3-7 I. Bob. Psixologizm muammosi va uning o’rganilishi


I.2. “Otamdan qolgan dalalar” romanida milliylik va milliy ruh



Yüklə 410,59 Kb.
səhifə6/11
tarix22.12.2023
ölçüsü410,59 Kb.
#190623
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
I.2. “Otamdan qolgan dalalar” romanida milliylik va milliy ruh
Asarda erkin inson , tutqun shaxs, о‘zligidan mahrum etilgan “uch avlod” taqdiri tasvirlanadi”.
I.Yoqubov ham “Otamdan qolgan dalalar” romani jahon adabiyotining peshqadam vakillari yaratayotgan aynan shu tipdagi asarlarga anchagina yaqin turishini takidlab, muallifning poetik g‘oyani roman mag‘ziga mahorat bilan singdira olganini alohida qayd etadi.
Kо‘rinib turibdiki, kо‘pchilik tanqidchilar Tog‘ay Murodning mazkur asarlarida lirik ruh sezilib tursada, u roman janri talablariga tо‘la mos kelishini tasdiqlashgan, qо‘llab – quvvatlashgan. Ular romandagi ifoda uslubi yangicha , о‘ziga xos shaklda ekani , tahlil va talqinlarda, obraz va timsollarda Tog‘ay Murod nosirchiligining betimsolligini alohida e’tirof etishgan. Roman voqealari sokin hikoya qilinmaydi. Aksincha, hayot voqea – hodisalari, holat va xarakterlar tasvirida anchagina keskin о‘tishlarini, syujet va ohang shiddatini kuzatish mumkinligi ta’kidlangan.
Romanning ifoda uslubi haqida gapirganda uning til xususiyatlariga ham alohida tо‘xtalmoq joiz. Roman umuman Tog‘ay Murod asarlarini о‘qigan kitobxon Surxon vohasiga tushib qolgandek bо‘ladi. Gapirish, yurish – turish, yashash tarzi – qо‘yinki qahramon hayoti bilan bog‘liq barcha jihatlar Surxondaryoliklarni yodga solaveradi. Bu joy odamlariga xos tantilik,soddalik biroq or – nomusda yuksaklik, hurmat, ehtirom – bari qalbni о‘ziga ohangrabodek tortadi. Munaqqidlar bu xususiyatlari xususida ham о‘z qarashlarini bayon etishgan.
I.Yoqubovning ta’kidicha mazkur roman о‘ziga xos milliy , о‘zbekona ruh bilan sug‘orilgan. Romanning badiiy tili sheva – lahjalarga nihoyatda boy bо‘lib, syujet chiziqlari, monolog va uning turfa kо‘rinishlari, xususan ichki monolog va dialoglarning mag‘zdorligi ta’minlangan. Asarda etnik xususiyatlar – soddadil, tanti, Surxondaryoliklarning tabiatidagi о‘ziga xos keskinliklar asar qahramonlari harakteri orqali tasvirlangan.
Adabiyotshunos P.Qо‘chqor hozirgi zamon romanchiligi haqida yozar ekan , “Otamdan qolgan dalalar” romanida yaqin о‘tmish kunlari misolida hayot va inson timsollari, faqat shu davrigagina emas , tarix va kelajakning hamma taxlamlariga uchrashi shu qadar bо‘lgan inson tiplari izchil va batafsil kuzatiladi.
Yozuvchilarning asarlarida inson masalasi , uning qalbi, tuyg‘usi bosh о‘rinda turishi barchaga ma’lum. Bu xususida ham adabiyotshunoslarimiz о‘z sо‘zlarini bayon qilgan. D.Quronov e’tiroficha “Insonni buyuk g‘oyaga aloqasi yo unga qilgan xizmatidan kelib chiqib baholash emas, uni bir inson sifatida anglash, dardu quvonchi , orzu – armonlarini kо‘rsatish adabiyotning vazifasiga” aylandi. Qarasak atrofimizda yelib – yonib yo g‘ivirsib – tutab yurgan odamki bor , bari inson ekan, har qaysisi olam ichra bir olam ekan. Tog‘ay Murod shu oddiy haqiqatni kо‘pchiligimizdan avvalroq anglagan, kal chavandoz yoki befarzand qariyalarning о‘y – tashvishlari, dard – armonlari, “kichik odam” larda katta qalb bо‘ladi degan aqida bilan ijod maydoniga kirgan ekan.
Adabiyotshunos Q.Yо‘ldoshev mustaqillik davri nasri haqida gapirar ekan, bu davr nasrida ijodiy tajribalar qilish, kutilmagan tasvir yо‘sinlarini qо‘llash, badiiy ifodalaridan yetakchi xususiyat bо‘lganini qayd etadi va bir qator asarlarni sanab, Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” ida ham jahon prozasining eng ilg‘or tajribalariga tayanib sof milliy obrazlar yaratilgani, inson ruhiyati qirralarini aks ettirish miqyosiga kо‘ra milliy adabiyotimiz uchun yangi badiiy hodisa bо‘lganini e’tirof etadi.
