8-modda. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni saqlash joylari Ushlab turilganlar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi organlarining vaqtincha saqlash hibsxonalarida (bundan buyon matnda vaqtincha saqlash hibsxonalari deb yuritiladi) va O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlarining tergov hibsxonalarida, ushlab turilgan harbiy xizmatchilar esa O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining garnizon hamda qo‘shin gauptvaxtalarida (bundan buyon matnda gauptvaxtalar deb yuritiladi) saqlanadi.
Ushlab turilganlarni ayrim joylarda istisno tarzida ushbu maqsadlar uchun maxsus moslashtirilgan binolarda, dengiz va daryo kemalarida esa maxsus ajratilgan kayutalarda saqlashga yo‘l qo‘yiladi.
Ushlab turilganlar qonunda belgilangan hollarda va tartibda jazoni ijro etish muassasalarida saqlanishi mumkin.
Qamoqqa olinganlar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlarining tergov hibsxonalarida (bundan buyon matnda tergov hibsxonalari deb yuritiladi) saqlanadi.
Qamoqqa olinganlar qonunda belgilangan hollarda va tartibda vaqtincha saqlash hibsxonalarida hamda jazoni ijro etish muassasalarida, qamoqqa olingan harbiy xizmatchilar esa gauptvaxtalarda saqlanishi mumkin.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar qonunda belgilangan hollarda va tartibda davlat sog‘liqni saqlash tizimining tibbiy muassasalarida vaqtincha saqlanishi mumkin.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 228, 244-moddalari. 9-modda. Vaqtincha saqlash hibsxonalari Vaqtincha saqlash hibsxonalari ushlab turilganlarni qamoqda saqlash uchun mo‘ljallangandir.
Qamoqqa olinganlar vaqtincha saqlash hibsxonalarida o‘n sutkagacha saqlanishi mumkin. Qamoqqa olinganlarni tergov hibsxonasiga olisligi yoki lozim darajadagi qatnov yo‘llari mavjud emasligi tufayli olib borishning imkoniyati bo‘lmagan hollarda, bunday shaxslar vaqtincha saqlash hibsxonalarida tergovchining prokuror bilan kelishilgan qaroriga, shuningdek prokurorning qaroriga yoxud sudning ajrimiga ko‘ra o‘ttiz sutkagacha saqlanishi mumkin.
Vaqtincha saqlash hibsxonalari O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan tashkil etiladi, qayta tashkil etiladi va tugatiladi.