19-modda. Arizalar, takliflar va shikoyatlar yuborish tartibi Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar qamoqda saqlash joyi ma’muriyatiga, davlat organlariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda jamoat birlashmalariga o‘z ona tilida yoki boshqa tilda arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat etish hamda murojaat etilgan tilda belgilangan tartibda yozma javoblar olish huquqiga ega.
Arizalar, takliflar va shikoyatlar qamoqda saqlash joyi ma’muriyati orqali yuboriladi, bundan ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni shaxsan qabul qilish vaqtida qamoqda saqlash joylarining faoliyatini nazorat qiluvchi yoki tekshiruvchi mansabdor shaxslar tomonidan olingan murojaatlar mustasno.
Sud, prokuror, himoyachi yoki qamoqda saqlash joylarini tekshirish huquqiga ega bo‘lgan davlat organlari nomiga, shuningdek jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsga yoki organga yo‘llangan arizalar, takliflar va shikoyatlar senzuradan o‘tkazilmaydi hamda berilgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay muhrlangan tarzda adresatga yuboriladi yoki topshiriladi. Boshqa davlat organlari va tashkilotlari nomiga yo‘llangan arizalar, takliflar va shikoyatlar berilgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsga yoki organga topshiriladi, ular tomonidan qarab chiqiladi hamda o‘sha muddatda adresatga yuboriladi. Murojaat adresatga yuborilganligi to‘g‘risidagi ilova xatning ko‘chirma nusxasi ushlab turilganga yoki qamoqqa olinganga e’lon qilish uchun qamoqda saqlash joyiga yuboriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning nomiga yuborilgan shikoyatlar muassasa ma’muriyati tomonidan ko‘zdan kechirilishi mumkin emas hamda oluvchiga yigirma to‘rt soatdan kechiktirmay yuboriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning javobi muassasa ma’muriyati tomonidan ko‘zdan kechirilishi mumkin emas va arizachiga darhol yetkazib beriladi.
Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, surishtiruvchining yoki tergovchining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar berilgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay qamoqda saqlash joyi ma’muriyati tomonidan tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organga, surishtiruv organiga, tergov organining boshlig‘iga yoxud prokurorga, prokurorning harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar esa yuqori turuvchi prokurorga yuboriladi yoki topshiriladi.
Jinoyat ishi bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilishi yoxud jinoyat sodir etilishiga ko‘maklashishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar ko‘rsatilgan, maxfiy yozuv, belgilar bilan yozilgan, davlat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni o‘z ichiga olgan arizalar, takliflar va shikoyatlar adresatga yuborilmaydi hamda jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsga yoki organga topshirilib, bu haqda ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan, shuningdek prokuror yozma ravishda xabardor qilinadi.
Arizalar, takliflar va shikoyatlarga berilgan yozma javoblar, shuningdek ular jo‘natilganligi to‘g‘risidagi ilova xatlarning ko‘chirma nusxalari ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga tilxat olib e’lon qilinadi hamda ularning shaxsiy hujjatlar yig‘majildiga qo‘shib qo‘yiladi.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni o‘z huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari buzilganligi haqidagi arizalar va shikoyatlar bilan murojaat etganligi uchun har qanday shaklda ta’qib qilish taqiqlanadi.