Falsafiy bilimning tuzilishi. Falsafa o’z shakllanishi va rivojlanishining qadimgi davridayoq, tabiat, inson, jamiyat va ma’naviyatni, shuningdek sababiy bog’lanishlar, qonunlar va shu kabilarni bilish sohasida yuksak natijalarga erishdi va oqilonalik nuqtai nazaridan odamlarning dunyo haqidagi umumiy tasavvuriga aylandi. Ammo olamning cheksiz darajada rang-barangligi va serqirraligi tufayli o’sha davrdayoq parchalanmagan falsafiy bilimlar va tasavvurlardan ayrim bo’limlar ajralib chiqa boshladi, vaqt o’tishi bilan rivojlanib, ancha aniq shakl-shamoyil kasb etdi va yangi bilimlar bilan to’ldirildi. Pirovard natijada ular falsafiy bilimning tuzilishini (strukturasini) tashkil etdi.
Quyidagilar falsafiy bilimning muhim tarkibiy qismlari hisoblanadi:
gnoseologiya (boshqa bir terminologiyaga ko’ra – epistemologiya) – bilish nazariyasi;
ijtimoiy falsafa – jamiyat haqidagi ta’limot;
etika – axloq haqidagi ta’limot;
aksiologiya - qadriyatlar haqidagi ta’limot;
falsafiy antropologiya – inson haqidagi ta’limot va boshqalar.
Falsafaning maqsadi va asosiy funksiyalari. Falsafa fanining maqsadi – bu «odam - olam» munosabatlari doirasida olamning borligini, birligini, harakat va rivojlanishda ekanligini ilmiy-amaliy jihatdan tushuntirishdan iborat. Falsafaning funksiyalari -bu falsafaning inson bilimlarining boshqa sohalariga va hayot jabhalariga ma’lum darajada o‘z ta’sirini o‘tkazadigan munosabatlarining nazariy- amaliy ifodasidir. Falsafaning jamiyat hayotida katta va betakror rol o‘ynashi uning bajaradigan asosiy funksiyalarida yanada aniqroq namoyon bo‘ladi. Bular quyidagilardir: 1) dunyoqarashlik; 2) ontologik; 3) metodologik; 4) gnoseologik; 5) ijtimoiy; 6) aksiologik; 7) evristik funksiyalaridir.
1. Dunyoqarashlik funksiyasi. Falsafa dunyoni bir butun holda aks ettirib, unda insonning dunyoga munosabati haqidagi barcha bilimlarimizni nazariy jihatdan umumlashtirib, uni o‘zlashtirish asosida bizni borliq, materiya, tabiat, jamiyat, inson, uning ongi va tafakkuri, insonning dunyoni bilishi to‘g‘risidagi eng umumiy qarashlar bilan qurollantiradi. Bu falsafaning dunyoqarash funksiyasi bo‘lib, u falsafaning, falsafiy bilimlarning asosiy xususiyatidir.
2. Ontologik funksiyasi – bu borliqni, uning tuzilishini, rang-barangligini, shakllarini o‘rganishda namoyon bo‘ladi.
3. Metodologik funksiyasi. Borliqning turli tomonlarini xususiy fanlar o‘z metodlari bilan tahlil qilishadi. Shu bilan birga, borliqni o‘rganishda xususiy fanlar umumiy xulosalar chiqarish uchun falsafiy metodlardan ham foydalanishadi. Chunki falsafiy metodlar borliq, tabiat, jamiyat, bilish, ong va boshqa kategoriyalarning, narsa va hodisalarning mohiyatini, eng umumiy tomonlarini, bog‘lanish va aloqadorligini bilish imkoniyatini beradi. Aniq fanlar rivojlangan sari falsafiy metodlarning ahamiyati ham ortib boradi. Falsafiy metodlar aniq fanlar yutuqlarini umumlashtirib, olam haqida yaxlit tasavvur hosil qilishda yordam beradi. Aynan shu vazifani falsafiy metodologik umumlashmalar, falsafiy metodlar bajaradi.
Umuman, falsafa alohida fanlar uchun, ularning tabiat va jamiyatning borliq va ongning aniq tomonlarini o‘rganishda, tadqiq qilishda eng umumiy metod rolini o‘ynaydi.
4. Gnoseologik funksiyasi. Falsafa dunyoni bilish muammosini o‘rganar ekan, uning umumiy metodlarini ishlab chiqib, inson bilish jarayonining umumiy nazariyasini yaratadi. Shu asosda inson bilish, uning rivojlanish tendensiyalari va eng umumiy qonunlarini ochib beradi. Falsafa inson amaliy tajribasida hosil bo‘lgan bilimlarning haqiqatligini tekshiruvchi mezonlarni ham tadqiq etadi.
Falsafa inson oldiga, avvalo, o‘zini anglash va so‘ngra borliqni o‘rganish masalasini ham qo‘yadi. Dunyoni bilish asosida inson o‘zi o‘zgarib, dunyoni oqilona anglab, so‘ngra amaliy faoliyatida falsafiy umumlashmalarga tayanadi. Bunday hollarning barchasida falsafaning gnoseologik vazifasi namoyon bo‘ladi.
5. Ijtimoiy funksiyasi. Jamiyat taraqqiyotining tarixiy tajribasi o‘rganilib va tahlil qilinib, xulosalar chiqarib boriladi. Uning hozirgi kundagi imkoniyatlari, ehtiyojlarini bilishdan kelib chiqqan holda jamiyatning kelgusidagi istiqboli aniqlanadi.