5-modda. Qamoqda saqlash asoslari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 225-moddasida nazarda tutilgan tartibda tuzilgan ushlab turish bayonnomasi ushlab turilganlarni qamoqda saqlashga asos bo‘ladi.
Sudning O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan tartibda chiqargan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi qarori qamoqqa olinganlarni qamoqda saqlashga asos bo‘ladi.
6-modda. Qamoqda saqlash muddatlari Qamoqda saqlash muddatlari O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida belgilanadi.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 226, 242-moddalari. 7-modda. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning huquqiy holati Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar ularning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar qonunda nazarda tutilgan cheklashlar inobatga olingan holda, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan huquqlarga, erkinliklarga ega bo‘ladi va majburiyatlarni bajaradi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida ushlab turilgan va qamoqqa olingan chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng ravishda huquqlardan, erkinliklardan foydalanadi hamda majburiyatlarni bajaradi, O‘zbekiston Respublikasining qonuni va xalqaro shartnomalarida belgilangan hollar bundan mustasno.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyiga ko‘ra kamsitishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga nisbatan qiynoqlar hamda boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi tazyiqlar qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
2-bob. Qamoqda saqlash joylari