2. Reyting tizimining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: a) talabalarda Davlat ta’lim standartlariga muvofiq tegishli bilim, ko‘nikma va malakalar shakllanganligi darajasini nazorat qilish va tahlil qilib borish; b) talabalar bilimi, ko‘nikma va malakalarini baholashning asosiy tamoyillari: Davlat ta’lim standartlariga asoslanganlik, aniqlik, haqqoniylik, ishonchlilik va qulay shaklda baholashni ta’minlash; v) fanlarning talabalar tomonidan tizimli tarzda va belgilangan muddatlarda o‘zlashtirilishini tashkil etish va tahlil qilish; g) talabalarda mustaqil ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish, axborot resurslari manbalaridan samarali foydalanishni tashkil etish; d) talabalar bilimini xolis va adolatli baholash hamda uning natijalarini vaqtida ma’lum qilish; e) talabalarning fanlar bo‘yicha kompleks hamda uzluksiz tayyorgarligini ta’minlash; j) o‘quv jarayonining tashkiliy ishlarini kompyuterlashtirishga sharoit yaratish. 3. Fanlar bo‘yicha talabalar bilimini semestrda baholab borish reyting nazorati jadvallari va baholash mezonlari asosida amalga oshiriladi. II. Nazorat turlari va uni amalga oshirish tartibi 4. Nazorat turlari, uni o‘tkazish tartibi va mezonlari kafedra mudiri tavsiyasi bilan oliy ta’lim muassasasining (fakultet) o‘quv-uslubiy kengashida muhokama qilinadi va tasdiqlanadi hamda har bir fanning ishchi o‘quv dasturida mashg‘ulot turlari bilan birgalikda ko‘rsatiladi. 5. Reyting nazorati jadvallari, nazorat turi, shakli, soni hamda har bir nazoratga ajratilgan maksimal ball, shuningdek joriy va oraliq nazoratlarning saralash ballari haqidagi ma’lumotlar fan bo‘yicha birinchi mashg‘ulotda talabalarga e’lon qilinadi. 6. Talabalarning bilim saviyasi va o‘zlashtirish darajasining Davlat ta’lim standartlariga muvofiqligini ta’minlash uchun quyidagi nazorat turlarini o‘tkazish nazarda tutiladi: joriy nazorat — talabaning fan mavzulari bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikma darajasini aniqlash va baholash usuli. Joriy nazorat fanning xususiyatidan kelib chiqqan holda, seminar, laboratoriya va amaliy mashg‘ulotlarida og‘zaki so‘rov, test o‘tkazish, suhbat, nazorat ishi, kollokvium, uy vazifalarini tekshirish va shu kabi boshqa shakllarda o‘tkazilishi mumkin; oraliq nazorat — semestr davomida o‘quv dasturining tegishli (fanning bir necha mavzularini o‘z ichiga olgan) bo‘limi tugallangandan keyin talabaning bilim va amaliy ko‘nikma darajasini aniqlash va baholash usuli. Oraliq nazoratining soni (bir semestrda ikki martadan ko‘p o‘tkazilmasligi lozim) va shakli (yozma, og‘zaki, test va hokazo) o‘quv faniga ajratilgan umumiy soatlar hajmidan kelib chiqqan holda belgilanadi; yakuniy nazorat — semestr yakunida muayyan fan bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni talabalar tomonidan o‘zlashtirish darajasini baholash usuli. Yakuniy nazorat asosan tayanch tushuncha va iboralarga asoslangan «Yozma ish» shaklida o‘tkaziladi. Ta’lim yo‘nalishi va mutaxassisliklari ayrim fanlarining xususiyatlaridan kelib chiqqan holda fakultet Ilmiy kengashi yoki oliy ta’lim muassasasi kengashi qarori asosida ko‘pi bilan 40% fanlardan yakuniy nazoratlar boshqa shakllarda (og‘zaki, test va hokazo) o‘tkazilishi mumkin. 7. Oraliq nazoratni o‘tkazish jarayoni kafedra mudiri tomonidan tuzilgan komissiya ishtirokida davriy ravishda o‘rganib boriladi va uni o‘tkazish tartiblari buzilgan hollarda, oraliq nazorat natijalari bekor qilinadi hamda oraliq nazorat qayta o‘tkaziladi. 8. Oliy ta’lim muassasasi rahbarining buyrug‘i bilan ichki nazorat va monitoring bo‘limi yoki o‘quv-uslubiy boshqarma rahbarligida tuzilgan komissiya ishtirokida yakuniy nazoratni o‘tkazish jarayoni davriy ravishda o‘rganib boriladi va uni o‘tkazish tartiblari buzilgan hollarda, yakuniy nazorat natijalari bekor qilinadi hamda yakuniy nazorat qayta o‘tkaziladi.