Umuman olganda, tanqidchilar Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” asarining janri va о‘ziga xosligi xususidagi qarashlarini о‘rganib shunday deyish mumkin:
- “Otamdan qolgan dalalar” janr etibori bilan zamonaviy romanchilikning yangi namunasi hisoblanadi;
- mazkur asar roman janri talablariga tо‘la mos keladi;
- ijodkor ushbu asarini an’anaviy uslubiga amal qilgan, jahon prozasining eng muhim tajribalari asosida sof milliy ruhda yaratgan;
- asarning tuzilishi , tili, obrazlar olami va ularning talqini Tog‘ay Murodning о‘ziga xos betakror ijodkor ekanini kо‘rsatib turibdi.
Munaqqidlar Tog‘ay Murod romanlarining badiiy xususiyati , ulardagi yetakchi obrazlar va ularning yozuvchi g‘oyalarini ifodalashdagi о‘rni xususida ham kо‘p bahs yuritishgan. Kо‘p hollarda asar qahramonlari bevosita yozuvchi shaxsini , uning ruhiy olami , ichki kechinmalarini ifodalashni qayd etishgan.
Tog‘ay Murod romanlarini tadqiq etgan munaqidlar yozuvchining asarida qo’llagan har bir detal, ramz va obrazini nazardan chetda qoldirmay tadqiq etishga ularning mazmun-mohiyatini izohlashga harakat qilishganini kuzatish mumkin. Chunonchi , asar qahramonlari, yozuvchining bu qahramonlarini yaratishdan maqsadi xususida professor Umarali Normatov adabiyotshunos D.Quronov bilan bо‘lgan suhbatda shunday deydi ,, Dadil aytish mumkinki Dehqonqul obrazi –о‘zbek adabiyotida jiddiy badiiy kashfiyot.
Dehqonqul sovet davri adabiyotida zavq-shavq bilan qalamga olingan mehnat qahramonlariga parodiya tarzida yaratilgan. U-totolitar tuzum qizil imperiya siyosati tarbiyalab yetishtirgan ,, mehnat kishisi” ,, yangi inson”
Munaqidlar,, Otamdan qolgan dalalar,, uchun yaqin o’tmishning achchiq saboqlari bosh mavzu bо‘lgani , uzoq yillar mamlakatimizda hukum surgan mustamlakachilik, zо‘rovonlik asarda fosh etilganini tahlil qilar ekanlar , asosiy e’tiborni Dehqonqul obraziga qaratadilar. Zero, Dehqonqul romanning bosh qahramoni. Uni yozuvchi Dehqonqul Aqrobovich Jamliddinovich deb ataydi va asar voqealarini uning nomidan bayon etadi.
Juda kо‘pchilik adabiyotshunos shoir va yozuvchilar Tog‘ay Murod haqidagi xotiralarida uni dehqonga о‘xshatishgan. Bu haqda yozuvchi Omon Muxtor shunday yozadi: ,, Uning ( Tog‘ay Murodning-takid bizniki) yuz-kо‘zida qishloqdan shaharga kelib qolgan Dehqonga xos-о‘zidan va atrofdagilardan bir oz hijolat chekayotgandek holat muhrlangan edi! U qahramonlardan birini Dehqonqul deb atalgani, mehr bilan tasvirlagani bejiz emas. Katta davralarda halovat topmasligi ham ,,dehqoncha” edi . Tog‘ay shaharda yashab ziyoliga, adibga aylangan, biroq ,,ichida” Dehqon bо‘lib qolavergan edi.
Haqiqatdan ham, yozuvchi о‘z qahramoni hayotini yashagan. Uning dil og‘riqlarini о‘z qalbidan о‘tkazgan, uning orzu-о‘ylari, umid-xayollarini anglagan, uning og‘ir va mashaqqatli ishlarini о‘zi bajargan. Adibning о‘zi e’tirof etganidek, ,, Men bо‘lajak , Dehqonqul bilan yuzma-yuz bо‘ldim. Men bо‘lajak... Dehqonqul dalalarini ish joyim etdim.
Dehqonlar qanday kiyimda bо‘lsa -men ham shunday kiyinib oldim. Dehqonlar о‘tirsa-о‘tirdim, dehqonlar tursa-turdim. Chegit ekish boshlandi. Men dehqonlar bilan chegit ekdim men... dehqon bо‘lib chegit ekdim! Men g‘о‘za yaganaladim. G‘о‘za chopiq qildim. G‘о‘za о‘toq qildim. G‘о‘zaga gо‘ng berdim g‘о‘zaga suv taradim. G‘о‘za chelpidim. Men g‘о‘zalarga suv taray-taray, necha-necha tonglarni oqladim. Men shiyponlarda uxlab qoldim. Egatlarda uxlab qoldim. Men Surxon dalalarida olti oy kezdim.”
