2006 yil 28 sentyabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi «Xavfli ishlab chiqarish obʼektlarining sanoat xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonuni xavfli ishlab chiqarish obʼektlarining sanoat xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Sanoat xavfsizligi shaxs va jamiyat hayotiy muhim manfaatlarining xavfli ishlab chiqarish obʼektlaridagi avariyalar va noxush hodisalardan hamda ularning oqibatlaridan himoyalanganlik holatidir.
Qonun 23 moddadan iborat bo‘lib, unda xavfli ishlab chiqarish obʼektini loyihalash, qurish va foydalanishga qabul qilib olishga, foydalanishga oid, shuningdek xodimlarga oid sanoat xavfsizligi talablari keltirilgan. Qonunga muvofiq sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish ushbu obʼektlardan foydalanuvchi tashkilotlar tomonidan tekshirilishi belgilab qo‘yilgan.
Xavfli ishlab chiqarish obʼektida qo‘llaniladigan texnika qurilmalarini sertifikatlashtirish (13-modda), faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash (14-modda), sanoat xavfsizligi ekspertizasi (15-modda), sanoat xavfsizligi deklaratsiyasi (19-modda) masalalari yoritib berilgan.
O‘zbekiston Respublikasining «Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi to‘g‘risida»gi qonuni (2008 yil 26 dekabr) 5 bob, 31 moddadan iborat bo‘lib, qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining tashkil etilishi, faoliyati va tugatilishi sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi (1-modda).
Qutqaruvchi – muayyan dastur bo‘yicha qutqaruv ishlariga tayyorlangan va belgilangan tartibda attestatsiyadan o‘tgan O‘zbekiston Respublkasi fuqarosi.
Qutqaruv xizmati – faoliyati bo‘yicha yagona tizimga birlashtirilgan, asosini professional qutqaruv tuzilmalari tashkil etgan, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etishga doir vazifalarni hal etish uchun mo‘ljallangan boshqaruv organlari, kuchlar va vositalar majmui.
Qonunning 1-bobi «Umumiy қоидалар» deb nomlanib, 6 moddani o‘z ichiga oladi. Ularda asosiy tushunchalar, qutqaruv xizmatlari, qutqaruv tuzilmalari va qutqaruvchilar faoliyatining asosiy prinsiplari, asosiy vazifalari va qutqaruv ishlarining turlari keltirilgan. «Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari» deb nomlangan 2-bob (7-15-moddalar) qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarini tashkil etish, safini to‘ldirish, attestatsiyadan o‘tkazish, faoliyati, faoliyatni moliyalashtirish masalalarini yoritadi.
3-bob – Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishdagi ishtiroki – qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarini favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga jalb qilish (16-modda), favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlariga rahbarlik qilish (17-modda) va qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalariga o‘z faoliyatini amalga oshirishida ko‘maklashish (18-modda).