Bolt materiallari
O’zgaruvchan yuklanishlar ostida ishlaydigan rezbali birikmalarda avvalambor rezbaga tushadigan yuklanish qismini kamaytirish tadbirlarini ko’rish lozim. Buning uchun birikayotgan detallarning va ularning tutashish sirtlarining bikrligini oshirish kerak. Bu holda qistirmalarning bikrligini oshirish, tayanch yuzasi o’lchamlarini kengaytirish, tutashish yuzalarini bir-biriga moslashtirish usullarini qo’llash mumkin. Boltning rezba o’yilmagan qismi diametrini (0,8... 1,05) d1 qadar oshirish ham maqsadga muvofikdir. Ba’zi hollarda bolt kallagi tagiga maxsus elastik shaybalar qo’yilishi ham mumkin.
Rezba tubi dumaloqlanish radiusini oshirish uning charchashga qarshiligini oshirishga olib keladi. O’ramlar orasida yuklanishni to’g’ri taqsimlash samarali usullardan hisoblanadi. Ma’lumki, rezba o’ramlari soni o’nta bo’lganida N.E. Jukovskiyning ma’lumotlari bo’yicha 1-o’ramga 0,34; 2-o’ramga 0,227; 3-o’ramga 0,151; 4-o’ramga 0,11; 5-o’ramga 0,0682; 6-o’ramga 0,0452; 7-o’ramga 0,03; 8-o’ramga 0,02; 9-o’ramga 0,013; 10-o’ramga 0,0089 qism o’qiy yuklanish to’g’ri kelar ekan. Bunda gayka bilan detalning tutashish sirtiga 1-o’ram mos kelishi nazarda tutilgan. Quyida o’ramlar bo’yicha yuklanishni to’g’ri taqsimlash konstruksiyalari keltirilgan (12-rasm).
12-rasm. Vintli juftda rezba o’ramlari bo’yicha kuchlarning taqsimlanishi
Rezbali detallarning mustahkamlik darajalari, ular uchun ishlatiladigan materiallar va ruxsat etilgan kuchlanishlar
Po’lat vintlar, boltlar va shpilkalar ikkita raqamlar: 3.6, 4.6, 4.8, 5.6, 5.8, 6.6, 6.8, 6.9, 8.8, 10.9, 12.9, 14.9 bilan belgilanadigan 12 ta mustahkamlik darajasi bo’yicha tayyorlanadi. Birinchi raqamning 100 ga ko’paytmasi mustahkamlik chegarasi σv ning eng kichik qiymatini ko’rsatadi (MPa da); birinchi va ikkinchi raqamlarning ko’paytmasini 100 ga ko’paytirsak σoq oquvchanlik chegarasi (MPa da) kelib chiqadi. (3.6 mustahkamlik darajasi uchun bu holat taxminiydir). Rezbali detallar uchun mustahkamlik darajasi tanlanganda yuklamaning qiymati va tavsifi, ishlash sharoiti, tayyorlash usuli e’tiborga olinadi.
Rezbali detallar uchun asosan turli rusumdaga po’latlar ishlatiladi. Bular qatoriga umumiy vazifadagi rezbali detallar uchun kam va o’rta ugleroddi St 3, 10, 20, 35, 45 va boshqa po’latlar, mas’uliyatli vazifadagi rezbali detallar uchun legirlangan 40G, 35X, 38XA, 45G, 40G2, 40X, 30XGSA, 16XSN va boshqalar kiradi.
Namlik, zanglatuvchi muhit ta’sirida bo’lgan rezbali detallarga zangdan saqlovchi usullar bilan ishlov beriladi. Rezbali birikmalar uchun nometall materiallar ham ishlatilishi mumkin.
Эътиборингиз учун раҳмат!
Dostları ilə paylaş: |