21-modda. Shaxsiy xavfsizlik huquqi Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar shaxsiy xavfsizlik huquqiga ega.
Ushlab turilganning yoki qamoqqa olinganning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid yoxud unga nisbatan shaxsga qarshi jinoyatlar sodir etilishi tahdidi yuzaga kelganda qamoqda saqlash joyining xodimlari darhol uning shaxsiy xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rishi shart.
Qamoqda saqlash joyining boshlig‘i ushlab turilganlarning, qamoqqa olinganlarning shaxsiy xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘radi.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 270-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni. 22-modda. Ushlab turilganning yoki qamoqqa olinganning himoyachisi, qonuniy vakili, qarindoshlari va boshqa shaxslar bilan uchrashuvlari Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga himoyachisi, qonuniy vakili, qarindoshlari hamda boshqa shaxslar bilan uchrashuvlar beriladi. Himoyachi va qonuniy vakil bilan moneliksiz va xoli uchrashuvlar ularning soni hamda davom etish muddati cheklanmagan holda beriladi, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 230-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Ushlab turilganga jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsning yoki organning yozma ruxsati asosida qarindoshlari va boshqa shaxslar bilan oyiga davom etish muddati ikki soatgacha bo‘lgan bitta uchrashuv, qamoqqa olinganga esa har birining davom etish muddati ikki soatgacha bo‘lgan ko‘pi bilan ikkita uchrashuv (shu jumladan ushlab turilgan davrida berilgan uchrashuv) berilishi mumkin.
Ushlab turilgan, qamoqqa olingan bilan uchrashuvlar quyidagilarga beriladi:
advokatga — u advokat guvohnomasini va o‘zining muayyan ishni yuritishga bo‘lgan vakolatini tasdiqlovchi orderni ko‘rsatganda;
himoyachi sifatida ishtirok etayotgan yaqin qarindoshiga yoki qonuniy vakiliga — uning ishda himoyachi sifatida ishtirok etishiga yo‘l qo‘yish to‘g‘risida surishtiruvchi, tergovchining qarorini yoki sudning ajrimini va o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatganda;
qonuniy vakilga — uning ishda qonuniy vakil sifatida ishtirok etishiga yo‘l qo‘yish to‘g‘risida surishtiruvchining, tergovchining qarorini yoki sudning ajrimini va o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatganda;
qarindoshga yoki boshqa shaxsga — jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsning yoki organning yozma ruxsatini va o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatganda.
Ushbu moddaning uchinchi qismida sanab o‘tilgan shaxslardan boshqa hujjatlarni talab qilib olish taqiqlanadi.
Ushlab turilganning yoki qamoqqa olinganning o‘z himoyachisi va qonuniy vakili bilan uchrashuvlari qamoqda saqlash joyining xodimi ularni ko‘rib turadigan, lekin eshitmaydigan sharoitlarda o‘tkazilishi mumkin.
Qarindoshlar va boshqa shaxslar bilan uchrashuvlar qamoqda saqlash joylari xodimlarining nazorati ostida amalga oshiriladi hamda ushlab turilganga yoki qamoqqa olinganga taqiqlangan oziq-ovqat mahsulotlari, narsalar va moddalarni topshirishga yoxud jinoyat ishi bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilishi yoki jinoyat sodir etilishiga ko‘maklashishi mumkin bo‘lgan, shuningdek qamoqda saqlash joylaridagi rejimga taalluqli ma’lumotlarni shartli imo-ishoralar yordamida yoxud qamoqda saqlash joylarining xodimlariga tushunarsiz tilda topshirishga urinilgan taqdirda muddatidan ilgari to‘xtatib qo‘yiladi.
Himoyachilar, qonuniy vakillar, qarindoshlar va boshqa shaxslarga uchrashuvlar berilganda, ularning yonida aloqa vositalari, shaxsiy kompyuter, fotoapparatlar, videokameralarning va ovoz yozish qurilmalarining bo‘lishi taqiqlanadi.
Qarindoshlar va boshqa shaxslar bilan uchrashuv huquqini amalga oshirish imkoniyati bo‘lmagan hollarda (qarindoshlar va boshqa shaxslar kelishining moddiy va boshqa qiyinchiliklari, ularning kasalligi va hokazo), qamoqqa olinganga u saqlanayotgan joyning texnik imkoniyatlari bo‘lganda uning shaxsiy hisobvarag‘idagi mablag‘lar hisobidan telefon orqali limitlangan so‘zlashuv huquqi berilishi mumkin.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 46, 48, 230-moddalari. 23-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning qamoqda saqlash joylariga borishi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil qamoqda saqlash joylariga moneliksiz kirish, shuningdek ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan shaxs bilan uchrashish va suhbatlar o‘tkazish huquqiga ega.
Qamoqda saqlash joyining ma’muriyati O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (ombudsmanga) va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar bilan moneliksiz va xoli uchrashish hamda suhbatlashish uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlashi shart.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar bilan uchrashuvlari va suhbatlari qamoqda saqlash joyi xodimlari ularni ko‘rib turadigan, lekin eshitmaydigan sharoitlarda xoli o‘tkaziladi.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi (yangi tahriri) Qonuni 141-moddasi.