23-mavzu. Dumalash podshipniklari to‘G‘RI­sida umumiy ma’lumotlar va ularning tasnifi. Dumalash podship­nik­­larining ishlash sharoiti va uning ishchanlik qobiliyatiga ta’siri. Dumalash podshipniklarining amaliy hisobi


V. Mustaqil tayyorgarlik/o‘z-o‘zini tеkshirish uchun sаvоl vа tоpshiriqlаr



Yüklə 354,77 Kb.
səhifə2/9
tarix16.12.2023
ölçüsü354,77 Kb.
#182678
1   2   3   4   5   6   7   8   9
23-MAVZU. DUMALASH PODSHIPNIKLARI TO‘G‘RI¬SIDA UMUMIY MA’LUMOTLAR VA ULARNING TASNIFI. DUMALASH PODSHIPNIKLARINING AMALIY HISOBI

V. Mustaqil tayyorgarlik/o‘z-o‘zini tеkshirish uchun sаvоl vа tоpshiriqlаr


  1. Dumalash podshipniklari dumalash elementiga ko’ra qanday turlarga bo’linadi?

  2. Dumalash podshipniklari qanday elementlardan tuzilgan?

  3. Dumalash podshipniklari qanaqa seriyalarga bo’linadi?

4. Dumalash podshipniklari qanday tanlanadi?

VI. Mаtn




Umumiy hоlаtlаr.
Dumalsh podshipniklari sirpanish podshipniklaridan tubdan farq qilib, sirpanib ishqalanish asosida emas, balki dumalab ishqalanish tamoyilida ishlaydi. Ularni qo‘llashda quyidagi afzalliklarga erishish mumkin: podshipnikni moylash tizimi va unga xizmat ko‘rsatish osonlashadi; moylash maromining qisqa muddatli uzilishlarida podship­nikning yemirilish xavfi kamayadi; dumalash podshipnigining tuzilishi uni ommaviy tarzda andozaviy shakllarda ishlab chiqarish imkonini beradi, bu esa uning tannarxini ancha kamaytiradi. Yaxshi moylanish sharoitlarida ularning FIK η=0,99 atrofida bo‘ladi. Dumalash podship­niklarining ko‘rsatib o‘tilgan afzalliklari ularning sanoatda keng tarqalishiga yo‘l ochgan. Yetakchi sanoati rivojlangan mamla­katlarda dumalash podshipniklari yiliga millionlab ishlab chiqariladi. Ular vallar va o‘qlarning asosiy tayanchlari sifatida halqaro andozaga egadirlar. Ichki diametri d=0,06mm, tashqi diametri D=2 mm; eni B=0,8 mm va massasi 0,015 g bo‘lgan jajji, hamda o‘lchamlari mos holda d=12 m, D=14 m, B=0,45 m va massasi 130 t bo‘lgan o‘ta yirik dumalash podshipniklari ma’lum. Ularning afzalliklari yana ishga tushirishdagi kichik ishqalanish momentlarida, kichik o‘qiy o‘lchamlarga egaligida, batamom o‘zaro almashinuvchanligida, rangli metallarning kam ishla­tilishida ham namoyon bo‘ladi.
Kamchiliklari jumlasiga katta radial o‘lchamlarga egaligi; xizmat muddati va imkoniyatini cheklovchi katta kontakt kuchlanishlarning mavjudligi; tebranishlarni va zarbli yuklanishlarni kamroq so‘ndirish qobiliyati; shovqin bilan ishlashi; cheklangan tezkorlikka egaligi; kichik turkumli ishlab chiqarishda tannarxining yuqoriligi kabilar kiradi.
Dumalash podshipniklari (23.1 - va 23.2 -rasmlar) odatda ichki va tashqi halqalar, dumalash jismlari va separator (ajratgich) dan tashkil topadi. Ajratgichning vazifasi dumalash jismlarini bir-biridan ma’lum masofada ushlab turishdir. Ba’zan bir yoki ikkala halqa podshipnikda bo‘lmasligi mumkin, bu holda dumalash jismlari val yoki korpusda bevosita dumalaydilar.
Podshipniklar dumalash jismlarining shakli bo‘yicha sharikli (23.1 - rasm) va rolikli (23.2 - rasm) turlarga ajratiladi. Roliklarning shakli qisqa va uzun silindrsimon, konussimon, sferasimon, ninasimon, g‘ovak, sirti o‘ramli bo‘lishi mumkin.

