2-mavzu: Pedagogika shaxs tarbiyasi va rivojlanishi to'g'risidagi fan. Ilmiy-pedagogik tadqiqotlar metodologiyasi va metodlari. Reja
2-mavzu: Pedagogika shaxs tarbiyasi va rivojlanishi to'g'risidagi fan. Ilmiy-pedagogik tadqiqotlar metodologiyasi va metodlari. Reja: 1. Pedagogika fani va uning asosiy kategoriyalari, Pedagogika fanining paydo bo'lishi va rivojlanishi, Pedagogik fanlar tizimi, Pedagogikaning boshqa fanlar bilan aloqasi.
2. Ilmiy pedagogik tadqiqotlarni tashkil etish va o'tkazish.
3. "Individ" va "shaxs" tushunchasi, Shaxs rivojlanishining ijtimoiylashuv bilan aloqadorligi. Shaxs rivojlanishida irsiyat, muhit va tarbiyaning tutgan o'rni. Shaxs rivojlanishining yosh va psixologik xususiyatlari.
Tayanch so’z va iboralar:shaxs, davlat va jamiyat, uzluksiz ta’lim, fan, ishlab chiqarish, bakalavriat, magistratura. Pedagogika, didaktika, tarbiya nazariyasi, shaxs, bilim, ko'nikma, malaka, ma'lumot, rivoilanish, korreksion (maxsus) pedagogika, surdopedagogika, oligofrenopedagogika, tiflopedagogika, logopediya, metodika Individ, shaxs, individuallik, muhit, tarbiya, rivojlanish, Yaxlit, tzim, tarbiyaning maqsadi, tarbiya maqsadining xilma-xilligi, barkamol avlod tarbiyasi.
Pedagogika fani va uning asosiy kategoriyalari, Pedagogika fanining paydo bo'lishi va rivojlanishi, Pedagogik fanlar tizimi, Pedagogikaning boshqa fanlar bilan aloqasi.Pedagogika (yunoncha “paidagogike”– “paidagogos” “bola” va “yetaklayman”) ijtimoiy fanlar tizimiga kiruvchi fan sanalib, shaxsni shakllantirishga qaratilgan tizimli faoliyat mazmuni, ta’lim, ijtimoiy tarbiyaning umumiy qonuniyatlari, shakllari, metodlari, vositalari, yagona ijtimoiy maqsad asosida yosh avlodni milliy istiqlol g‘oyasi ruhida tarbiyalash, unga ta’lim berish muammolarini o‘rganadi. A.Avloniy tushunchani “bola tarbiyasining fani” (“pedagogiya”) deb ataydi.
Pedagogika fani shaxsni rivojlantirishning ikki muhim jihati, uni o‘qitish va tarbiyalashga e’tiborni qaratadi. Shu bois didaktika (ta’lim nazariyasi) va tarbiya nazariyasi Pedagogika fanning muhim tarkibiy qismlari hisoblanadi.
Ta’lim umumiy va maxsus ta’lim kabi turlarga ajratiladi. Umumiy Pedagogika fanining muhim tarkibiy qismlaridan yana biri – bu tarbiya nazariyasi sanaladi. Tarbiya nazariyasi bevosita tarbiya jarayonini o‘rganadi.
Didaktika (taʼlim nazariyasi, yunoncha “didaktikos”-“o‘rgatuvchi”, “didasko”-“o‘rganuvchi”) – taʼlimning nazariy jihatlari, taʼlim jarayonining mohiyati, tamoyillari, qonuniyatlari, o‘quvchi va o‘qituvchi faoliyati, taʼlimning maqsadi, mazmuni, shakllari, metodlari, vositalari, natijasi, taʼlim jarayonini takomillashtirish yo‘llari va hokazo muammolarni tadqiq etadi.
Tarbiya nazariyasi pedagogikaning muhim tarkibiy qismlaridan biri bo‘lib, tarbiya jarayoni mazmuni, shakl, metod, vosita va usullari, uni tashkil etish muammolarini o‘rganadi.
