Amerika tilshunosi U.Labov faol sotsiolingvistik tadqiqotlar koʻp tilli Hindistonda hindiyni yagona davlat tiliga aylantirish gʻoyasi bilan bogʻliq vaqtlardayoq boshlanganini qayd etadi.Oʻzbek tilshunosligida tilning ijtimoiy tabiati, jamiyatning tilga taʼsiri masalasiga oʻtgan asrning 80 yillarida “Tilshunoslikka kirish” qoʻllanmasida alohida toʻxtalgan boʻlsa ham til va jamiyat muammolari ancha avvalroq tilga olina boshlangan. Fitrat, Elbek, Botu singari jadidlarning asarlarida ozmi-koʻpmi shunga oid qaydlar bor. M.Mirtojiyev va N.Mahmudovning “Til va madaniyat” risolasida ham tilning ijtimoiyligi, davlat tili va til siyosati haqida soʻz ketgan oʻrinlar mavjud.Mutaxassislar S.Moʻminovning “Oʻzbek muloqot nutqining ijtimoiy-lisoniy xususiyatlari” nomli doktorlik dissertatsiyasini sotsiolingvistik aspektdagi ilk ish sifatida qayd etadi. Keyingi yillarda bu boradagi tadqiqotlar koʻlami ancha kengaydi.Butun dunyoda kechayotgan globallashuv jarayonlari sotsiolingvistik tadqiqotlarning naqadar zarurligini milliy tillar va ingliz tili ekspansiyasi misolida bayon etib qoʻydi. Milliy tillar lugʻat tarkibiga katta miqdordagi inglizcha soʻzlarning kirib borishi til siyosatida oʻzgarishlar qilish zarurligini ham koʻrsatmoqda.
Oʻzbekiston Prezidentining 2019-yil 21-oktyabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va nufuzini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni oʻzbek tilining davlat tili sifatida qaddini roʻy-rost tiklashini, ijtimoiy maqomining yanada barqarorlashuvini taʼminladi. Ana shu farmonning amaliy ifodasi sifatida Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutida sotsiolingvistika boʻlimining tashkil etilishi esa davlat tili va jamiyat munosabatlarini oʻrganishga yoʻnaltirilgan tadqiqotlar kengayishi va kuchayishini taʼminladi.Bu boʻlim oʻz faoliyatida oʻzbek tilining rivojlanishi bilan bogʻliq fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish va kengaytirish, oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish borasidagi ilmiy izlanishlarni kuchaytirish, oʻzbek tilining yozma matni meʼyor va qoidalarini ishlab chiqish, oʻzbek tilining izohli lugʻatlari, davlat tilida ish yuritish boʻyicha qoʻllanma va adabiyotlar tayyorlash, davlat tilini rivojlantirishga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda faol ishtirok etishga alohida eʼtibor beradi.