To‘rtinchi bosqich Boshlang‘ich sinf jamoa a’zolarining o‘ziga nisbatan
yuksak axloqiy talablar qo‘ya olishlari bilan ahamiyatlidir. Jamoaning hayoti va
faoliyati mazmuni jamoa a’zolarining har biri uchun shaxsiy ehtiyojga aylanadi.
Jamoadagi tarbiya jarayoni o‘z-o‘zini tarbiyalash jarayoniga aylanadi. Biroq bu
holat jamoaning muayyan shaxsni yanada rivojlantirishdagi roli va o‘rnini
pasaytirmaydi. To‘rtinchi bosqichda amalga oshiriladigan vazifalar ancha
murakkab va mas'uliyatlidir. Mazkur bosqichda jamoa oldiga istiqbolli, yuksak va
murakkab talablarni qo‘yish uchun mutlaqo qulay sharoit yaratiladi. Bugungi
kunda o‘qituvchi-olimlar (L.I.Nikova va boshqalar) bolalar jamoasining rivojlanish
jarayonining mohiyatini tahlil qilar ekanlar, uni qo‘yidagi uch bosqichga
bo‘ladilar:
a) jamoani dastlabki jipslashtirish;
b) jamoani shakllantirish asosida uning har bir a’zosini individual
rivojlantirish;
v) jamoaning umumiy faoliyatini yo‘lga qo‘yish.
Jamoa hayotida muhim o‘rin tutuvchi har bir bosqichni ajratib ko‘rsatish
yuqorida bayon etilgan fikrlarga zid emas, balki shaxsning rivojlanishida
jamoaning etakchi ahamiyatini ta’kidlaydi.
A.S.Makarenko jamoa a’zolari o‘rtasida yuzaga keluvchi munosabatlarining
ichki xususiyatlariga katta ahamiyat bergan edi.
Pedagog jamoada shakllangan eng muhim quyidagi belgilarni ajratib
ko‘rsatgan edi:
1) major — doimiy tetiklik, o‘quvchilarning faoliyat (harakat)ga
tayyorliklari;
2) o‘z jamoasining qadriyatlari mohiyatini tushunish, uning uchun
g‘ururlanish asosida o‘z qadr-qimmatini anglash;
3) jamoa a’zolari o‘rtasidagi do‘stona birlik;
4) jamoaning har bir a’zosida qaror topgan do‘stona birlik;
5) tarbiyali, ishchan harakatga yo‘llovchi faollik;
6) hissiyotni boshqara olish hamda muloqot odobiga amal qilish
ko‘nikmasi.
Boshlang‘ich sinf jamoasini shakllantirishda jamoa a’zolari va ularning
faoliyatlariga qo‘yiladigan yagona talablar muhim ahamiyat kasb etadi. Yagona
talab o‘quvchilarning dars jarayonidagi, tanaffus, sinfdan tashqari ishlar vaqtidagi,
shuningdek, jamoat joylari hamda oiladagi xulq-atvor qoidalarni o‘z ichiga oladi.
Puxta o‘ylab qo‘yilgan talablar tizimining muntazam amalga oshirilishi maktabda
muayyan tartibning o‘rnatilishini ta’minlaydi.
O‘qituvchilar tomonidan qo‘yilgan talablar quyidagi sharoitlarda ijobiy
natija beradi:
1. Qo‘yilayotgan talablar o‘quvchi shaxsini hurmat qilish tuyg‘usi bilan
uyg‘unlashgan bo‘lishi kerak.
2. Talablar muayyan maktab yoki sinfdagi mavjud sharoitni hisobga olgan
holda qo‘yilishi lozim.
3. Jamoaga nisbatan qo‘yilayotgan talablar aniq bo‘lishi lozim.
4. O‘quvchilarning tashqi qiyofasi, kiyinishi, yurish-turishi hamda
muomalasiga nisbatan qo‘yilayotgan talablar, ularda ma’naviy madaniyatni
shakllantirishga xizmat qilishi shart.
O‘quvchi qo‘yilayotgan talablar hajmi va tizimini bilibgina qolmasdan, talab
qo‘yish metodikasini ham o‘zlashtira olgan bo‘lishi kerak. O‘quvchilar jamoasiga
nisbatan talablarni qo‘yish metodikasi bolalarni talablar mazmuni bilan
tanishtirish, talablarning ahamiyatini tushuntirish, tajriba orttirish hamda
o‘quvchilar faoliyat, shuningdek, qo‘yilayotgan talablarning bajarilish qolatini
muntazam suratda nazorat qilib turishdan iborat. O‘quvchilarni talablar bilan
tanishtirish ko‘pincha umumiy majlislarda amalga oshiriladi, bunda ta’lim
muassasasining direktori yoki o‘quv ishlari bo‘yicha direktr o‘rinbosari istiqbol
rejalari va ularni amalga oshirish jarayonidagi talablar mazmuni bilan o‘uvchilarni
tanishtiradi. Batafsil tanishtirish ayrim hollarda amalda ko‘rsatish, keyinroq sinflar
bo‘yicha sinf yig‘ilishlari yoki maxsus suhbatlarni uyushtirish asosida amalga
oshiriladi.
Xulq-atvorni tarkib toptirishga yo‘naltirilgan talablar bilan tanishtirish
mazkur talablar ustida mashq qildirish bilan qo‘shib olib borilishi kerak. Xulq-
atvorni tarbiyalash ongni tarbiyalashga qaraganda ancha murakkab ish.
O‘quvchilar talablar mohiyatini yaxshi anglashlari mumkin, biroq aksariyat
hollarda ularga rioya qilmaydilar. Shu bois muntazam ravishda mashq qildirish
madaniy xulq-atvorni odatga aylantiradi. Talablarning qo‘yilishi jarayonida ularga
o‘quvchilarning amal qilishi ustidan nazorat o‘rnatish lozim. Nazorat qilib borish
turli shakllar yordamida amalga oshiriladi, chunonchi, xulq-atvor jurnalini yuritish,
sinfdagi navbatchilik uchun stendda baholarni qayd etib borish va boshqalar.
Qo‘yilayotgan talablarning bajarilishi yuzasidan olib borilayotgan nazorat
muntazam ravishda, izchil olib borilishi va haqqoniy bo‘lishi zarur. Olib borilgan
nazorat natijalaridan o‘quvchilarni ogoh etib borish maqsadga muvofiq
hisoblanadi.
Boshlang‘ich sinf jamoasini uyushtirish va jipslashtirish unda faolni
tarbiyalash bilan chambarchas bog‘liq. har bir o‘qituvchining jamoani
shakllantirish borasidagi harakti jamoaning tayanch yadrosini tanlashdan
boshlanadi.
Sinf jamoa faolini shakllantirish jamoaning u yoki bu faoliyatiga nisbatan
ehtiyoji mazmunidan kelib chiqadi. Ishonchli, ishchan jamoa faolini yaratish uchun
o‘qituvchi o‘quvchilar faoliyatini ularning jamoa ishlaridagi ishtiroki, xulq-atvorini
kuzatib borishi har bir o‘quvchining ijtimoiy faoliyatni tashkil etish layoqatini
aniqlash zarur. Jamoa faolini shakllantirishda o‘quvchilarning jamoadagi obro‘sini
ham inobatga olish lozim. Jamoa faoli tarkibini bolalarning o‘zlari, albatta,
o‘qituvchi ishtirokida va rahbarligida tanlasa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
O‘qituvchi jamoa faoli bilan maslahatlashish asosida tarbiyaviy faoliyatni tashkil
etadi. Jamoa faolining har bir a’zosi zimmasiga muayyan vazifani yuklash,
ularning ma’lum davrda ana shu vazifalar yuzasidan hisobot berib borishlariga
erishish maqsadga muvofiq. O‘qituvchi aynan faolga oshirilgan talab qo‘yadi.
O‘quvchilar jamoasida faol rahbarligida o‘z-o‘zini boshqarish jamoa a’zolaridan
ayrimlarining boshqasi ustidan ustun kelishiga olib kelmasligi kerak. Shu bois
o‘qituvchi faolni maqsadga muvofiq faoliyat yuritishini nazorat qilib borishi lozim.
O‘quvchilar jamoasini shakllantirishda an`analar muhim o‘rin tutadi. Jamoa
an`analari
jamoa
a’zolari
tomonidan
birdek
qo‘llab-quvvatlanuvchi
barqarorlashgan odatlar bo‘lib, ularning mazmunida munosabatlar xususiyati
hamda jamoaning ijtimoiy fikri yorqin ifodalanadi.
Sinf jamoa an`analari shartli ravishda ikkiga bo‘linadi:
a) kundalik faoliyat an`analari;
b) bayram an`analari.
Kundalik faoliyat an`analari o‘quvchilarning o‘quv faoliyati (o‘zaro yordam
turlari), va mehnat faoliyati (ko‘chatlar o‘tkazish, hasharlar uyushtirish va
boshqalar)ni o‘z ichiga oladi. Bayram an`analariga ijtimoiy ahamiyatga ega turli
voqea hamda hodisalar bilan bog‘liq sanalar (xususan, -Alifbe bayrami, -
Mustaqillik bayrami, -Navro‘z bayrami, Xotira va qadrlash kuni va boshqalar)ni
nishonlash maqsadida tashkil etilgan faoliyat kiradi.
An`anaviy bayramlar o‘quv muassasalarida turlicha o‘tkaziladi. O‘quvchilar
an`analar mohiyatini anglasalar, ularga nisbatan ongli munosabatda bo‘lsalargina
uning ta’sir kuchi yuqori bo‘ladi. An`analarning yuzaga kelishida o‘quvchilarning
unga nisbatan munosabati katta ahamiyatga ega. Maktab rahbariyati va
o‘qituvchilar o‘quvchilar jamoasiga muayyan sanalarga bag‘ishlab haddan ziyod
ortiqcha tadbirni uyushtirish talabini qo‘ymasligi zarur. Tadbirlarni tashkil etish va
o‘tkazishda o‘qituvchilar jamoasi yoki o‘qituvchi tomonidan ushbu jarayonda
o‘quvchilar jamoasi bilan birgalikda ish olib borish, ularni an`analarni davom
ettirishga o‘rgatish masalasiga alohida e'tibor qaratishlari pedagogik jihatdan ijobiy
natijalarni beradi.
Yuqorida bildirilgan fikrlardan quyidagi xulosalarga kelish mumkin.
1. Sinf jamoasi bir necha a’zo (kishi)lardan tashkil topgan muayyan guruh
bo‘lib, u ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan umumiy maqsad asosida birlashadi
hamda mazkur maqsadni amalga oshirish uchun yo‘naltirilgan faoliyatni tashkil
etadi.
2. Sinf jamoasi o‘zida bir necha xususiyat (belgi)larni namoyon etadi.
3. Sinf jamoasini shakllantirish muayyan qonuniyatlarga bo‘ysunadigan
uzoq muddatli, murakkab jarayon bo‘lib, u ko‘pchilik tadqiqotchilarning e'tirof
etishlariga ko‘ra to‘rt bosqichdan iborat bo‘ladi.
4. Sinf jamoasini shakllantirish o‘ziga xos metodika asosida amalga
oshriladi. Ushbu metodika doirasida jamoaga nisbatan talablarning qo‘yilishi,
jamoa faoli (aktivi)ni tarbiyalash masalasi alohida ahamiyatga egadir.
5. Sinf jamoasining mustahkam bo‘lishi, uning a’zolari o‘rtasida o‘zaro
yordam hamda hamkorlikning qaror topishida jamoa an`analari muhim ahamiyat
kasb etadi.
Komil inson shaxsini tarbiyalashda jamoaning ahamiyati juda katta. Azal-
azaldan bizgacha ota-bobolarimizdan qolgan o‘lmas maqollarimizdan birini shu
o‘rinda keltirib o‘tmoqchiman; “Aqlni beaqldan o‘rgan”, ushbu maqol zamirida bir
qancha ma’nolar bor. Ya’ni jamoada har xil bolalar bo‘lib, ular bir-biriga qarab
ham o‘zlaridagi yomon xulqlarni yuqotadilar. Bu xislatlar esa ularning komil inson
bo‘lib tayyorlanayotganidan darak beradi.
Dostları ilə paylaş: |