11-MA’RUZA MAHSULOT SIFATI TO’G’RISIDAGI MA’LUMOTLARNI SHTRIX KODLASH VA NAZORAT QILISH Reja. 11.1. Mahsulot haqidagi ma’lumotlarni standartlashtirish va kodlash.
11.2. Mahsulotni shtrixli kodlanishi uchun ayrim davlatlarning fan kodi.
11.3. Shtrixli kodlash ishlab chiqarish korxonalarining imkoniyatlari.
Tayanch so‘zlar: Shtrix kod, mahsulot, kodlash, mahsulot sifati, sifat, EAN.
11.1 Mahsulot haqidagi ma’lumotlarni standartlashtirish va kodlash
Ba’zan biror mahsulot xarid qilganimizda uning ko‘rinarli joyida yoki etiketkasida har xil qalinlikdagi chiziqlar va raqamlar bilan belgilangan shakllarni ko‘rishimiz mumkin. Ularga shtrix-kod nomi berilgan. Xo‘sh, shtrix-kodlar nima va qachon paydo bo‘lgan?
Shtrix-kodlardan mahsulotlarga nisbatan tadbiq etish g‘oyasi ilk bora 30- yillarda AQSH ning Garvard biznes maktabida yaratilgan bo‘lib, undan amalda foydalanish bir necha o‘n yillardan so‘nggina, ya’ni, 60-yillardan boshlangan. Shtrix-kodlarni dastlabki qo‘llovchilar temir yo‘lchilar bo‘lib, shu usul orqali temir yo‘l vagonlarini identifikatsiyalashtirilgan. Mikroprotsessor texnikasining gurkirab rivojlanishi
70-yillardan boshlab shtrix-kodlardan keng ravishda foydalanish imkonini yaratdi. 1973 yil AQShda Mahsulotning Universal Kodi (IPC) qabul qilinib, 1977 yildan boshlab esa Yevropa Kodlash Tizimi YEAN (European Article Numbering) ta’sis etildi va hozirda undan nafaqat Yevropada, balki boshqa mintaqalarda ham keng ravishda foydalanilmoqda.
Shtrix-kod ketma-ket almashinib keluvchi qora (shtrix) va oq (probel) rangli, turli qalinlikdagi chiziqlardan iborat bo‘lib, bu chiziqlarning o‘lchamlari standartlashtirilgan. Shtrix-kodlar maxsus optiq qurilmalar - skanerlar yordamida o‘qishga mo‘ljallangan. Uning vositasida, mikroprotsessorlar orqali shtrixlar raqamlarga dekoderlanib, mahsulot haqidagi ma’lumotlar kompyuterga uzatiladi.
Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan davlatimizda O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilayotgan tovarlarni shtrixli kodlash kiritilmoqda. “GS1 International” (YEAN Uzbekistan) (Belgiya, Bryussel) xalqaro assotsiatsiyasi tomonidan bizning mamlakatimizga 478 raqamli identifikatlashtirish kodi berildi.
U bo‘yicha bu tovar qayerda ishlab chiqarilganligini aniqlash mumkin. Mamlakat kodidan keyingi raqamlar tovarni ishlab chiqarayotgan yoki realizatsiya qilayotgan korxonani belgilaydi. Keyingi beshta raqamlar bilan mahsulotning iste’molchilik xossalari o‘lchami, massasi, tarkibi, shakli, o‘ramining ko‘rinishi va boshqa ma’lumotlar shifrlab qo‘yilgan.
Bu raqamlar qatoriga muvofiq kompyuter yordamida shtrixli kod shakllantiriladi. Oxirgi 13-raqam tekshirish uchun va barcha kiritilgan axborotning shtrixli kodini skaner bilan o‘qilishi to‘g‘riligini tekshirish uchun ishlatiladi. Shtrixli kodga o‘zgarib turuvchi, masalan, sifati va bahosi haqidagi ko‘rsatkichlar kiritilmaydi.
Har bir tovar ishlab chiqaruvchi bizda tashkil etilgan “GS1 International” (YEAN Uzbekistan) tovarlar va xizmatlarni avtomatik identifikatlashtirish markazida ro‘yxatga olinadi.
Dunyoning ko‘pchilik mamlakati foydalanadigan bu tizimning qulayligi shundan iborat-ki, u sotib olinayotgan va sotilayotgan tovarlarni avtomatlashtirilgan hisobini yuritishga imkon beradi. Zamonaviy texnika bilan jihozlangan magazinlardagi kassa apparati bu barcha tovarlarni va ularning narxlari xotirasiga kiritilgan kompyuterdir. Ularni savdo korxonasi o‘zi belgilaydi, buyumlarda bir xil shtrixli kod bo‘lsa ham turli savdo joylarida ular farq qilishi mumkin. Magazin raxbarlari ixtiyoriy paytda qancha so‘mga va qanday buyumlar sotilganligi, qaysilariga talab borligi yoki ularni turib qolishini bilib olishlari mumkin. Tizim ishlab chiqarilgan mahsulot miqdori haqida doimo tezkor to‘planadigan ma’lumotlar ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun ham, ulgurji va chakana savdo uchun ham qulaydir. Barcha jarayonlar ustidan nazorat kuchayadi, buxgalteriya hisobi, tovar-transport va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirish avtomatlashtiriladi.
