Singarmonizm. Singarmonizm lotincha unlilarning uyg‘unlashuvi demakdir. Taniqli tilshunos I. A. Bogoroditskiy fikriga ko‘ra, singarmonizm unlilar uyg‘unligi, shuningdek, qisman undoshlarga ham taalluqlidir. Undoshlarga ham taalluqli deyilishida jaranglilik, jarangsizlik jihatidan asos va affiksning uyg‘unlashishi ko‘zda tutiladi: borgan ~ barγan (r+γ jarangli undoshlari uyg‘unlashgan), ketgan ~ ketkän (t+k jarangsiz undoshlar uyg‘unlashgan). Bunday fonetik jarayonni singarmonizm deb qarash an’anasi ham bor. Singarmonizm qonuni ikki sifat ko‘rinishiga ega:
Lingval yoki palatal (tanglay) singarmonizm. Singarmonizm-ning bu turida so‘zning dastlabki bo‘g‘inida old qator unlilar qatnashgan bo‘lsa, keyingi bo‘g‘inlarida ham old qator unlilar ishtirok etadi, so‘zning dastlabki bo‘g‘inida orqa qator unlilar ishtirok etsa, keyingi bo‘g‘inlarida ham orqa qator unlilar qatnashadi.
Bu qonunga ko‘ra, so‘zning dastlabki bo‘g‘inida a, u, o, ї:, ї unlilaridan biri qatnashsa, keyingi bo‘g‘inlarida ham ana shu unlilar keladi, shuningdek, so‘zda chuqur til orqa q, γ, x undoshlari ishtirok qilishi ham mumkin, aksincha, so‘zning dastlabki bo‘g‘inida ä, e, i:, i, ö, ü unlilaridan biri qatnashsa, keyingi bo‘g‘inlarida ham xuddi shu unlilar keladi, bunday so‘zlarda k, g undoshlari ham qatnashishi mumkin. Bu qonun qarluq lahjasining shahar va shahar tipidagi shevalarida amal qilmaydi.
2. Labial singarmonizm. Bu qonun aksariyat turkiy tillarda amal qiladi, ayniqsa, qirg‘iz tilining “temir qonuni” hisoblanadi, o‘zbek tili va uning shevalarida esa qisman amal qiladi.
Bu qonunga ko‘ra, so‘zning dastlabki bo‘g‘inida old qator lablangan unli ishtirok etsa, keyingi bo‘g‘inlarida ham old qator lablangan unli(lar) qatnashadi, aksincha, so‘zning dastlabki bo‘g‘inida lablangan orqa qator unli ishtirok etsa, keyingi bo‘g‘inlarida ham orqa qator lablangan unli(lar) qatnashadi.
O‘zbek shevalarida lab garmoniyasi qonuni so‘zlarning dastlabki ikki bo‘g‘inida qayd qilinishi xarakterlidir, uchinchi va to‘rtinchi bo‘g‘inlarida siyrak uchraydi: suyunchi ~ süjünči, ko‘rin-di ~ köründi, bo‘libdi ~ boluptu, ko‘ribdi ~ körüptü (Namangan) va boshqalar.
Singarmonizm qonuni ayni zamonda unlilarning progressiv assimilatsiyasi deb ham yuritiladi. Singarmonizmdan chekinish hollari:
1. Shevalarda yuklamalar singarmonizmga bo‘ysunmaydi: qipchoq lahjasi shevalarida: bo‘ldi-ku ~ boldї-qu, keldi-ku ~keldi-qu, kelding-a ~ kädiη-ä, barding-a ~ bardїη-ä.
2. Ayrim qo‘shimchalar bir variantli bo‘lganligi tufayli singarmonizmga bo‘ysunmasligi mumkin, masalan, qipchoq shevalarida bora qol ~ baraγaj , kela qol ~ keläγaj; Xorazm shevalarida: (soxta) tabibchilik ~ sünnäčїlїq.
-γaj, -čїlїq affikslarining shu shevalarda old qatorli varianti bo‘lmaganligi uchun singarmonizmga bo‘ysunmagan.
3. Arab, fors, tojik tillaridan o‘zlashgan so‘zlar aslida singarmonizmga bo‘ysunadi, lekin bo‘ysunmaydigan o‘rinlari ham bor, masalan, muborak ~ muvāräk (shim. o‘zb. shev.), peshona ~ pešana (shim. o‘zb. shev.)
4. Qo‘shma so‘zlarning aksariyatida singarmonizm buziladi: o‘rta barmoq ~ vortaηterek (Jo‘sh), (uzun) ko‘rpacha ~ girdiqana (Qarshi, nayman), xirbachcha (mushuk bolasi) ~ xїrbäččä (Mang‘it).
Umlaut. Umlaut unlilarning regressiv assimilatsiyasidir (Y. D. Polivanov). Bu hodisani adabiyotlarda singarmonizmning bir turi deb ham yuritiladi. Aslida u nemis tiliga xos fonetik qonundir. Bu qonunga ko‘ra, affiksdagi old qator unli asosdagi (u aksariyat hollarda bir bo‘g‘inli bo‘ladi) orqa qator unlini o‘z xarakteriga moslashtirib oladi: son ~ sān → sänä, yosh ~ jāš ~ jäšä.
Bu qonun Namangan, O‘sh shevalarida, qisman o‘zbek adabiy tilida ham qayd qilinadi. Namangan shevalaridan misollar: molim ~ mälim, solish ~ säliš, noki ~ näki, toying(otning bolasi) ~ täjiη .
Singarmonizmli shevalarda yuqoridagi kabi san, jaš, mal, sal, näk, taj so‘zlari affiks qo‘shilganda, umlaut emas, balki singarmonizm qonuniga bo‘ysunadi: san+a, jaš+a, mal+ïm, sal+ïš, näk+i, taj+ïη
Dostları ilə paylaş: |