10.3.Interaktiv o‘quv qo‘llanmalari. Agarda iPad lar uchun bag‘ishdangan Wired jurnali ko‘rib
chiqilsa, hozirgi davrdagi o‘quv qo‘llanmalarning naqadar qoloq
darajadaligini va shiddat bilan rivojlanayotgan hayotdan ancha orqada
qolganligini anglab yetish mumkin. Zamonaviy elektron jurnallarning
sahifalari hozirgi paytda juda qiziqarli, multimediaviy ko‘rinishda va
kishini o‘ziga jalb qila oladigan holatga kelgan: ulardagi rangdor
tasvirlarning o‘lchamlarini osongina kattalashtirish mumkin, kerakli
joylarda mavzuga mos bo‘lgan musiqa ohanglari keladi, turli xildagi
videoroliklar namoyish etiladi, interaktiv infografika esa
barmoqlarning tegishiga binoan darhol tegishli javoblar beradi. Bularni
ko‘rgandan so‘ng, albatta quyidagi savol paydo bo‘ladi: Xo‘sh, nega mamlakatimizdagi ta’lim muassasalarida o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha ham huddi shunday qiziqarli interaktiv elektron kitob yoki ma’ruza matnlari yaratish mumkin emas! Ammo ko‘pchilik eski avlodga mansub va bir necha o‘nlab yillar
oldingi bilimlar hamda uslublar majmui bilan qotib qolgan
dunyoqarashdagi pedagoglar qog‘oz ko‘rinishidagi an’anaviy kitob va
qo‘llanmalar yaratishning afzal tomonlarini siz va bizga o‘nlab soat
tushuntirishga urinishlari mumkin (buni ta’lim muassasalaridagi o‘ziga xos stagnatsiya jarayoni deb atash mumkin – eskilik yangilikka osonlikcha joy bo‘shatib bermaydi, albatta!). Chunki ular birinchidan,
bunday elektron kitoblarning afzalliklarini tushunishga ma’nan va
aqlan tayyor bo‘lmasalar, ikkinchidan bunday kitoblarni yaratishga
hamda ulardan foydalanishga qodir emaslar. Uchinchidan esa ilgarigi
zamon tushunchalari va hozirgi zamon tushunchalari orasidagi katta
farq 20-asr pedagoglari bilan 21-asr talabalari orasida o‘ziga xos katta
bo‘shliq hosil qilgan. Shuning uchun ham hozirgi davrda yoshlar va
kattalarning bilim olish hamda malaka oshirish jarayonlari turli
ko‘rinishlarda amalga oshib, turli xildagi samara berayapti. Huddi shu
tufayli mamlakatimizda elektron kitoblar yaratish jarayoni mavjud
kitob va qo‘llanmalarni asta-sekinlik bilan raqamli formatga o‘tkazish
bilangina chegaralanib qolayapti – bunday ishlarning samarasi juda
past bo‘lishini oldindan aytib berish unchalik katta qiyinchilik
tug‘dirmaydi. Ammo, bizning fikrimizcha, bu holatlar vaqtinchalik
bo‘lib, tez orada o‘zgarishiga umid qilish mumkin, chunki respublika
o‘quv muassasalarida interfaol ta’lim usullarining tezkorlik bilan
tadbiq qilinishi innovatsion ta’lim usullarini amalga oshiradigan
elektron adabiyotlar hamda saytlar yaratishni taqozo qiladi va bu
yumushni kimlardir albatta amalga oshiradi. Shuni ham aytish kerakki,
faqatgina maktab darsliklarini innovatsion usullar vositasida tayyorlash
va ularni sotishdan tushadigan mablag‘larning o‘zigina katta miqdorni
tashkil qiladi. Agar bularga litsey, kollej, institutlar, universitetlar va
akademiyalarda foydalaniladigan elektron darsliklarni qo‘shsak, juda
katta potensial pul manba’ini ko‘rishimiz mumkin. Bunday katta va
doimiy daromad manba’lariga egalik qilish ko‘pchilik tadbirkorlar va
venchur biznes namoyondalarida katta qiziqish uyg‘otishi mumkin.
Agarda bu yumush yuqorida tavsif etilgan o‘quv muassasalari
xodimlari bilan bilan hamkorlikda amalga oshirilishi tashkillantirilsa,
bunday tadbirkorlik faoliyati ta’lim muassasalariga ko‘plab pul
mablag‘lari kelishiga sabab bo‘lar edi va ular o‘z ichki imkoniyatlari
hisobiga tezda rivojlanib ketgan bo‘lar edilar. Ushbu tadbirkorlik
faoliyati ta’lim dargohlarida doimiy ravishda ishlaydigan professoro‘qituvchilarning moliyaviy ahvolini sezilarli ravishda yaxshilashga
ham olib kelar edi, albatta. Keyingi yillarda bunday imkoniyatga jahon
miqyosidagi eng katta kompaniyalardan Apple va Amazon lar ham
jiddiy ravishda qiziqib, o‘z kuch va imkoniyatlarini bunga
yo‘naltirayaptilar. Misol sifatida o‘quv adabiyotlarini ijaraga berib
turish bilan shug‘ullanadigan Chegg kompaniyasini keltirishimiz
mumkin. Ularning hisoblashlaricha, AQSH kollejlaridagi o‘rtacha
statistik talaba bir yilda kitob va qo‘llanmalar sotib olish uchun 1000
dollargacha mablag‘ sarf qilar ekan.
Chegg kompaniyasi talabalarga
kitoblarni va ular bilan bog‘liq elektron uskunalarni yarim narxida bir
semestrga foydalanishga berib va keyin qaytib olib, bu sarf harajatlarni
ikki martaga kamaytirish imkoniyatini yaratganlar. Bu ish ko‘pchilik
talabalar uchun ma’qul kelgani tufayli kompaniya biznesi juda
yaxshi rivojlangan va ular 2012 yilning o‘zidayoq salkam 150
million dollar pul ishlab olganlar. Ammo kompaniya o‘z ishini
yanada rivojlantirish uchun hamda qog‘oz kitoblar davri
allaqochon o‘tib ketganini anglagan holda interaktiv elektron
darsliklar yaratishni ham yo‘lga qo‘ygan. 2012/2013 o‘quv yilidan
boshlab, Chegg kompaniyasi interaktiv elektron darslik va
qo‘llanmalarni ham sotishni va ijaraga berishni amalga oshirishni
boshlagan. Yana bir misol sifatida Apple kompaniyasining sobiq
xodimi Metyu Maklinson tomonidan 2009 yilda asos solingan Inkling Systems deb nomlangan kompaniyani ham keltirish mumkin. Bu
kompaniya nashriyotchilar uchun planshet kompyuterlarga va
internetda foydalanishga mo‘ljallangan interaktiv o‘quv qo‘llanmalar
yaratishga yordam beradigan mahsus dastur-platforma ishlab
chiqqan. Inkling Systems o‘z ilmiy-tijorat faoliyatini yanada
rivojlantirish uchun turli venchur fondlardan, shu jumladan, Sequoia Capital dan 17 million dollar mablag‘ jalb qila olgan.