32-modda. Voyaga yetmaganlarni qamoqda saqlash xususiyatlari Qamoqda saqlash joylarida voyaga yetmaganlar uchun yaxshilangan moddiy-maishiy sharoitlar yaratiladi va ovqatning oshirilgan normalari belgilanadi.
Voyaga yetmaganlarning har kungi sayri kamida ikki soat davom etadigan qilib belgilanadi. Sayrlar vaqtida voyaga yetmaganlarga jismoniy mashqlar va sport o‘yinlari uchun imkoniyat beriladi.
Ushlab turilgan, qamoqqa olingan voyaga yetmaganlarga shart-sharoitlar mavjud bo‘lganda, kinofilmlar namoyish etiladi, ular uchun teleko‘rsatuvlarni tomosha qilish tashkil etiladi, sport mashg‘ulotlari va bo‘sh vaqtni o‘tkazish uchun xonalar, shuningdek ochiq havoda sport maydonchalari jihozlanadi.
Ushlab turilgan, qamoqqa olingan voyaga yetmaganlar bilan madaniy-tarbiyaviy ishlar o‘tkaziladi.
Ushlab turilgan, qamoqqa olingan voyaga yetmaganlarning posilkalar, yo‘qlovlar va banderollarda darsliklar hamda yozuv ashyolari olishiga, qamoqqa olingan voyaga yetmaganlarning esa mazkur narsalarni qamoqda saqlash joyining ma’muriyati orqali sotib olishiga ham ruxsat beriladi.
33-modda. Hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini topshirishni, shuningdek ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning tergov harakatlari hamda sud majlislarida ishtirok etishini ta’minlash Qamoqda saqlash joyining ma’muriyati qamoqqa olinganlarga ayblov xulosalarining va ayblov dalolatnomalarining, sud hukmlari, ajrimlarining ko‘chirma nusxalarini ular kelib tushgan kunda tilxat olinib topshirilishini ta’minlaydi, tilxat ko‘chirma nusxa topshirilgan sana va vaqt ko‘rsatilgan holda sudga taqdim etiladi.
Qamoqda saqlash joyining ma’muriyati surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudning yozma ko‘rsatmasi bo‘yicha quyidagilarni ta’minlaydi:
ushlab turilganlar, qamoqqa olinganlarni qamoqda saqlash joylariga qabul qilish va joylashtirish, shuningdek ularni belgilangan joyga jo‘natish uchun soqchiga topshirishni;
qamoqda saqlash joyi hududida tergov va sud harakatlarini, ambulatoriya sud-psixiatriya ekspertizasini hamda boshqa ekspertizalarni o‘tkazish uchun jihozlangan xonalar berilishini.
Qamoqda saqlash joyining ma’muriyati ushlab turilganlarni yoki qamoqqa olinganlarni boshqa tumanda (shaharda) joylashgan tergov hibsxonalariga o‘tkazishni ushlab turilganlarni yoki qamoqqa olinganlarni boshqa erga ko‘chirish to‘g‘risidagi tergovchining prokuror bilan kelishilgan qarori, shuningdek prokurorning qarori yoxud sudning ajrimi asosida amalga oshiradi.