Ijtimoiy tarbiya aqliy, axloqiy, jismoniy, mehnat, estetik, iqtisodiy, huquqiy, ekologik va jinsiy tarbiya kabi yo‘nalishlarda tashkil etiladi. Bizga yaxshi ma’lumki, har bir fan o‘zining tayanch tushunchalari, qonuniyatlari, tamoyillari, qoidalari tizimiga ega. Aynan mana shu holat uning fan sifatida e’tirof etilishini kafolatlaydi. Fanning mohiyatini ochib beruvchi eng muhim, asosiy tushuncha kategoriya deb ataladi. Pedagogika fanining asosiy kategoriyalari shaxs kamolotini ta’minlash, ta’lim va tarbiya samaradorligiga erishishga qaratilgan jarayonlarning umumiy mohiyatini yoritadi. Eng muhim kategoriyalar sirasiga quyidagilar kiradi: shaxs, tarbiya, ta’lim (o‘qitish, o‘qish), bilim, ko‘nikma, malaka, ma’lumot va rivojlanish.
Shaxs – psixologik jihatdan taraqqiy etgan, shaxsiy xususiyatlari va xatti-harakatlari bilan boshqalardan ajralib turuvchi, muayyan xulq-atvor va dunyoqarashga ega bo‘lgan jamiyat a’zosi.
Tarbiya – muayyan, aniq maqsad hamda ijtimoiy-tarixiy tajriba asosida yosh avlodni har tomonlama o‘stirish, uning ongi, xulq-atvori va dunyoqarashini tarkib toptirish jarayoni.
Ta’lim – o‘quvchilarni nazariy bilim, amaliy ko‘nikma va malakalar bilan qurollantirish, ularning bilish qobiliyatlarini o‘stirish va dunyoqarashlarini shakllantirishga yo‘naltirilgan jarayon.
Bilim – shaxsning ongida tushunchalar, sxemalar, ma’lum obrazlar ko‘rinishida aks etuvchi borliq haqidagi tizimlashtirilgan ilmiy ma’lumotlar majmui.
Ko‘nikma – shaxsning muayyan faoliyatni tashkil eta olish qobiliyati.
Malaka – muayyan harakat yoki faoliyatni bajarishning avtomatlashtirilgan shakli.
Ma’lumot – ta’lim-tarbiya natijasida o‘zlashtirilgan va tizimlashtirilgan bilim, hosil qilingan ko‘nikma va malakalar hamda tarkib topgan dunyoqarash majmui.
Rivojlanish – shaxsning fiziologik va intellektual o‘sishida namoyon bo‘ladigan miqdor va sifat o‘zgarishlar mohiyatini ifoda etuvchi murakkab jarayon.
Pedagogika fani komil insonda jahon tajribalarida sinalgan tizim bo’lgan bozor munosabatlarini shakllantirish, milliy meros, an`analar, milliy va umuminsoniy qadiriyatlarning boy manbalari bo’lgan ma`naviy-ma`rifiy tushunchalar haqida bilim, malaka hosil qilishda pedagogika-ning ko’p fanlar bilan aloqadorligi bilan ulug`dir. Pedagogika fanlar tizimida etnopedagogik, maktabgacha ta`lim pedagogikasi, maktab pedagogikasi, kasbiy ta`lim mehnat pedagogikasi jismoniy kamolot pedagogikasi, harbiy pedagogika, maxsus pedagogika, kar, soqov (surdo) pedagogika, kurlar (Tiflo) pedagogika, aqliy jihatdan orqada qolgan (oligrofeno) pedagogika, pedagogik mahorat kiradi. Pedagogika fanining boshqa fanlar bilan aloqasi. Pedagogika fani inson tarbiyasi bilan shug`ullanganligi sababli unga hamma fanlar kumak-lashishi tabiydir. Pedagogikaning metodik asosi, bilim nazariyasi va tarbiyadagi qonun-qoidalar bevosita falsafa fanining ta`sirida amalga oshiriladi.
