«O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni 2009 yil 15 dekabrda qabul qilingan. Unga muvofiq kodeks 2041 va 2491-moddalar bilan to‘ldirilgan:
2041-modda. Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, shuningdek, fuqaro muhofazasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini bajarmaslik. Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, shuningdek, fuqaro muhofazasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini bajarmaslik –
fuqarolarga eng kam ish haqining uchdan bir qismidan bir baravarigacha, mansabdor shaxslarga – uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik odamlar sog‘lig‘iga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga zarar yetishiga olib kelsa, atrof tabiiy muhitga va odamlar hayotiga tahdid solsa, -
fuqarolarga eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar to‘g‘risidagi axborotni yashirish, o‘z vaqtida taqdim etmaslik yoki ular haqida atayin soxta axborot taqdim etish etish –
mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
2491-modda. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi organlari. Ushbu kodeksning 2041-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi organlarining mansabdor shaxslari maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzadilar.
Maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma ko‘rib chiqish uchun ushbu Kodeksning 282-moddasida belgilangan tartibda sudga yuboriladi.