O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O`RTA MAXSUS TA'LIM VAZIRLIGI TERMIZ DAVLAT UNIVERSITETI TA’LIM TARBIYA NAZARIYASI VA METODIKASI (BOSHLANG’ICH TA’LIM 2-KURS MAGISTRANTI ABDUNAZAROVA ZAYNABNING MUTAXASISLIK FANLARINI O’QITISH METODIKASI (TABIATSHUNOSLIK) FANIDAN
Termiz - 2022 Mavzu: Boshlang’ich sinflarda sinfdan tashqari mashg’ulotlarni takomillashtirish metodikasi. KIRISH I-BOB. Tabiatshunoslik darslarida sinfdan tashqari ishlarni tashkil etish metodikasining ilmiy-nazariy asoslari. 1.1. Ta’lim jarayonida sinfdan tashqari ishlarning ahamiyati
1.2. Sinfdan tashqari ishlarni tashkil etishda qo`yiladigan pedagogik-psixologik talablar.
II-BOB. Tabiatshunoslik darslarida sinfdan tashqari ishlarni tashkil etish shakl va metodlari. 2.1. Boshlang`ich sinf tabiatshunoslik darslarida sinfdan tashqari ishlarni tashkil etish mazmuni
2.2. Sinf va sinfdan tashqari mashg’ulotlarda interaktiv o’yinlarni tashkil etish metodikasi
Xulosa Foydalanilgan adabiyotlar
K I R I S H Mavzuning dolzarbligi. O’zbekiston Respublikasining “Ta'lim to'g'risida” gi Qonun va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” talablari asosida umumiy ta'lim fanlari bo`yicha davlat ta'lim standartlari ishlab chiqilib bosqichma-bosqich amalga oshirishga kirishilgandan keyin dars va sinfdan tashqari ishlarda ilg'or tajribalar, yangi pedagogik texnologiyalarni izlash, ularning didaktik imkoniyatlarini sinab ko'rgan holda amaliyotga tadbiq etishga bo'lgan hayotiy ehtiyojni oshirib yubordi.
Davlat ta'lim standartlari o'quvchilar bilim va saviyasining minimal darajasini belgilaydi. Bu darajadan yuqori ko'rsatkichlarga erishish uchun izlanish va tashabbus lozim. Sinfdan tashqari ishlarda pedagogik innovatsiyalarni yaratish va ularni boshqarish, avvalambor, ana shu dolzarb vazifalarni hal qilib beradi.
Boshlang’ich sinf uzluksiz jarayon sifatida ma’lum didaktik qonuniyatlarga asoslangan pedagogik tizim doirasida ijro etiladi. Bu tizimning samarasi esa o’qituvchining kasbiy mahoratiga, ijodkorligiga o’z ustida tinimsiz ishlashiga, jamiyatda ro’y berayotgan o’zgarishlarga moslasha olish tezligiga bog’liq, ya’ni o’qituvchi shaxsi va faoliyati ijtimoiy buyurtma talablariga mos holda yangilanib, rivojlanib borishi lozim. Albatta, yurtimizda yoshlarimiz qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg’usini kamol toptirish, ularni sog’lom turmush tarzi ruhida tarbiyalashga qaratilgan targ’ibot - tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Bugungi kunda biz uchun o’z dolzarbligi va ahamiyatini hech qachon yo’qotmaydigan yana bir masala, bu - farzandlarimizni mustaqil fikrli, zamonaviy bilim va kasb - hunarlarni egallagan, mustahkam hayotiy pozitsiyaga ega, chinakam vatanparvar insonlar sifatida tarbiyalash vazifasidir.
Maktabda bolalar bilan darsdan tashqari vaqtlarda har xil mashg'ulotlar: ekskursiyalar, to'garak ishlari, ertaliklar, sinfdan tashqari ishlar, qiziqishlar bo’yicha klublar va boshqa ishlar o'tkaziladi. Bu ishlar o'quvchilarning o'qituvchi rahbarligida ularning bilishga q iziqishlarini uyg'otish va shuningdek maktab dasturini kengaytirish hamda to'ldirish maqsadida amalga oshiriladigan darsdan tashqari ko'pchilik faoliyat shakli bo'lgan sinfdan tashqari ishlar nomini oladi.
Sinfdan tashqari mashg'ulotlarning barcha turlari bir-biriga bog'liq bo'lishi, biri ikkinchisini to'ldirishi kerak. O'simlik va hayvonlar bilan ishlashga darslarda vujudga kelgan qiziqish sinfdan tashqari mashg'ulotlarda rivojlanishi mumkin, ayniqsa tabiatshunoslik bilan qiziqqan o'quvchilar esa yosh tabiatshunoslar to'garagiga birlashtirilishi mumkin.
,,Ta’lim berishning ilg’or pedagogik texnologiyalarini, zamonaviy o’quv-uslubiy majmualarni yaratish va o’quvtarbiya jarayonini didaktik jihatdan ta’minlash’’ umumiy o’rta ta’limning asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilangan edi. Davlatlararo qattiq raqobat mavjud bo’lgan davrda har bir mamlakat barcha sohada raqobatbardosh bo’lishga harakat qiladi. Davlatning iqtisodiy, texnik rivojlanishiga qator omillar ta’sir ko’rsatishi tabiiy. Bular: mamlakatda mavjud bo’lgan tabiiy resurslar, uning geografik joylashuvi, ta’lim tizimi, tarixi va boshqa ko’p omillardir. Lekin mavjud tabiiy resurslardan oqilona foydalana oladigan, davlatning tarixiy rivojlanishini belgilab beradigan (tarixni o’z qo’li bilan yaratadigan), davlat iqtisodiyotini boshqaradigan, yangidan – yangi texnikani yarata oladigan, mavjud ilg’or texnika va texnologiyalardan foydalana oladigan, ishlab chiqarishni yo’lga qo’ya oladigan omil bu albatta, inson omilidir.