45-modda. Jismoniy kuch ishlatish, tinchlantirish ko‘ylagini, maxsus vositalar, gazli, shikastlantiruvchi va o‘qotar qurolni qo‘llash shartlari Qamoqda saqlash joylarining xodimlari yoki ichki ishlar organlarining, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining va O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining boshqa xodimlari tomonidan jismoniy kuch ishlatish, tinchlantirish ko‘ylagini, maxsus vositalar, gazli, shikastlantiruvchi va o‘qotar qurolni qo‘llashga faqat qonunda nazarda tutilgan asoslar hamda hollarda yo‘l qo‘yiladi.
Jismoniy kuch ishlatish, tinchlantirish ko‘ylagini, maxsus vositalar, gazli, shikastlantiruvchi va o‘qotar qurolni qo‘llash ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga azob-uqubat yetkazilishiga olib bormasligi, shuningdek shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi tazyiqlar bilan amalga oshirilmasligi lozim. O‘qotar qurolni qo‘llash, shuningdek ushlab turilganlarning yoki qamoqqa olinganlarning hayoti va sog‘lig‘iga jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar yoxud gazli, shikastlantiruvchi qurolni qo‘llash natijasida zarar yetkazilgan har bir holat to‘g‘risida prokurorga xabar qilinadi.
46-modda. Jismoniy kuch ishlatish Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning jinoyatlari yoki boshqa huquqbuzarliklariga barham berish maqsadida, shuningdek ularning qamoqda saqlash joylari xodimlarining qonuniy talablariga qarshilik ko‘rsatishini bartaraf etish uchun, agar qonuniy talablarning ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar tomonidan bajarilishini jismoniy kuch ishlatmay boshqa usullar bilan ta’minlashning iloji bo‘lmasa, ularga nisbatan jismoniy kuch ishlatilishi mumkin.
47-modda. Tinchlantirish ko‘ylagini qo‘llash Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga nisbatan, agar ular jazavaga tushsa, tinchlantirish ko‘ylagini qo‘llashga yo‘l qo‘yiladi.
Tinchlantirish ko‘ylagi tibbiy xodim ishtirokida qo‘llaniladi hamda uni qo‘llashning davomiyligi ikki soatdan oshmasligi kerak.
Tinchlantirish ko‘ylagi ushlab turilgan va qamoqqa olingan voyaga yetmaganlar hamda ayollarga nisbatan qo‘llanilmaydi.