23.1 - rasm. Sharikli podshipniklar



23.2 - rasm. Rolikli podshipniklar
Qabul qiladigan yuklamaning turi bo‘yicha: radial (23.1 - rasm,a va b; 23.2 -rasm, a,b,v va d) – radial va aksariyat radial yuklamalarni qabul qiladigan; radial-tirak (23.1-rasm, b va g; 23.2 - rasm,g) – ham radial, ham o‘q bo‘yicha yo‘nalgan yuklamalarni qabul qiladigan; tirak-radial (23.1- rasm, d) – o‘q bo‘yicha yoki aksariyat o‘q bo‘yicha yo‘nalgan yuklamalarni qabul qilishga mo‘ljallangan; tirak (23.1 - rasm, e) – faqat o‘q bo‘yicha yo‘nalgan yuklamalarni qabul qiladigan turlarga bo‘linadi.
Dumalsh jismlarning qatorlari soniga ko‘ra bir, ikki va ko‘pqatorli podshipniklar farqlanadi.
Tuzilish belgilariga ko‘ra o‘zi ish sharoitidan kelib chiqib maqbul holatni egallaydigan (halqalarning o‘zaro og‘ishi 40 gacha, 23.1 - rasm, b va 23.2- rasm, b) va egallamaydigan (halqalarning o‘zaro joiz og‘ishi 1'...8' gacha, 23.1 va 23.2 rasmdagi qolgan hamma podshipniklar) turlarga bo‘linadi.
Gabarit o‘lchamlarining nisbati bo‘yicha dumalash podshipniklari turkumlarga ajratiladi. Podshipnikning bir xil ichki diametrida u turli tashqi diametrga va enga ega bo‘lishi mumkin, boshqacha aytganda, diametr bo‘yicha turkumga va eni bo‘yicha turkumga ega bo‘ladi (23.3-rasm). Gabarit o‘lchamlar oshib borishi bilan podship­nikning yuklanish qobiliyati oshib boradi, ammo chegaraviy ayla­nishlar takroriyligi kamayadi.



23.3-rasm. Dumalash podshipniklarining turkum o‘lchamlari:
a – maxsus yengil; b - yengil; v – yengil endor; g – o‘rta; d – o‘rta endor;
e – og‘ir

Podshipniklarda standart (andoza) bo‘yicha bir nechta aniqlik klasslari belgilangan (o‘sib borish tartibida): 8; 7; 0; 6X; 6; 5; 4; 2 va T. Aniqlik klassi podshipnik detallari o‘lchamlari va shakllarining aniqligini ifoda etadi. Aniqlik klassi va qo‘shimcha talablarga ko‘ra podshipniklar A, B va C toifalarga ajratiladi. Keng tarqalgan podshipniklar asosan 0 meyyoriy aniqlik klassiga egadir. Aniqlik klassi oshib borishi podshipnikni tayyorlashdagi xarajatlarning keskin oshib borishiga sabab bo‘ladi. Masalan, 2aniqlik klassidagi podshipnik 0 aniqlik klassidagi podshipnikdan taxminan o‘n marotaba qimmatdir. Maxsus talablar qo‘yilganda issiqbardosh, tezkor, kam shovqinli, zanglashga chidamli, nomagnit, radiatsiyaga chidamli, o‘zini-o‘zi moylaydigan va boshqa bir qator sifatlarga ega bo‘lgan podshipniklar ishlab chiqarilishi mumkin.