Pedagoglik kasbining shakllanishi kishilik taraqqiyoti tarixi bilan uzviy bog'liq. Terib-termachlab kun kechirgan ibtidoiy davr kishilari bolalarni o'zlari bilan ergashtirib yurib, ularga ov qilish, turli daraxt mevalarini terish, o'simliklarning ildizini kovlab olish, suv manbalarini izlab topish kabi harakatlarni amalga oshirishni o'rgatganlar. Bunday harakatlar qabila (urug')ning tajribali kishilari yoki keksalar tomonidan amalga oshirilgan. Oddiy kundalik ehtiyojlarni qondirish yo'lida olib borilayotgan xatti-harakatlar asosida yoshlarga mavjud tajribalar asosida ma'lumotlarni berib, ularda amaliy ko'nikmalarni shakllantirganlar. Turli tovushlarni chiqarish yordamida atrofdagilarni yaqinlashayotgan xavfdan ogoh qilishni bolalar kattalarning namunalari asosida o'zlashtirganlar. Nutq va yozuv paydo bo'lgunga qadar bu kabi harakatlar imo-ishoralar asosida amalga oshirilgan. Kishilik tarixida tub inqilobni sodir etgan nutq va yozuvning paydo bo'lishi, shuningdek, urug' jamoasi tomonidan bajariladigan mehnat faoliyatining turli sohalarga ajralishi yoshlarga nisbatan munosabatning ilg'or (progressiv) xarakter kasb etishiga imkon berdi.
Turli tabiiy ofatlar ta'siridan himoyalanish, kishilar hayotiga xavf solayotgan kasalliklarni davolash, hayot kechirish uchun yetarli oziq-ovqatlarni jamlab olishga bo'lgan tabiiy ehtiyoj yoshlarga hayotiy tajribalarni ma'lum mehnat faoliyati yo'nalishida yetarlicha bilimga ega bo'lgan kishilar tomonidan berilishi maqsadga muvofiq ekanligini ko'rsatdi. Natijada bolalarga hayot tajribalarini o'rgatuvchi kishilar guruhi shakllandi hamda bolalarga ma'lum yo'nalishlar bo'yicha bilimlarni berish maxsus ajratilgan joylarda tashkil etila boshlandi.
Dastlabki maktablar qadimgi Sharqda (Vavilon, Misr, Hindistonda) paydo bo'lib, ularda bolalarga ma'muriy-xo'jalik boshqaruvi asoslari o'rgatilgan.
Antik davrda maktablar Sparta, Afina va Rim tarbiya tizimining muhim tarkibiy qismi sifatida faoliyat olib borganlar.
Qadimgi Yunonistonda bunday joylar akademiya deb nomlangan. «Akademiya» so'zi afsonaviy qahramon “Akadema” nomidan kelib chiqqan. Eramizdan avvalgi IV asrda Afina yaqinidagi “Akadema” nomi bilan nomlanuvchi joyda Platon o'z shogirdlariga ma'ruzalar o'qigan bo'lib, keyinchalik ta'lim tashkil etiluvchi maskan ham shunday nom bilan atala boshlagan. Qadimgi Rim va Yunonistonda bolalarga bilim berish faylasuflar zimmasiga yuklatilgan.
Jamiyatning tabaqalanishi natijasida, quldorlik tuzumida bolalarni ta'lim maskanlariga olib borish va olib kelish vazifasini qullar bajarishgan va ular «pedagog» deb nomlanganlar. Ushbu tushunchaning ma'nosi «bola yetaklovchi» demakdir.
Tarixiy taraqqiyotning keyingi bosqichlarida bolalarga tizimli bilimlarni berish bilan doimiy shug'ullanuvchi kishilar aynan shu nom bilan atala boshlaganlar.
Feodalizm davrida aksariyat maktablar masjid (musulmon mamlakatlarida) yoki ibodatxonalar (Hindiston) qoshida tashkil etilgan. Bunday maktablarda yoshlarga diniy bilimlar bilan birga dunyoviy bilimlar ham o'rgatilgan.
O'rta asrlar davrida, Sharqda akademiya ko'rinishidagi ta'lim muassasalari ham faoliyat yuritgan bo'lib, ular «Donishmandlar uyi» (IX asr, Bag'dod), «Ma'mun akademiyasi» (XI asr boshlari, Xorazm), observatoriyalar qoshidagi jamiyatlar (XV asr, Samarqand) tarzida nomlangan. Akademiyalarga turli fan yo'nalishlari bo'yicha kuchli bilimga ega bo'lgan qomusiy olimlar jalb etilgan bo'lib, ular tomonidan matematika, geodeziya, mineralogiya, meditsina, astronomiya kabi yo'nalishlarda keng ko'lamli tadqiqotlar olib borilgan.
O'rta asrlar hamda kapital ishlab chiqarishiga asoslangan jamiyatlarda akademiya (Sharqda madrasa)lar ko'rinishidagi maktablarda ma'naviy-axloqiy jihatdan yetuk, turli sohalar bo'yicha mukammal bilimga ega pedagoglarning faoliyat yuritishlariga alohida ahamiyat qaratilgan. Chunonchi, Muhammad Tarag'ay Ulug'bek tomonidan barpo etilgan madrasalarda o'z davrining taniqli olimlari — Ali Qushchi, Taftazoniy, Qozizoda Rumiy, Mavlono Muhammad, G'iyosiddin Jamshid Koshiy, Muhiddin Koshiy hamda Mansur Koshiylar talabalarga ta'lim berganlar.
XIX asr oxiri hamda XX asr boshlarida yuzaga kelgan jadidizm harakatining asoschilari, taniqli ma'rifatparvarlar — Mahmudxo'ja Behbudiy, Munavvar Qori, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Avloniy, Abduqodir Shakuriy, Ismatulla Raxmatullayev, Abdurauf Fitrat, Is’hoqxon Ibrat va boshqalar aholi orasida nafaqat murabbiy, balki ma'naviy yetuk inson sifatida ham nom qozondilar. Insoniyatning yashash uchun kurashish va turli tabiiy ofatlardan himoyalanish yo'lida olib borgan harakatlari tarbiya g'oyalarining shakllanishiga asos bo'lib xizmat qilgan. Ibtidoiy jamoa tuzumida odamlarning guruh-guruh bo'lib hayot kechirishi sababli bolalarga tirikchilik o'tkazish yo'lidagi faoliyat (o'simlik mevalari, ildizlarini terish, hayvonlarni ovlash)ni tashkil etish borasidagi tajribalarni o'rgatish guruh a'zolari tomonidan birdek amalgam oshirilgan. Bilimlar, aksariyat hollarda, mehnat va o'yin jarayonlarida o'zlashtirilgan. Mehnat faoliyatini tashkil etish jinsiy xarakterga ega bo'lganligi bois o'g'il va qiz bolalarni tarbiyalashda o'ziga xos jihatlar ko'zga tashlangan. Oila, xususiy mulk va davlatning paydo bo'lishi ijtimoiy tarbiya mazmunida ham tub o'zgarishlarning sodir etilishi, quldorlarning paydo bo'lishiga olib keldi. Aynan mana shu davrdan tarbiya jamiyatning ijtimoiy talab va ehtiyojlari asosida yo'lga qo'yila boshladi. Erkin fuqarolarni tarbiyaning maqsadi, vazifalari, mazmuni va vositalari borasidagi fikrlar Demokratik, Platon va Aristotellarning asarlarida muhim o'rin egallagan. Mutafakkirlarning asarlarida ushbu fikrlar mustaqil pedagogik nazariya sifatida emas, balki falsafiy qarashlar yoki jamiyatni tashkil etish loyihasining muhim komponenti tarzida bayon etilgan. Ushbu davrda tabiiy-ijtimoiy fanlar tizimi shakllanishi uchun boshlang'ich asoslar qo'yildi.
