2-ma’ruza. Transkripsiya. O‘zbek shevalaridagi fonetik qonun va -fayllar.org
Unlilarning birlamchi, ikkilamchi va emfatik cho‘ziqliklari. Birlamchi cho‘ziqlik. Turkiy tillarning dastlabki davrlarida so‘zlarning birinchi bo‘g‘inida unlilar cho‘ziq talaffuz etilgan. Bunday cho‘ziqlik boshqa tovush ta’sirida yuz bergan emas, balki qadimgi turkiy tilning tabiati bilan bog‘liqdir. Unlilarning bunday cho‘ziqligi hozirgi Xorazm, Forish va shimoliy o‘zbek shevalarida saqlanib qolgan: tush (tush ko‘rish) ~ tu:š, ot (ism) ~ a:d, bosh ~ ba:š, tuz ~ du:z va boshqalar. Bunday cho‘ziqlik birlamchi cho‘ziqlik deyiladi. Birlamchi cho‘ziqlik boshqa shevalarda ham ba’zan uchrab turadi, jumladan, Farg‘ona shevalarida bil ~ bi:l (bilmoq), Buxoro o‘zbek shevalarida til ~ ti:l, Andijon shevalarida teri ~ te:ri (qo‘yning terisi), qari ~ qa:ri (qariya), to‘ri ~ tö:ri (uyning to‘ri), Quyi Qashqadaryo shevalarida qani ~ qa:nї, ular ~ o:lar so‘zlarida qayd qilinadi.
Ikkilamchi cho‘ziqlik. So‘z tarkibida biror undosh tovushning nutqda talaffuz qilinmasligi natijasida unli tovush cho‘zilishi mumkin: sandiq ~ sändu:, o‘rtoq ~ ortā: (Toshkent), bo‘l ~ bo:, ol ~ a: (shim. o‘zb. shev.), Namangan shevalarida: tegmas ~ te:mäs, laylak ~ lä:lä:. Bunday cho‘ziqlik ikkilamchi cho‘ziqlik deyiladi. Shevalarda bunday cho‘ziqlik ko‘pincha h undoshining tushib qolishi bilan yuz beradi: Ahmad ~ Ä:mät, dahliz ~ dä:liz, mehr ~ me:r, qahr ~ qa:r. Sinerezis. Ikkilamchi cho‘ziqlik sinerezisga ham olib keladi. Ma’lumki, intervokal pozitsiyadagi undoshning nutqda iqtisodga uchrashi natijasida yonma-yon kelib qolgan ikki unli o‘zaro singishib, nutqda cho‘ziq unlini hosil qiladi. Bu fanda sinerizis hodisasi deyiladi. Shevalarimizda bunga misollar ko‘plab topiladi: zahar ~ zä:r, shahar ~ šä:r(Buxoro), o‘g‘il ~ u:l (qipchoq), sihat ~ sä:t (Baliqchi).
Uchlamchi (emfatik) cho‘ziqlik. Bunday cho‘ziqlik Namangan shahar shevasining hozirgi-kelasi zamon fe’lida yorqin ko‘rinadi, ya’ni bu fe’l shaklida qatnashadigan ravishdosh ko‘rsatkichi ä va boshqa shakllarda ishtirok etgan ä unlisi odatdagiga nisbatan cho‘ziq talaffuz qilinadi yoki uning bo‘lishsiz shaklida j undoshi tushib qolishi ham mumkin va bo‘lishsizlik affiksidagi ä unlisi ham ikkilangan cho‘ziqlikka ega bo‘ladi: bilmayman ~ bi:lmä::(j)mä:, bo‘lmaydi ~ bomä::(j)di, men aytmayman ~ mä: ätmä::(j)mä, sen bilmaysan ~ sä: bi:lmä::(j)sä: