ICHKI YONUV DVIGATELLARI UCHUN MOYLAR Motor moylari dvigatellaming belgilangan quvvat va tejamkorligini, sifat ko’rsatkichlarini yo’qotmasdan ishonchli va uzoq vaqt ishlashini ta’minlashi uchun ular standartlar va texnik shartlarda belgilangan talablarga javob berishi lozim.
Kinematik qovushqoqlik. Motor moyining suyuq ishqalanishini ishonchli ta’minlay olish xususiyatini xarakterlovchi muhim xossalaridan biri kinematik qovushqoqlikdir. Avtomobil dvigatellarining moylash tizimlarida ishlatiladigan motor moylarining kinematik qovushqoqligi 100°C haroratda 6-14 mm2/s ga teng. Harorat pasayishi bilan bu ko’rsatkich tez kattalashadi, minus 20°C haroratda 1000 mm2/s ga yetishi va undan oshib ham ketishi mumkin. Kinematik qovushqoqlik 6-3 mm2/s bo’lgan moy qishda, qovushqoqligi 10-14 mm2/s bo’lganlari yozda ishlatiladi.
Qotish harorati. Bu ko’rsatkich ma’lum darajada moyning haydaluvchanligini va dvigatelni ishga tushirish xossalariga uning ta’sirini xarakterlaydi. Yozgi moylarda qotish harorati minus 15°C dan minus 20°C gacha, qishki moylarda esa minus 25°C dan minus 30°C gacha, barcha mavsumlarda foydalaniladigan moylarning qotish harorati minus 45°C gacha yetadi.
Korroziyalash xususiyati. Avtomobillarda ishlatiladigan motor moylarining yuqori sifatli markalarida korroziyalash xususiyati yo’q, boshqa markadagi moylarda 20 g/m2 dan oshmasligi lozim.
Moy tarkibidagi mexanik aralashmalar va suvning miqdori. Maxsus qo’shilmalar qo’shilmagan moy tarkibida mexanik aralashmalar bo’lmasligi kerak, maxsus qo’shilmalar qo’shilgan moylar tarkibida esa massasi bo’yicha 0,15 foizdan oshmasligi lozim. Bunda mexanik aralashmalar ishqalanib ishlovchi detallar sirtiga abraziv ta’sir ko’rsatmasligi kerak. Motor moyi tarkibida suv bo’lmasligi zarur. Tarkibida juda oz miqdorda suv bo’lganida ham, moyda mayda ko’pik va emulsiya paydo bo’ladi va bu detallar sirtidagi moy pardasining mustahkamligini yomonlashtiradi.