27-modda. Tibbiy-sanitariya ta’minoti Qamoqda saqlash joylarida davolash-profilaktika va sanitariya, epidemiyaga qarshi ishlar qonunchilik muvofiq tashkil etiladi va o‘tkaziladi. Mazkur joylar ma’muriyati ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning sog‘lig‘ini saqlashni ta’minlaydigan sanitariya-gigiyena talablarini bajarishi shart.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yoki psixiatriya yordami ko‘rsatilishi zarur bo‘lgan hollarda, shuningdek qamoqqa olinganlarga O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha statsionar sud-tibbiy yoxud sud-psixiatriya ekspertizasi tayinlangan taqdirda, ular davlat sog‘liqni saqlash tizimining tibbiy muassasalariga joylashtiriladi. Bunda ularni qo‘riqlash va xulq-atvorini nazorat qilish ta’minlanadi. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni qamoqda saqlash joyi hududidan tashqariga olib chiqish jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxs yoki organ bilan kelishiladi. Ushlab turilgan va qamoqqa olinganga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish zarur bo‘lganda ularni davlat sog‘liqni saqlash tizimining tibbiy muassasalariga olib chiqish qamoqda saqlash joyi boshlig‘ining yozma ruxsati bilan amalga oshirilib, keyinchalik jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxs yoki organ yozma ravishda xabardor qilinadi.
Ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan qamoqda saqlash joylarida tan jarohatlari olganda qamoqda saqlash joylarining tibbiy xodimlari tomonidan kechiktirmasdan tibbiy guvohlantirish o‘tkaziladi. Tibbiy guvohlantirish natijalari belgilangan tartibda qayd etiladi va jabrlanuvchiga ma’lum qilinadi. Tibbiy guvohlantirish qamoqda saqlash joyi boshlig‘ining yoxud jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsning yoki organning shaxsiy tashabbusiga yoxud ushlab turilganning yoki qamoqqa olinganning yoxud uning himoyachisining iltimosiga ko‘ra chiqarilgan qarori asosida davlat sog‘liqni saqlash tizimining tibbiy muassasalari xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Tibbiy guvohlantirishni o‘tkazishning rad etilishi ustidan prokurorga shikoyat qilinishi mumkin.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga tibbiy yoki psixiatriya yordami ko‘rsatish, dori vositalari berish, tibbiy guvohlantirish o‘tkazish, sanitariya nazoratini tashkil etish va o‘tkazish, shuningdek bunday shaxslarni tibbiy muassasalarda saqlash hamda davlat sog‘liqni saqlash tizimining tibbiy muassasalari xodimlarini ularga xizmat ko‘rsatishga jalb etish tartibi tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati yoki O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi Qarang: “Ichki ishlar organlarining vaqtincha saqlash hibsxonalari hamda ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonalarda saqlanayotgan shaxslarga davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida nizom” (02.03.2019-y., ro‘yxat raqami 3141), “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning tibbiy-sanitariya ta’minoti bo‘yicha qoidalar” (20.05.2019-y., ro‘yxat raqami 3159). Ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan og‘ir kasallikka chalingan yoxud u vafot etgan taqdirda, qamoqda saqlash joyining ma’muriyati bu haqda uning yaqin qarindoshlariga, qonuniy vakiliga, jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsga yoki organga va prokurorga darhol xabar qiladi. Ushlab turilganning yoki qamoqqa olinganning vafot etganligi fakti bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan tartibda tergov oldi tekshiruvi o‘tkaziladi.
Ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan vafot etgan shaxsning jasadi sud-tibbiy ekspertizasidan o‘tkazilganidan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan boshqa harakatlar bajarilganidan keyin vafot etgan shaxsning eri (xotini), ota-onasi, farzandlari va boshqa qarindoshlariga yoki qonuniy vakillariga yoxud dafn etishni amalga oshirish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan boshqa shaxslarga topshiriladi. Ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan vafot etgan shaxsning eri (xotini), ota-onasi, farzandlari va boshqa qarindoshlari yoki qonuniy vakillaridan yoxud dafn etishni amalga oshirish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan boshqa shaxslardan jasadni berish to‘g‘risida ariza tushmagan taqdirda, vafot etgan shaxsni dafn etish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.