Aslida, har bir ijodkor о‘z asari qahramoni hayotini yashaydi, uning taqdirini о‘z taqdirida kо‘radi. Lekin asar qahramonligining mehnati, turmush tarzini real hayotda yashab, sinab kо‘rib, qalb olamidan о‘tkazib mushohada va muqoyasa qilishni kam kishi uddalay oladi. Tog‘ay Murod mana shu vazifani bajardi. U ,, Otamdan qolgan dalalar” ni ish stolida о‘tirib emas, Surxon dalalarida olti oy ishlab, yurib yozdi.Dehqonlar hayotini о‘z hatiga aylantirdi. Shu bois ham asar jonli betokror va о‘ziga xos bо‘lib qoldi.
Tog‘ay Murod birgina ,, Otamdan qolgan dalalar” asarini yozish uchun qahramon hayotini yashamadi. Uning barcha asarlarida hayot falsafasi oddiy odamlar-polvon, chavandoz, paxtakor hayotining ikir-chikirlarigacha yoritilgan. Yozuvchi asar qahramonlari hayotini shunchaki tasvirlamaydi balki ular hayotini chuqur о‘rganadi, qolaversa о‘zi ham shunday yashab kо‘radi.
Tog‘ay Murodning “Yulduzlar mangu yonadi” , “Ot kishnagan oqshom”, “Otamdan qolgan dalalar” asarlarini о‘qiganimdan keyin yozuvchi hayotni qanday о‘rganishi lozimligini angladim, -deb yozadi A. Rasulov. Munaqqid ,, Otamdan qolgan dalalar” da paxtakorning hutdan aqrabgacha bо‘lgan kundalik yumushi, oppoq paxtaning qora mehnati о‘ta haqqoniy tasvirlangani, asar manaman degan agronom uchun badiiy qо‘llanma misoli bо‘la olishini alohida ta’kidlaydi.
U Tog‘ay Murodning о‘z qahramonining kasbi, yumushlari orqali ruhiga, tabiatiga kirib borishini yozuvchining chinakam mahorati ekanini tan oladi. Tog‘ay Murod qahramonlarining sodda va samimiyligi bir-biriga о‘xshash jihatlarini tashkil etishini sezish qiyin emas. Buni tasdiqlab olim shunday deydi: ,, Otamdan qolgan dalalar” romanidagi Dehqonqul xarakterida Bо‘ri polvon, Ziyodulla chavandozdagi kо‘p xususiyatlar aks etgan. О‘ylab kо‘rilsa, kolxozni kolxoz qilgan Dehqonqul . Raisu ideologiya-yu raykomga obru berayotgan ham о‘sha .Lekin na raykom, na ideologiya va na rais Dehqonqulni odam о‘rnida kо‘rdi: ilg‘or brigadirning kuchi halolu, о‘zi insoniy ehtiyoji, qadr-qimmati harom . Dehqonqul bо‘lsa, nafaqat о‘zi о‘lib-tirilib ishlaydi, xotini, bolalarini ham ishlashga, kolxoz uchun jon berib, jon olishga undaydi.
Asarni о‘qir ekansiz, Dehqonqul obrazida о‘sha davrga mansub bо‘lgan minglab dehqonqullar hayoti mujassamlashganini kо‘rasiz. Kattalar soyasiga salom bergan, uyiga kattalar kelishini eshitib о‘z va bolalari umrida tatib kо‘rmagan anvoyi mevalar, noz-ne’matlarni sotib olib kelib, bolasiga atigi bir dona xurmoni ravo kо‘rmagan, umri mehnat bilan chirib bir yorug‘lik kо‘rmagan kishilar о‘sha davrda kо‘plab bо‘lgani barchaga ayon. Tog‘ay Murod mana shu achchiq haqiqatlarni jonli manzaralarda tasvirlaydi. Kitobxonni о‘tmish bilan yuzma-yuz qilib, xalqning og‘ir tarixini о‘ziga kо‘zgu sifatida tutadi. Bu tasvirlar esa insondek mukarram zotning sariq chaqalik qadr-qimmati, e’tibori bо‘lmagan qizil imperiyaning vahshiyliklaridan bizni ogoh etadi.
Romandagi holat va manzaralarni inson ruhiyatiga kuchli ta’sir etishini ta’kidlab adabiyotshunos Isroil Mirzayev о‘zining ,, Badiiy uslub sehri” risolasida shunday yozadi: ,, Asarda tasvirlangan ayrim keskin hayotiy voqealar, fojealar oqimi о‘quvchini gangitib qо‘yishi ham mumkin, nogahoniy sanchilgan xanjardek yuragingizda og‘riq paydo qiladi, asab torlaringiz zо‘ravonlik, adolatsizlik asosida qurilgan mustabid tuzumga nafratingiz oshadi, qalbingizda iztirob, anduh va dahshat tо‘yg‘ulari sirqiydi”.
Dehqonqul hayoti, rosti bilan, kitobxonni yig‘latadi. