va shakliga, mafkura xodimlarning professional mahoratiga insoniy fazilatlariga, xislatlariga bog‘liq bo‘ladi. Demak, aytish mumkinki, mafkuraviy ta’sir tushunchasi mafkuraviy tarbiyani harakatga keltiruvchi asosiy kuch sifatida namoyon bo‘ladi.
Bunday o‘zaro aloqadorlik mafkuraviy tarbiyaning mag‘zini tashkil etib, mafkuraviy ta’sir doirasiga tushadigan har bir kishi o‘sha ta’sir asosida faoliyat ko‘rsata boshlaydi.
2. XXI asrni axborot asri, axborot texnologiyalari asri deb atash tobora rasm bo‘lmoqda. Chunki asrimizda keng qamrovda va jadal sur’atlarda tarqalayotgan informatsiyalar insonning istaklarini, didini o‘zgartirishga, fikriga ta’sir qilishi aniq va muqarrar. Tan olish kerak, tomosha qilinayotgan teleserialdan tortib, bolakaylarga aytib berilayotgan ertakkacha, o‘qiyotgan kitoblarimiz ham qandaydir mafkuraviy ta’sir samarasiga ega - ularda muayyan g‘oyalar targ‘ib qilinadi.
Puxta ishlab chiqilgan strategik yo‘nalish davlatning istiqbolini belgilaydi. O‘zbekistonning strategik maqsadlari I. Karimovning qator asarlarida, jumladan, «O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari, taraqqiyot kafolatlari» hamda «O‘zbekiston XXI asrga intilmoqda» asarlarida belgilab berilgan. Shu maqsadlar sari insonlarni safarbar qilish ularni g‘oyalar shaklida singdirish zaruratini keltirib chiqaradi.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlarning taqdiri, so‘zsiz, har bir fuqaro, aniqrog‘i, insonning faolligiga bog‘liq. Bu esa islohotlarning mohiyatini xalqqa tushuntirishni talab qiladi. Shuning uchun rivojlangan mamlakatlarda mafkuraning targ‘iboti «hukumat siyosatining tashviqoti» ko‘rinishida amalga oshiriladi. Davlatning bosh islohotchi ekanligi ham O‘zbekiston hukumatining siyosatini maxsus targ‘ib qilishni talab etadi. Bunday targ‘ibot islohotlarini mafkuraviy asosda ta’minlashga xizmat qiladi.
Hozirgi davrda inson ongi va qalbini zabt etish uchun kurash borayotgani hech kimga sir emas. Shuning uchun yot g‘oyaviy ta’sirlarga qarshi kurashda uzilishlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bunday sharoitda begona g‘oyalarning qo‘poruvchi ta’siriga qarshi doimiy va uzluksiz aksiltarg‘ibotni tashkil etish muhim sanaladi. Chunki bunday mafkuraviy kurashni nafaqat mamlakatimiz ichkarisida, balki xalqaro maydonda ham olib borish talab etiladi.
Milliy istiqlol g‘oyasini singdirishning usullari, texnologiyalari, ustuvor yo‘nalishlari XXI asrda insoniyat o‘z taraqqiyotining sifat jihatidan yangi pallasiga qadam qo‘yganligi bilan baholanishi lozim. XXI asrda ishlab chiqarishda joriy etilgan yangi texnologiyalar mehnat samaradorligini misli ko‘rilmagan darajada o‘stirib yubordi. Biroq, yangi texnologiyalar faqat sanoat va qishloq xo‘jaligida qo‘llanilmayapti, balki ma’naviy-mafkuraviy jarayonlarda ham shu nuktai-nazardan yondashish milliy istiqlol g‘oyasini targ‘ib qilishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish zaruratini ko‘rsatadi. Milliy g‘oyani xalq qalbi va ongiga singdirish muayyan texnologiya asosida olib borilganda tadbirlarning ketma-ketligi, miqyosi, me’yori, davomiyligi va tamoyillari singari jihatlar qamrab olinadi. Ularning muhimligi shundaki, targ‘ibotda me’yorning buzilishi, milliy mafkura to‘g‘risida hadeb va noo‘rin gapiraverish me’yorni bilmaslik teskari samara berishi mumkin. Targ‘ibot texnologiyasini milliy mafkura mazmun-mohiyatiga mos bo‘lgan taqdirdagina kutilgan natijaga erishish mumkin.
O‘zbekistonda mafkuraviy jarayonlarni tashkil etishni ustuvor yo‘nalishlari qo‘yidagilardan iborat:
- belgilangan tadbirlarning yuqori darajada uyushqoqlik bilan o‘tkazilishini ta’minlash;
- milliy istiqlol g‘oyasining targ‘iboti sifatini muntazam oshirib borish;
- davr talabidan kelib chiqqan holda mafkuraviy ishlarni tashkil etishning yangi, samarali yo‘llarini izlash;
- bu sohada eski uslublarni mutlaqlashtirishga, andozalashtirishga yo‘l qo‘ymaslik;
- mafkuraviy jarayonlarni tashkil etishda ijtimoiy muhitni hisobga olish;
- mafkuraviy jarayonlarni tashkil etishda uchraydigan rasmiyatchilik, majlisbozlik ko‘rinishlariga barham berish;
- mafkuraviy faoliyatning qanchalik samarali olib borilayotganligini bilish maqsadida uning monitoringini tashkil etish.
Milliy g‘oyaning targ‘ibot-tashviqotini tashkil etishda quyidagi tashkiliy tamoyillariga amal qilishi maqsadga muvofiq:
- keng kamrovlilik, bunda jamiyatning barcha a’zolariga g‘oyalar xilma-xilligi asosida mafkurani singdirish, bu jarayonda aholining barcha qatlamlarini qamrab olish nazarda tutiladi;
- uzluksizlik – milliy istiqlol g‘oyasining targ‘iboti makonda va zamonda doimiyligini, uning yaxlit tizim shakliga keltirilishini anglatadi. Bu ta’lim tizimidagi o‘quv rejalari, dasturlar, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari, sinf va auditoriyalar, ko‘rgazmali qurollar milliy istiqlol g‘oyasiga uyg‘un bo‘lishni talab etadi;
- ketma-ketlik – har bir bosqich uchun taraqqiyot va inson kamolotiga xizmat qiladigan qadriyatlarni singdirish maqsadida mafkuraviy tashviqot rejalashtiriladi;
- bosqichma-bosqichlik – milliy mafkurani targ‘ib qilishning ruhiy jihatlari bilan bog‘liq bo‘lib, ham targ‘ib qiluvchi, ham qabul qiluvchining muayyan tayyorgarlik bosqichidan o‘tishini taqozo qiladi. Masalan, boshlang‘ich sinf o‘quvchisiga milliy mafkuraning falsafiy va etnik ildizlari to‘g‘risida gapirish noo‘rin bo‘lishdan tashqari mutlaqo samarasiz hamdir. Shuning uchun bog‘chada, boshlang‘ich sinflarda, yuqori sinflarda, litsey kollejlarda, oliy o‘quv yurtlari va mehnat jamoalarida mafkuraviy ishlar tinglovchi va o‘quvchilarning yoshi, saviyasi, ma’lumoti kabi jihatlarini hisobga olib, aniq belgilangan reja asosida olib borilishi kerak;
- me’yoriylik – aksiltarg‘ibotni keltirib chiqaradigan, hayotdan uzilib qolishga olib keladigan balandparvozlik, rasmiyatchilik va takrorlanishga yo‘l qo‘ymaydi.
Mafkuraviy tarbiyani shakllantirishda mafkuraviy plyuralizm va mafkuraviy bag‘rikenglik tushunchalari katta ahamiyatga ega. Mamlakatda ilg‘or g‘oyalar, mafkuralar qancha ko‘p bo‘lsa, jamiyat taraqqiyotining samarali yo‘lini tanlab olish uchun imkoniyat shuncha ko‘p bo‘ladi. Mafkuraviy plyuralizm taraqqiyotga xizmat qiladigan yangidan-yangi g‘oyalarni paydo bo‘lishiga, turli xalqlar, elatlar, millatlar va siyosiy guruhlarning manfaatlari asosida, umumiy tarzda ro‘yobga chiqishga sharoit yaratadi. U muqarrar sur’atda ko‘ppartiyaviylik tizimini taqozo etadi. Shu ma’noda aytish mukinki, bugun O‘zbekistonda bir necha siyosiy partiyalar faoliyat ko‘rsatib mamlakatimiz siyosiy-hayotida faollik ko‘rsatmoqdalar.