Kaliforniya qalqondori (Quadruspidiotus perniciosus Comst) (Diaspididae – qalqonlilar oilasi, Homoptera – tengqanotlilar turkumi) Hayot tarzi va yetkazadigan zarari jihatdan binafsharang qalqondorga o‘xshaydi. Biroq u birinchi va ikkinchi yoshdagi lichinka holida qishlaydi. Bu qalqondor olmadan tashqari, nok, olxo‘ri va boshqa rezavor o‘simliklarning ham xavfli zararkunandasi bo‘lib, 200 dan ortiq turdagi o‘simliklarni zararlaydi. Kaliforniya qalqondori mamlakat ichkarisida karantin qilingan zararkunandadir. Kaliforniya qalqondori o‘simliklar shirasini so‘rishi natijasida daraxtlar tanasi yorilib ketadi, novdalari qing‘ir-qiyshiq bo‘lib o‘sadi, barglari deformatsiyaga uchraydi, barg va yosh mevalari to‘kilib ketadi. Yirik mevalarda qizil dog‘lar paydo bo‘lib, ta’mi bemaza, saqlashga chidamsiz bo‘lib qoladi, sifati buziladi. Kaliforniya qalqondorining kattaligi 1,3 mm, qalqoni 2 mm gacha, erkagining kattaligi 0,8–0,9 mm, qalqoni 1 mm, lichinkasi sariq; 1,2 yoshdagi lichinka holida qishlaydi, 2 marta po‘st tashlab katta yoshga o‘tadi. Juftlashgandan 40–60 kundan keyin 80–100 tagacha daydi lichinka tug‘iladi va bir necha soatdan keyin ular qalqon ostidan chiqib, daraxtlar tanasiga yoyilib ketadi va oradan 10–11 kun o‘tgandan so‘ng po‘st tashlab, mo‘ylovlari, ko‘zlari va oyoqlari yo‘qoladi. Ikkinchi po‘st tashlagandan keyin katta yoshga o‘tadi. Erkaklari kam – 2% – 9% gacha bo‘ladi va bir necha soat yashaydi. Juftlashgandan so‘ng nobud bo‘ladi. Kaliforniya qalqondori bilan zararlangan daraxtlar qurib qoladi. Kaliforniya qalqondoriga qarshi kurashda ham binafsharang qalqondorlarga qarshi kurash usullari qo‘llanadi.
Nok biti (Barg o‘rovchi bit) (Dysaphis persicae Bit) (Aphididae – bitlar oilasi, Homoptera – tengqanotlilar turkumi) Bu bit bog‘larda uchraydigan boshqa bitlarga qaraganda nok uchun ancha xavfli zararkunanda hisoblanadi. U barglarning chetini himarib, naysimon qilib o‘raydi. Ancha zararlanganligi sababli o‘ralib qolgan barglar to‘kilib ketadi. Qanotsiz nok bitining kattaligi 3 mm gacha, to‘q qo‘ng‘ir tusda, biroq binafshadek tovlanib turadi, lichinkasi qizg‘ish-sariq. Qanotsiz nok biti yirik tuxumsimon shaklda. Boshqa jihatlariga ko‘ra, u boshqa barcha meva bitlariga o‘xshaydi. Nok bitigaham nok shira burgasiva olma bitiga (shirasi) qarshi qo‘llaniladigan chora-tadbirlarni qo‘llash tavsiya etiladi