Quldorlik tuzumida erkin bo'lmagan kishilar (qullar)ning haq-huquqlari cheklanganligi bois tarbiya tizimi faqatgina quldorlar, ularning farzandlari uchun xizmat qilgan.
Respublikada ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy mazmun hamda yo'nalishlari O'zbekiston Respublikasining «Ta'lim to'g'risida»gi Qonuni va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» kabi me'yoriy hiyjatlarda belgilab berilgan.
Demak, mavjud sharoitda pedagogika fani barkamol shaxs va malakali mutaxassisni tayyorlashga yo'naltirilgan ijtimoiy harakat istiqbollari, bu boradagi muammolar va ularni hal etish yo'llarini o'rganadi.
Pedagogika fanining tadqiq qilish obyekti, va u o‘rganadigan sohalari yildan-yilga ortib, kengayib va rivojlanib bormoqda. Natijada uning tarmoqlari ham bir necha guruhlarga ajralmoqda va mustaqil soha sifatida o‘rganilmoqda. Ular pedagogika fanlari tizimi deb nomlanadi.
Pedagogika fanini ulkan katta daraxtga qiyoslash mumkin. Har bir fan o‘z rivojlanishida, o‘z nazariyalarini boyitadi, o‘zining ichki amaliy yo‘nalishlariga tayanib takomillashib boradi. Hozirgi vaqtda pedagogika fani o‘z fanlari tizimida:
Umumiy pedagogika (insonga, shaxsga ta’lim-tarbiya, ma’lumot berish shakli, mazmuni, usullari va ularni shakllantirishning, tarbiyalashning umumiy qonuniyatlarini tadqiq qiladi va amaliyotda qo‘llashga o‘rgatadi).
Yoshlar pedagogikasi (turli yoshdagi kishilarga ta’lim tarbiya berish, shaxsni shakllantirishning o‘ziga xos tomonlarini o‘rganadi).
Maktab pedagogikasi (maktab yoshdagi o‘quvchilar ta’lim-tarbiya sohasining o‘ziga xos tomonlarini o‘rganadi).
Maktabgacha tarbiya pedagogikasi (maktabgacha yoshdagi bolalarni o‘qitish, tarbiyalashning o‘ziga xos tomonlarini o‘rganadi).
Pedagogika tarixi (turli tarixiy davrlarda maktablar ta’lim tarbiyasi, pedagogik g‘oyalarning mazmuni, rivojlanish masalalarini o‘rganadi).
Maxsus pedagogika (Defektologiya. Bu quyidagi guruhlarga bo‘linadi:
1) kar-soqov bolalarni tarbiyalash va o‘qitish masalalari bilan surdopedagogika;
2) ko‘zi ko‘r va zaif ko‘ruvchi bolalarni tarbiyalash va o‘qitish masalasi bilan tiflopedagogika;
3) axloq jihatdan qoloq bolalarni tarbiyalash va o‘qitish masalalari bilan oligofrenopedagogika;
4) duduq va tili yassi bolalarni tarbiyalash va o‘qitish masalalari bilan esa logopediya shug‘ullanadi).
Metodika (ta’limning umumiy qonuniyatlarini muayyan predmetlaridan (ona tili, adabiyot, tarix, fizika, ximiya, matematika, jismoniy tarbiya) dars berishda qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlarini, usullarini tadqiq qiluvchi sohasi).
Oila pedagogikasi (oila muhiti, a’zolari, sharoiti, ta’lim tarbiyasining umumiy masalalarini o‘rganadi).
Kasb pedagogikasi (ishlab chiqarish, turli kasblarni o‘rganishning umumiy masalalarini o‘rganadi).
Qiyosiy pedagogika (g‘oyalarni taqqoslab xulosa chiqarish masalalarini o‘rganadi).
Xalq pedagogikasi (mazkur xalq ta’lim-tarbiyasi, maktabi, ijtimoiy turmush tarzi, madaniyati, ma’naviyati, axloq-odobi va boshqalarni o‘rganadi).
Ijtimoiy pedagogika (barcha yoshdagi fuqarolarni tarbiyalashning zamonaviy imkoniyatlari, vositalari va manbalarini o‘rganadi).
Tibbiyot pedagogikasi.
Harbiy pedagogika.
Rahbarlik pedagogikasi.
Mehnat pedagogikasi singari tarmoqlarga ega.
Ijtimoiy tarbiya mohiyatini ilmiy jihatdan asoslash ma’lum pedagogik hodisaning muayyan vaziyatlarda namoyon bo‘lish qonuniyatlarini bilishni taqozo etadi. Bizga ma’lumki, pedagogik hodisa murakkab tuzilmaga ega bo‘lib, uning umumiy mohiyatini to‘laqonli anglash uchun bir qator fanlarning imkoniyatlariga tayaniladi. Ana shu nuqati nazardan pedagogika fani bilan quyidagi fanlar o‘rtasida yaqin aloqadorlik mavjud:
1. Falsafa – shaxs rivojlanishi jarayonining dialektik xususiyatlari, muayyan pedagogik g‘oya, qarash hamda ta’limotlarning falsafiy jihatlari kabi masalalarni tahlil etishga imkon beradi.
2. Iqtisod – ta’lim muassasalarining faoliyatini yo‘lga qo‘yish, o‘quv binolarini qurish, ta’lim-tarbiya jarayonlarini tashkil etish va ularni moddiy-texnika va zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash kabi masalalarning iqtisodiy jihatlarini anglashga xizmat qiladi.
3. Sotsiologiya – ijtimoiy munosabatlar mazmuni, ularni tashkil etish shartlari xususida ma’lumotlarga ega bo‘lish asosida ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining o‘zaro munosabatlarini samarali tashkil etish uchun imkoniyat yaratadi.
4. Etika – shaxs ma’naviyatini shakllantirish, unda eng oliy insoniy sifatlar, axloqiy ong va ma’naviy-axloqiy madaniyatni tarbiyalashda muhim o‘rin tutuvchi nazariy g‘oyalarni pedagogik jarayonga tatbiq etishda alohida o‘rin tutadi.
5. Estetika – shaxs tomonidan go‘zallikning his etilishi, unga intilishi, shuningdek, unda estetik didni tarbiyalashda muhim yo‘nalishlarni aniqlashga xizmat qiladi.
6. Fiziologiya – o‘quv-tarbiya jarayonida bolalarning fiziologik, anatomik xususiyatlarini inobatga olinishi uchun boshlang‘ich asoslarni beradi.
7. Gigiyena – o‘quvchilarning salomatligini muhofazalash, ularni jinsiy jihatdan to‘g‘ri shakllantirishda nazariy va amaliy g‘oyalari bilan yordam beradi.
8. Psixologiya – shaxsda ma’naviy-axloqiy, ruhiy-intellektual, hissiy-irodaviy sifatlarni tarkib toptirish uchun zamin yaratadi.
9. Tarix – pedagogika fani taraqqiyoti, ta’lim-tarbiya jarayonlarining dinamik, dialektik xususiyatlarini inobatga olish, shuningdek, xalq pedagogikasi g‘oyalarini kelgusi avlodga uzatish uchun yo‘naltiriladi.
10. Ijtimoiy fanlar – o‘quvchilarda insoniyat tomonidan yaratilgan moddiy va ma’naviy madaniyat asoslari haqidagi tasavvurni shakllantirish, ularda madaniy xulq-atvor xislatlarini tarkib toptirish uchun xizmat qiladi.
11. Tibbiy fanlar – shaxsning fiziologik-anatomik jihatidan to‘g‘ri rivojlanishini ta’minlash, uning organizmida namoyon bo‘layotgan ayrim nuqsonlarni bartaraf etishga amaliy yondashuv, shuningdek, nuqsonli bolalarni o‘qitish hamda tarbiyalash muammolarini o‘rganishda ko‘maklashadi.