Diniy ekstremizm va terrorizm, missionerlik va prozelitizmning s
Homiy davlatlar, turli diniy, xayriya tashkilotlar va alohida shaxslar, shuningdek, YAqin SHarq va G‘arb davlatlaridagi ba’zi ijtimoiy guruhlar tomonidan maqsadli yig‘iladigan pullar terrorchi guruhlarning tashqi moliyaviy manbai hisoblanadi. Soha mutaxassislari va ayrim tadqiqotchilar fikricha, bugungi kunda faoliyat ko‘rsatayotgan qariyb 150 ta nohukumat islomiy tashkilotlari jangarilik amaliyotlarini moliyalashtirishda gumon qilinmoqda.
Terrorchi guruhlarga ko‘rsatilayotgan moliyaviy yordam ko‘lamini birgina MDH mamlakatlari hududida faoliyat yurituvchi terrorchi tashkilotlarga 60 ga yaqin diniy tashkilotlar, 100 ga yaqin xorijiy kompaniya va o‘nlab banklar homiylik qilayotganida ham ko‘rish mumkin. O‘z navbatida, o‘zini «O‘zbekiston islomiy harakati» deb atovchi tashkilot ham qator homiylar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Mutaxassislar ular qatoriga «al-Qoida», «Musulmon birodarlar» kabi terrorchi guruhlarni kiritadilar.
Terrorchi guruhlar hozirda o‘z moliyaviy manbalari bilan bank tizimi imkoniyatlari va zamonaviy texnologiyalardan foydalangan murakkab aloqa tizimlarini shakllantirishga harakat qilmoqda. Natijada, ushbu manbalarni aniqlash va yo‘q qilish tobora qiyinlashib bormoqda. Jumladan, ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, 2001 yil 11 sentyabr voqealaridan so‘ng, 2003 yilning noyabriga qadar 148 mamlakatdagi 300 dan ziyod tashkilotlarga tegishli 1400 ta hisob raqami «muzlatilgan». Bundan 200 million dollar zarar ko‘rganiga qaramay, terrorchi guruhlar o‘z moliyaviy manbalari bilan yangi aloqalarni shakllantirish hisobiga jangovar qobiliyatlarini qayta tiklab olishga intilmoqda.
Terrorizmning moliyaviy manbalariga barham berishga xalqaro miqyosda alohida ahamiyat berilmoqda. Dunyoning ko‘pgina davlatlari, jumladan, O‘zbekistonda ham terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash haqidagi maxsus qonunlar qabul qilingan. Mazkur yo‘nalish xalqaro tashkilotlarning ham diqqat markazida turgan vazifalardan hisoblanadi. Xususan, oxirgi yillarda Usoma bin Lodin va boshqa terrorchi shaxslar hamda tashkilotlarga tegishli dunyo banklaridagi hisob raqamlarini «hibsga olish»ga bag‘ishlangan BMT Xavfsizlik Kengashining 1333, 1390 va 1455-qarorlari qabul qilinib, ular deyarli barcha davlatlar tomonidan ijro etilmoqda.