29. Ilonlarning ichki tuzilish Ilonlarning ichki tuzilishi ko‘p jihatdan baqanikiga o‘xshasa-da, ayrim organlari undan farq qiladi. Xususan, uning boshi 8 ta umurtqalar orqali tanasiga harakatchan birikkan. Ko‘krak umurtqalarining har biriga ikki yon tomondan bittadan qovurg‘alar tutashgan. Qovurg‘alarning ikkinchi uchi esa to‘sh suyagiga tutashgan. Ko‘krak umurtqalari, qovurg‘alar va to‘sh suyagi birgalikda ko‘krak qafasini hosil qiladi. Ko‘krak qafasida o‘pka va yurak joylashgan.ilonlar faqat o‘pkasi orqali nafas oladi.
Ilonlarning yuragi baqaniki singari ikkita bo‘lma va bitta qorinchadan iborat, lekin birmuncha murakkab tuzilganligi bilan suvda hamda quruqlikda yashovchilarnikidan farq qiladi. Shunga qaramay, ular organizmida moddalar almashinuvi sust boradi. Ilonlar sovuqqonli hayvonlar bo‘lganidan tanasining harorati atrof-muhit haroratiga bog‘liq. Ilonlarning hazm qilish, ayirish va nerv sistemasining tuzilishi suvda hamda quruqlikda yashovchilarnikiga o‘xshaydi. Lekin tana muvozanatini saqlaydigan va harakatini boshqaradigan miyachasi ancha kuchli rivojlangan. Shuning uchun ilonlar suvda hamda quruqlikda yashovchilarga nisbatan chaqqon va xilma-xil harakat qiladi.
Ko‘payishi va rivojlanishi. Sudralib yuruvchilarning tuxumi urg‘ochisi jinsiy yo‘lida urug‘lanadi. Erkagining spermatozoidlari urg‘ochisining kloakasiga tushadi. Sudralib yuruvchilarda boshqa haqiqiy quruqlikda yashovchi hayvonlar singari ichki urug‘lanish sodir bo‘ladi.
Ilonlarning oyog‘i bo‘lmaydi. Ular gavdasini egib, qovurg‘alariga tayangan holda harakatlanadi. Kaltakesaklarning ochilib-yumiladigan uchinchi xira qovog‘i bo‘lishi eslatib o‘tilgan edi. Ilonlarning haqiqiy qovoqlari bo‘lmaydi. Ularning shaffof qovoqlari soat oynasi singari ko‘zini qoplab turadi. Kaltakesaklar singari ilonlar ham tullaydi. Lekin ilonlar tullaganda terisi paypoqqa o‘xshab yaxlit ko‘chib tushadi. Ilonlarning yuqori va pastki jag‘ suyaklari cho‘ziluvchan paylar yordamida harakatchanbirikkan. Ular og‘zini juda katta ochib, tanasidan ancha yo‘g‘on o‘ljani ham butunligicha yuta oladi. Ilonlar havoda tarqalgan tovushlarni eshitmaydi. Zaharli ilonlarning og‘iz bo‘shlig‘ida yuqori jag‘idan orqaroqda zahar bezlari va yuqori jag‘ida ikkita yirik zahar tishlari joylashgan (76-rasm). Ilon chaqqanida bezlar ishlab chiqaradigan zahar ana shu tishlardagi egatcha yoki naycha orqali o‘ljasi yoki g‘animi tanasiga o‘tadi. Ilonning uchi ayri tili ham kaltakesakniki singari tuyg‘u va ta’m bilish organi hisoblanadi. Ilonlarning eshitish organi yaxshi rivojlanmagan. Bo‘g‘ma va shaqildoq ilonlarning issiqlikni uzoqdan sezadigan organi bo‘ladi. Ilonlar o‘rgimchaksimonlar, hasharotlar, baliqlar, baqalar,qurbaqalar, kaltakesaklar, mayda qushlar va sutemizuvchilar bilan oziqlanadi. Ular bittadan bir necha o‘ntagacha tuxum qo‘yadi.