51-modda. Qamoqda saqlash joylariga tutash hududlarda rejim talablarining ta’minlanishi Qamoqda saqlash joylariga bevosita tutash va chegaralari mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan belgilanadigan hududlarda qamoqda saqlash joyi boshlig‘ining taqdimnomasiga binoan rejim talablari o‘rnatilishi mumkin.
52-modda. Qamoqda saqlash joylarida tezkor-qidiruv faoliyati Qamoqda saqlash joylarida jinoyatlarni aniqlash, ularning oldini olish, ularga barham berish va ularni fosh etish, shuningdek jinoyatlarni tayyorlayotgan, sodir etayotgan yoki sodir etgan shaxslarni aniqlash hamda topish maqsadida, qonunchilikda belgilangan tartibda tezkor-qidiruv faoliyati amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni. 7-bob. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni qamoqdan ozod qilish 53-modda. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni qamoqdan ozod qilish asoslari Surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori yoki sudning qarori, shuningdek ushlab turish yoki qamoqda saqlashning O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan muddati tugashi ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni qamoqdan ozod qilishga asos bo‘ladi.
54-modda. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni qamoqdan ozod qilish tartibi Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni qamoqdan ozod qilish ushlab turilganni yoki qamoqqa olinganni qamoqdan ozod qilish to‘g‘risida surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori yoxud sudning qarori kelib tushgach, qamoqda saqlash joyining boshlig‘i tomonidan darhol amalga oshiriladi.
Qamoqda saqlash joyining boshlig‘i ushlab turish muddati tugashidan o‘n ikki soat oldin va qamoqda saqlash muddati tugashidan yetti sutka oldin bu haqda jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsni yoki organni, shuningdek prokurorni yozma shaklda xabardor qilishi shart.
Agar ushlab turish yoki qamoqda saqlashning O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan muddatlari tugaganidan keyin ushlab turilganni yoki qamoqqa olinganni ozod qilish, ushlab turish muddatini uzaytirish, ushlab turilganga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash yoxud qamoqda saqlash muddatini uzaytirish to‘g‘risida surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori yoxud sudning qarori kelib tushmagan bo‘lsa, qamoqda saqlash joylarida qonunlar ijrosi ustidan nazorat qiluvchi prokuror yoxud qamoqda saqlash joyining boshlig‘i ushlab turilganni yoki qamoqqa olinganni o‘z qarori bilan darhol ozod qiladi. Qarorning ko‘chirma nusxasi kechiktirmasdan jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsga yoki organga, shuningdek prokurorga yuboriladi.
Qamoqdan ozod qilinayotgan ushlab turilganga yoki qamoqqa olinganga uning shaxsiy hujjatlari, ashyolari, shaxsiy hisobvarag‘ida saqlanayotgan pullari, shuningdek qimmatli qog‘ozlari va boshqa qimmatliklari, ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan saqlangan muddat hamda uni ozod qilish asoslari ko‘rsatilgan ma’lumotnoma beriladi.
Zarur bo‘lgan taqdirda, qamoqda saqlash joyining ma’muriyati qamoqdan ozod qilingan shaxsni yashash joyiga yetib olishi uchun yo‘l hujjatlari va belgilangan normalar bo‘yicha oziq-ovqat mahsulotlari yoxud tegishli pul kompensatsiyasi, shuningdek jinsi hamda iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda mavsumiy kiyim-bosh va poyabzal bilan ta’minlaydi.