11-Mavzu. O’zbekiston Respublikasida ta’lim sohasida amalga oshirilgan islohotlar
Reja 1. Ta'lim sohasidagi davlat siyosatining mazmun-mohiyati.
2. Maktabgacha ta’lim va umumiy ta’lim tizimida amalga oshirilgan islohotlar.
3. Oliy ta’lim tizimi va xalqaro hamkorlik.
4. Mustaqillik yillarida ilm-fan sohasida erishilgan yutuqlar
Madaniy-ma’naviy rivojlanishning eng muhim poydevori – ta’lim tizimidir. Chunki zamon talablariga javob beradigan, ilg‘or fan-texnika, texnologiya yutuqlarini egallab olgan kadrlarni yetishtirmasdan jamiyatni yuksaltirib bo‘lmaydi.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida har kim bilim olish huquqiga ega ekanligi, shu asnoda davlat bepul umumiy ta’limni kafolatlashi belgilab qo’yilgan. O‘zbekistonda ta’lim sohasidagi siyosati 1997-yil 29-avgustda qabul qilingan «Ta’lim to‘g‘risida»gi yangi tahrirdagi qonun hamda Kadrlar tayyorlash milliy dasturida o‘z aksini topdi.
O’zbekistonda shaxs, jamiyat va davlatning iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy-texnik va madaniy ehtiyojlarini qondiruvchi rivojlanishning ustuvor sohasi deb qonunan e’tirof etildi. Kadrlar tayyorlash Milliy dasturining eng muhim tomoni shundaki, unda yaxlitlik va tizimli yondashuv mavjud bo’lib, shaxs, davlat va jamiyat, uzluksiz ta’lim, fan va ishlab chiqarish jarayoni bir-biri bilan yagona tizimga bog’langan. Dastur mamlakat iqtisodiyotining barcha sohalari va hayoti jabhalari uchun yuqori malakali raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash, milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida ta'lim, fan va ishlab chiqarish, yoshlarning ma'naviy, axloqiy tarbiyasini samarali birlashtirishni ta'minlash, shuningdek, kadrlar tayyorlash sohasida o'zaro manfaatli xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga yo'naltirilgan yagona o'quv-ilmiy ishlab chiqarish majmui sifatidagi ta'lim tizimini bosqichma-bosqich takomillashtirish vazifalarini hal qilishga xizmat qildi.
Ta'lim O’zbekiston Respublikasi ijtimoiy taraqqiyoti sohasida ustuvor deb e'lon qilingan.
Ta'lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
- ta'lim va tarbiyaning insonparvar, demokratik harakterda ekan-ligi;
- ta'limning uzluksizligi va izchilligi;
- umumiy o'rta, shuningdek, o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limining majburiyligi;
- o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi yo'nalishini: akademik liseyda yoki kasb-hunar kollejida o'qishni tanlashning ixtiyoriyligi;
- ta'lim tizimining dunyoviy xarakterda ekanligi;
- davlat ta'lim standartlari doirasida ta'lim olishning hamma uchun ochiqligi;
- ta'lim dasturlarini tanlashga yagona va tabaqalashtirilgan yondashuv;
- bilimli bo'lishni va iste'dodni rag'batlantirish;
- ta'lim tizimida davlat va jamoat boshqaruvini uyg'unlashtirish.
Jinsi, tili, yoshi, irqiy, milliy mansubligi, e'tiqodi, dinga mu-nosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, xizmat turi, ijtimoiy mavqei, turar joyi, O’zbekiston Respublikasi hududida qancha vaqt yashayotganidan qat'i nazar, har kimga bilim olishda teng huquqlar kafolatlanadi.
Bilim olish huquqi:
- davlat va nodavlat ta'lim muassasalarini rivojlantirish;
- ishlab chiqarishdan ajralgan va ajralmagan holda ta'lim olishni tashkil etish;
- ta'lim va kadrlar tayyorlash davlat dasturlari asosida bepul o'qitish, shuningdek, ta'lim muassasalarida shartnoma asosida to'lov evaziga kasb-hunar o'rgatish;
- barcha turdagi ta'lim muassasalarining bitiruvchilari keyingi bosqichdagi o'quv yurtlariga kirishda teng huquqlarga ega bo'lishi;
- oilada yoki o'zi mustaqil ravishda bilim olgan fuqarolarga ak-kreditasiyadan o'tgan ta'lim muassasalarida eksternat tartibida at-testasiyadan o'tish huquqini berish orqali ta'minlanadi.
Boshqa davlatlarning fuqarolari O’zbekiston Respublikasida xalqaro shartnomalarga muvofiq bilim olish huquqiga ega.
Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan fuqaroligi bo'lmagan shaxs-lar bilim olishda O’zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng huquqlarga ega.
Uzluksiz ta'lim tizimining faoliyat olib borishi davlat ta'lim standartlari asosida, turli darajalardagi ta'lim dasturlarining izchilligi asosida ta'minlanadi va quyidagi ta'lim turlarini o'z ichiga oladi:
- maktabgacha ta'lim;
- umumiy o'rta ta'lim;
- o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi;
- oliy ta'lim;
- oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim;
- kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash;
- maktabdan tashqari ta'lim.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1996-yil dekabrdagi qarori bilan 1-oktabr – «O‘qituvchilar va murabbiylar kuni» deb belgilandi hamda bu kun bayram sifatida dam olish kuni deb e’lon qilindi.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturi 3 bosqichdagi islohotlar asosida amalga oshirildi.
I bosqich – 1997–2001-yillarda dasturni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan huquqiy-me’yoriy, ilmiy-metodik, moliyaviy-moddiy shartsharoitlar yaratildi. Buning uchun davlat tomonidan qo‘shimcha ravishda 65 milliard so‘m mablag‘ sarf qilindi.
II bosqich – 2001–2005-yillarni o‘z ichiga olib, milliy dastur keng miqyosda joriy etildi.
III bosqich – 2005-yildan 2017 yilgacha. Bu bosqichda Kadrlar tayyorlash milliy dasturi natijasida erishilgan natijalar, to‘plangan tajribalar umumlashtirilib, shu asosda yurtimizda ta’lim tizimi takomillashtirilib borildi. 2009-yildan boshlab, yurtimizda to‘liq 12 yillik majburiy ta’lim joriy etildi.