Titrash darajasi bo‘yicha meyyoriy, kamaytirilgan va past darajali titrashga ega podshipniklar farqlanadi.
Podshipnikning yon yuzasida raqamli va harfli belgilardan iborat shartli belgilanishi tushiriladi. Raqamlar yettitagacha bo‘lishi mumkin. O‘ng tomondan chap tomonga hisoblaganda birinchi kelgan ikkita raqam podshipnikning ichki diametrini, uchinchi va yettinchi raqam – tashqi diametri va eni bo‘yicha turkumini, to‘rtinchi raqam – turini, beshinchi va oltinchi raqamlar – tuzilishidagi ayrim xususiyatlarni bildiradi. 20...495 mm oraliqdagi podshipnikning ichki diametri o‘ng tomondagi ikkita raqamni beshga ko‘paytirilganiga teng. Masalan shu raqamlar 12 bo‘lsa, d=12∙5=60 mm bo‘ladi, 09 bo‘lsa, d=09∙5=45 mm bo‘ladi. Yuqorida keltirilgan ichki diametr oralig‘idan boshqa diametr­larda belgilashlar maxsus tus oladi. Asosiy raqamli shartli belgidan chap tomonda aniqlik klassi qo‘yiladi. Meyyoriy 0 aniqlik klassida belgi qo‘yilmaydi. Maxsus texnikaviy talablar bo‘yicha podshipniklar tayyorlanganda asosiy shartli belgidan o‘ng tomonda qo‘shimcha harfli va raqamli belgilar qo‘yilishi mumkin. Masalan A harfi podship­nikning oshirilgan yuk ko‘taruvchanlikka ega ekanligini ko‘rsatadi. Bul­ar haqidagi ma’lumotlarni podshipniklar xususidagi maxsus adabiyot­lardan bilib olish mumkin.
Radial sharikli podshipniklar oddiy tuzilishga ega bo‘lib, nisbatan arzondirlar. Ular valning uncha katta bo‘lmagan (15'gacha) qiyshashiga yo‘l qo‘ygan holda uncha katta bo‘lmagan o‘q bo‘yicha yo‘nalgan yuklamalarni qabul qila oladilar. Shuning uchun ham mashinasozlikda keng tarqalgan.
Radial rolikli podshipniklar kontakt yuzasining oshirilganligi evaziga sharikli podshipniklarga nisbatan katta qiymatli yuklanishlarni ko‘tara oladilar. Lekin ular o‘q bo‘yicha yo‘nalgan yuklamalarga chidamsiz bo‘lib, valning qiyshanganlik holatida yomon ishlaydilar. Silindrik rolikli va bochkasimon rolikli podshipniklarda valning qiyshashidan yuklamaning jamlanishi sezilarli kamayadi. Bunday o‘xshash qiyoslashni radial-tirak sharikli va rolikli podshipniklar bo‘yicha ham amalga oshirish mumkin.
O‘zining holatini belgilab oladigan sharikli va rolikli podshipniklar ham ko‘p ishlatiladi.
Ninasimon podshipniklarni qo‘llash katta yuklanishlarda tashqi o‘lchamlarni (diametrni) kichraytirishga imkon yaratadi.
Tirak podshipniklar esa o‘q bo‘yicha yo‘nalgan yuklamalarni qabul qilishga mo‘ljallangani uchun valning bir muncha qiyshashiga chidamsizdir.
Barcha podshipniklar yuqori mustahkamlikka ega podshipniklar uchun maxsus po‘latlardan tayyorlanadi hamda yuqori qattiqlikni ta’minlash uchun termik ishlov beriladi.
Podshipnik halqalari va dumalash jismlari Ш15, ШX15-Ш, ШX15-B, ШX15CГ, ШX15CГ-B, ШX15CГ-Ш markali po‘latlardan, separatorlar (ajratgichlar) esa yumshoq uglerodli po‘latlardan, tezkor podshipniklarda og‘ir massali separatorlar bronza, latun, alyuminiy qotishmalari, metallokeramika, tekstolit, poliamid va boshqa material­lardan tayyorlanadi.



Yüklə 354,77 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin