Huquq normasining ichki tuzilishi, uning tarkibiy elementlari.
Huquq prinsiplarining tushunchasi va mohiyati
Huquq prinsiplarining tasnifi
Huquq funktsiyalari tushunchasi va turlari
Tayanch iboralar: huquq normasi, ijtimoiy norma, huquq normasi belgilari, turlari, gipoteza, dispozitsiya, sanktsiya, huquqiy prinsip, aksioma, prezumpsiya, fiksiya, huquq funksiyalari, tarbiyaviy, tartibga soluvchi va qo`riqlovchi funksiyalar.
1. Huquq normasi tushunchasi. Insonlar paydo bo`lgandan beri hamma vaqt jamoa ichida yashab kelmoqdalar. Yunon faylasufi Aristotel inson jamoadan tashqarida yashay olishi uchun yoki Tangri yoki jonivor bo`lishi kerak, deb yozgan edi.
Zamonamizda jamiyat hayotining tartibli bo`lishini, uning ichida yashayotgan inonlarning o`zaro bir-birlari bilan va umuman jamiyat bilan munosabatlarining muayyan bir tartib va ishonch asosida rivojlanishi jamiyat taraqqiyotining muhim shartidir. Aks holda, jamiyat hayoti parokandalashib, insonlar hayotiy, shaxsiy va mulkiy xavfsizlikdan mahrum bo`ladilar, osoyishtalik buzilib, jamiyatdagi vaziyat taranglashadi.
Jamiyat hayotining muayyan tartib asosida oqishi uchun insonlar ham o`zaro, ham jamiyat bilan munosabatlarida ijtimoiy meyorlarga rioya qilishlari lozim. Ijtimoiy munosabatlar ijtimoiy meyorlar bilan tartibga solingan bo`ladi. Bu meyorlar jamiyat hayotining qanday bo`lishi xususida bir qator talab va taqiqlarni o`z ichiga oladi. Ular ijtimoiy munosabat ishtirokchilariga nima qilish mumkin, nima qilish lozim va nima qilish mumkin emasligi to`g`risida axborot beradi.
Insonlar ijtimoiy munosabatlarda bu meyorlarning talab va taqiqlariga muvofiq hatti-harakat qilishga majburlar, aks holda javobqar bo`lishlarini biladilar. Jamiyat hayotini tartibga solayotgan meyorlarga muvofiq hatti-harakat qilinganda, bu meyorlarning qil degan talabini bajarmasdan, qilma degan taqiqlarini qilgan taqdirda inson duchor qilinadigan javob qarshilikka javobgarlik deb aytiladi. Insonlarni ijtimoiy meyorlar qo`ygan talablarga muvofiq hatti-harakat qilishga, man qilingan harakatlardan saqlanishga majbur qiladigan narsa bu javobqarlikka duchor bo`lishdan qo`rqishdir.
Jamiyat hayotining tinch, osoyishta va xavfsiz bo`lishi, ijtimoiy munosabatlarning tartibli bir shaklda rivojlana olishi ijtimoiy meyorlarning ishlab turishiga bog`liq. Aks holda jamiyat hayotida tartib ta’minlanmagan, har kim o`zi istaganini qilishda, xohlaganicha hatti-harakat qilishda chegaralanmagan bo`ladiki, bu jamiyatda tartibsizliklarni keltirib chiqaradi. Tartibsiz bir jamiyatda esa bilak va cho`ntakning quvvatiga ishoniladi, jismonan va iqtisodiy kuchsiz ahvolda bo`lganlarni ezish va ularni majburlab ishlatishda to`siqlar mavjud bo`lmaydi. Bunday sharoitda jamiyat hayoti oddiy insonlar uchun chidab bo`lmaydigan bir mashaqqatga aylanib qoladi.