Ishlab chiqarish miqyosining ijobiy samarasi (economies of scale) shunda namoyon bo‘ladiki, korxonada ishlab chiqarish hajmi o‘sib borishi bilan, bir qator omillar ishlab chiqarish o‘rtacha xarajatlarining pasayishiga ta’sir ko‘rsata boshlaydi. Bu omillar quyidagilar: 1) mehnatning ixtisoslashuvi; 2) boshqaruv xodimlarining ixtisoslashuvi; 3) kapitaldan samarali foydalanish; 4) qo‘shimcha turdagi mahsulotlarning ishlab chiqarilishi. Quyida bu omillarning har biriga batafsil to‘xtalib o‘tamiz.
Mehnatning ixtisoslashuvi.Korxona ko‘lamining o‘sib borishi bilan foydalanilayotgan mehnatning ixtisoslashuv darajasini oshirish imkoni kengayib boradi. Qo‘shimcha ravishda ishchilarning yollanishi topshiriqning ular o‘rtasida borgan sari aniqroq taqsimlanib borishini anglatadi. Ishlab chiqarish jarayonida 5-6 tadan turli operatsiyalarni bajarish o‘rniga endilikda har bir ishchi bitta – yagona topshiriqni bajarishi mumkin bo‘ladi. Butun ish kuni davomida u o‘zining malakasiga ko‘proq mos keladigan vazifani bajarish bilan band bo‘ladi. Kichik
korxonalarda malakali ishchilar ko‘pincha o‘z ish vaqtlarining deyarli yarmini hech qanday malaka talab etmaydigan ishlarni bajarishga sarflaydilar. Bu esa ishlab chiqarish xarajatlarining oshib ketishiga olib keladi. Shuningdek, ishlab chiqarish miqyosining o‘sishi bilan ta’minlanuvchi mehnat operatsiyalarining taqsimlanishi imkoniyati ishchilar uchun o‘z vazifalarini bajarishlarida katta tajriba orttirishga zamin yaratadi. 5-6 ta topshiriq bilan band qilingan eng mahoratli ishchi ham bu vazifalarning har birini bajarishda u qadar malakali bo‘la olmaydi. Yagona vazifani bajarish imkoniga ega bo‘lgach, xuddi shu ishchi yanada unumliroq ishlay oladi. Va nihoyat, mehnat ixtisoslashuvining yuqori darajasi ishchi tomonidan bir topshiriqni bajarishdan boshqa biriga o‘tishdagi vaqt yo‘qotilishi holatining oldini oladi.
Boshqaruv xodimlarining ixtisoslashuvi.Ishlab chiqarishning yirik miqyoslari, shuningdek, boshqaruv bo‘yicha mutaxassislar mehnatidan yaxshiroq foydalanish imkonini beradi. Birdaniga 20 nafar ishchini nazorat qilishga qodir bo‘lgan rahbarning mehnati bir necha ishchiga ega bo‘lgan kichik korxonada yetarli darajada foydalanilmaydi. Bu holatda ma’muriy apparatni ta’minlash xarajatlarini oshirmagan holda korxona ishlab chiqarish xodimlarining sonini ikki baravar ko‘paytirish mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, kichik firmalar boshqaruvchi mutaxassis mehnatidan bevosita maqsadga muvofiq foydalana olmaydilar. Kichik korxonada sotish muammolari bo‘yicha mutaxassis o‘z vaqtini boshqaruvning turli sohalari – masalan, marketing, ishchi kuchi resurslarini boshqarish, moliyaviy boshqarish bo‘yicha taqsimlashga majbur bo‘lishi mumkin. Operatsiyalar miqyosining kengayishi marketing bo‘yicha mutaxassis o‘zini mahsulotlarni taqsimlash va sotish ustidan nazorat o‘rnatishga to‘liq bag‘ishlashi mumkinligidan darak berib, boshqaruvning boshqa funksiyalarini bajarish uchun qo‘shimcha ravishda tegishli mutaxassislar jalb etiladi. Pirovardida bu holat samaradorlikning oshishi hamda mahsulot birligiga bo‘lgan ishlab chiqarish xarajatlarining pasayishiga olib keladi.