Ma’lum ma’noda yakka hukmlarni umumiy hukmlar bilan tenglashtirish mumkin.
Chunki har ikki hukmda ham to‘plamdagi predmetlarning har biriga nimadir taalluqli yoki
taallluqli emas, deb ko‘rsatiladi. Yakka hukmlarda esa bu to‘plam
birgina predmetdan iborat
bo‘ladi.
Mulohazalarning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini aniqlashda va ba’zi boshqa holatlarda oddiy
hukmlarning miqdor va sifati bo‘yicha birlashgan klassifikatsiyasi (asosiy turlari)dan
foydalaniladi. Ular quyidagilardan iborat:
1. Umumiy tasdiq hukmlar. Ular bir vaqtning o‘zida ham umumiy, ham tasdiq bo‘lgan
fikrni ifodalaydi. Masalan, «Hamma talabalar mantiq ilmini o‘rganadilar».
2. Umumiy inkor hukmlar bir vaqtning o‘zida ham umumiy, ham inkor bo‘lgan
fikrni
ifodalaydi. Masalan, «Hech bir ishbilarmon rejasiz ish yuritmaydi». Bu hukm «Hech bir
S-P emas» formulasi orqali ifodalanadi va lotincha Ye harfi bilan belgilanadi.
3. Juz’iy tasdiq hukmlar bir vaqtning o‘zida ham juz’iy, ham tasdiq bo‘lgan fikrni
ifodalaydi. Masalan, «Ba’zi talabalar mas’uliyatli». U lotincha I harfi bilan belgilanadi va
«Ba’zi S-Pdir» formulasi orqali ifodalanadi.
4. Juz’iy inkor hukm bir vaqtning o‘zida ham juz’iy, ham inkor bo‘lgan fikrni ifodalaydi.
Masalan, «ba’zi talabalar sport bilan shug‘ullanmaydilar». Uning formulasi «ba’zi S-P
emas» bo‘lib, lotincha O harfi bilan belgilanadi.
Oddiy hukmlarda terminlar hajmi. Oddiy hukmlardagi terminlar (S va P) tushunchalar
orqali ifodalanganligi tufayli ularning hajmiga ko‘ra, o‘zaro munosabatlarini aniqlash mumkin.
Hukmlarda terminlar (S va P) to‘liq yoki to‘liqsiz hajmda olingan bo‘ladi. Termin to‘liq hajmda
olinganda uning hajmi boshqa terminning hajmiga to‘liq mos bo‘ladi
yoki mutlaqo mos
bo‘lmaydi (ularning hajmi bir-birini istisno qiladi). Termin to‘liq hajmda olingan bo‘lsa, unda
uning hajmi boshqasining hajmiga qisman mos keladi yoki undan qisman istisno qilinadi. Oddiy
hukmlarda terminlar hajmi quyidagicha bo‘ladi:
1. A – Umumiy tasdiq hukmlarning sub’ekti hammavaqt to‘liq hajmda olingan bo‘ladi.
Predikati esa ba’zan to‘liq, ba’zan to‘liqsiz hajmda bo‘ladi. Masalan, «hamma insonlar tirik
mavjudotdir».
Bu hukmning sub’ekti – «inson», predikati – «tirik mavjudot» tushunchasidir, «hamma» -
umumiylik kvantori. Bu hukmning sub’ekti to‘liq hajmda olingan, chunki unda hamma insonlar
to‘g‘risida fikr bildirilgan va bu tushuncha «tirik mavjudot» tushunchasining hajmiga to‘liq
kirishadi. Uning predikati to‘liq hajmda olinmagan, chunki unda tirik mavjudotlarning bir qismi
– insonlar haqida fikr yuritiladi.