Kontsern – bu ishlab chiqarish diversifikatsiyasi, ya’ni korxonalar-ning faoliyat sohalari va ishlab chiqaradigan mahsulotlari turining kengayishi, yangilanib turishi asosida tarkib topadigan yirik ko‘p tarmoqli korporatsiya. Kontsern tarkibiga sanoat, transport, savdo, bank kabi tarmoqlarga tegishli, ayrim hollarda, dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida joylashgan unlab va yuzlab korxonalar ixtiyoriy asoslarda kiradi. Kontsern tarkibiga kirgan korxona va tashkshyutlar orasida o‘zaro korporatsiyalangan turg‘un aloqalar mavjud bo‘lib, ular kontsern rivoji yo‘lida umumiy moliyaviy resurslardan va yagona ilmiy-texnik imkoniyatlardan mushtarak foydalanadilar.
Konsortsium – bu aniq iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilgan korxonalarning muvaqqat birlashmasidir.
Konsortsium a’zolarining huquq va majburiyatlari konsortsium to‘g‘risidagi bitimda belgilab qo‘yiladi. Qo‘yilgan vazifani bajarish uchun konsortsium ishtirokchilari badallari hisobidan yagona moliyaviy va moddiy fondlar barpo etadilar, byudjet mablag‘lari va davlat bankidan kreditlar oladilar. Vazifa bajarilgach, konsortsium tarqaladi. Konsortsiumlarga boshqaruv bo‘yicha qo‘mitalar, direktorlar kengashi kabilar boshchilik qiladi. Konsortsiumlar aviatsiya, kosmos, kompyuterlar, aloqa kabi yuksak texnologik va katta miqdordagi sarmoyali sohalarda keng tarqalgan.
Kontsessiya – bu lotincha so‘zdan olingan bo‘lib, ruxsat, yon berish ma’nosini anglatadi. Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish yoki tiklash, tabiiy boyliklarni o‘zlashtirish maqsadida davlat yoki munitsipalitetga qarashli yer uchastkalari, qazilma boyliklar, mol-mulk, korxonalar va boshqa xo‘jalik ob’ektlarini muayyan muddatga va shartlar bilan foydalanish uchun chet ellik investorga davlat nomidan beriladigan ruxsatnoma, ular bilan tuziladigan shartnoma yoki kelishuv. Kontsessiyachilik faoliyatida vujudga keladigan huquqiy munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining «Kontsessiyalar to‘g‘risida»gi qonuni bilan tartibga solinib turiladi.
Kooperativ – bu kooperatsiyaning birlamchi bo‘g‘ini. Kooperatsiyaesa:
mehnatni tashkil etish shakllaridan biri, ko‘pchilik xodimlar bir mehnat jarayonida yoki o‘zaro bog‘liq turli mehnat jarayonlarida hamkorlikda ishtirok etadilar;
guruh mulkchiligiga asoslangan xo‘jalik yuritish sharti;
ma’lum bir mahsulotni o‘zaro hamkorlikda tayyorlash bilan band bo‘lgan korxonalar o‘rtasidagi uzoq muddatli va barqaror aloqalar shakli.
Kooperativ – bu yuridik shaxs huquqiga ega bo‘lgan, xo‘jalik yurituvchi sub’ekt. U jamoa mulki huquqidagi mulkka egalik qiladi, undan foydalanadi va tasarruf etadi.
Kartel – bu monopolistik birlashma shakli. Bir tarmoqdagi mustaqil korxonalar narxlar, bozor, ishlab chiqarishning umumiy hajmida har bir ishtirokchining hissasi, ish kuchi yollash, patentlar va boshqa masalalarda o‘zaro bitim tuziladi. Bu tuzilmaning maqsadi monopol foyda olishdir.
Sindikat – bu monopolistik birlashmaning bir turi. Ular bir tarmoq korxonalari huquqiy va ishlab chiqarish mustaqilligini saqlab qolgan holda:
buyurtmalarni taqsimlash;
xom ashyo sotib olish;
ishlab chiqarilgan mahsulotni sotish uchun o‘zlarining tijorat faoliyatlarini birlashtirib, yagona idora tuzadilar.