Shtrixli kodlash texnologiyasini joriy etishning iqtisodiy samarasi aylanma mablag‘lar harakatini tezlashtirish, tovar zahiralarini boshqarish tezkorligini ta’minlash, omborxonalarda saqlash xarajatlarini kamaytirishdan tashkil topadi. Shtrixli kodni borligi psixologik ahamiyatga ham ega xaridor albatta "zebra" belgili tovarni tanlaydi. Lekin shtrixli kod shaxsan iste’molchi uchun axborotga ega emasligini ta’kidlash kerak. Ammo o‘z hurmatini bilgan ishlab chiqaruvchi o‘zining obro‘si uchun yagona ma’lumotlar bazasiga ma’lumotlar berib, albatta tovarlar va o‘zi haqida umumiy ma’lumotlarini bildiradi. Bu ma’lumotlarni soxtalashtirish mumkin emas. Garchi ayrimlar intilsa ham, natijada ular bozorda aks reklamaga ega bo‘ladilar, bu esa chiqimlarga olib keladi.
Grafik tasvirni va raqamli qatorni loyiqligini taqqoslashini buyum xaqidagi axborotni to‘g‘riligi uchun javobgar bo‘lgan ixtiyoriy YEAN milliy yoki xalqaro ma’lumotlar bankida o‘tkazish mumkin. Bu tizimdan ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar va savdoda muvaffaqiyatli foydalaniladi. Savdo sheriklari barcha zanjir bo‘ylab identifikatlashtirish raqamiga havola qilishadi bu qulaydir, chalkashlik va har xil tushunishni bartaraf qiladi.
Tizimni O‘zbekistonda joriy etish respublikani dunyo bozoriga faol chiqishi bilan bog‘liqdir. Dunyo bozorida raqobat keskindir va unda muvaffaqiyatli qatnashish uchun to‘g‘ri boshqaruv qarorlarini qabul qilishda menejerga yordam beradigan axborotga ega bo‘lish kerak. Endi bizning tijorat tashkilotlarimizga bevosita O‘zbekistonda u yoki bu tovarni ishlab chiqaruvchi xorijiy korxonalar to‘g‘risida ishonchli axborotni olish imkoniyati paydo bo‘lmoqda. Xorijiy tijoratchilarning so‘rovi bo‘yicha ham O‘zbekiston korxonalari to‘g‘risidagi o‘xshash axborotlarni berish mumkin. Ya’ni shtrixli kod ishchan sherikchilikni yengillashtiradigan tashrif kartochkasidir.
Tovarlarning raqamlash bilan mashg‘ul bo‘lgan qator xorijiy tashkilotlar bilan kelishilgan holda ma’lumotlar banklarini ayirboshlash rejalashtirilmoqda, bu esa O‘zbekiston tovarlarini import qilishni mo‘ljallagan mamlakatlarda bizning korxonalar uchun mahsulotlarini manzilli reklamasini ta’minlaydi. Bunday xizmatlar dunyo bozorida keng qo‘llaniladi.
Bu muhim ishga “O‘zstandart” bo‘linmalaridan tashqari Tashqi Iqtisodiy Aloqalar Vazirligi (TIAV), respublika tovarlar ishlab chiqaruvchilari va tadbirkorlari palatasi jalb qilingan. Natijada tovarni bojxonadan olib o‘tish uchun TIAV da kontraktni ro‘yxatdan o‘tkazishda shtrixli kodni borligi talab qilinadigan tartib joriy qilinadi. Ichki bozorda ham ko‘p ishlarni bajarish lozim bo‘ladi. Xususan shtrixli kodlarni o‘qib oladigan kassa apparatlarini joriy qilish bo‘yicha, hozir bizda faqat ikkita shunday supermarketlar mavjud. Vaqt o‘tishi bilan savdo korxonalarini texnik tomondan jihozlanishi bilan faqat eksport qilish uchun mo‘ljallangan tovarlarni emas, balki ichki bozor uchun mo‘ljallangan tovarlarni ham shtrixli kodlar bilan markalash zarurati kelib chiqadi. “O‘zstandart” da O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq, shtrixli kodlash tizimini qo‘llash tartibini aniq belgilaydigan meyoriy hujjatlar va usuliyatli materiallar ishlab chiqildi. Shtrixli kodlash bo‘yicha uchta asosiy davlat standartlari tasdiqlandi, shtrixli kodning to‘g‘ri ishlatilishi ustidan nazorat yo‘lga qo‘yilmoqda. Begona belgilashlarni o‘zlashtirish uchun jinoiy jazo beriladi. Shunday qilib shtrixli kodni foydalanuvchilarini va uni bosmaxonada nashr qilish uchun asl nusxa maketini tayyorlovchisining javobgarligi oshadi. Hozir ushbu to‘lqinda har xil “bosmaxonachilar” paydo bo‘lishi mumkinligini eslatib qo‘yish o‘rinli bo‘ladi. Shtrixli kodni asl nusxa maketi faqat “O‘zstandart” ning SMSITI da amal qilayotgan shtrixli kodlash markazida shakllanadi, tayyorlanadi va Davlat reyestrining kompyuterida ro‘yxatga olinadi. Shunday qilib shtrixli kodlash lozim bo‘lgan tovarlarni barcha tavsiflarini hisobga olib boradi. Bizning va xorijiy tadbirkorlar o‘zlarining maxsulotlarini realizatsiya qilinishini haqida to‘la axborot olishi va uni sotib olishda tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishadi.