JINOYAT ISHINI YURITISH CHOG‘IDA QAMOQDA SAQLASH TO‘G‘RISIDA Qonunchilik palatasi tomonidan 2011-yil 27-iyulda qabul qilingan
Senat tomonidan 2011-yil 26-avgustda ma’qullangan
1-bob. Umumiy qoidalar 1-modda. Ushbu Qonunning vazifalari Ushbu Qonunning vazifalari jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib ushlab turilgan shaxslarni va o‘ziga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan shaxslarni qamoqda saqlash tartibi hamda shart-sharoitlarini, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari kafolatlarini belgilashdan iborat.
2-modda. Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risidagi qonunchilik Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi. Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
ushlab turilgan — jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha ushlab turilgan shaxs;
qamoqqa olingan — O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining normalariga muvofiq o‘ziga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi;
qamoqda saqlash — jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib ushlab turilgan shaxslarni yoxud o‘ziga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan shaxslarni qamoqda saqlash.
4-modda. Qamoqda saqlashning asosiy prinsiplari Qonuniylik, fuqarolarning qonun oldida tengligi, shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini muhofaza qilish, aybsizlik prezumpsiyasi qamoqda saqlashning asosiy prinsiplaridir.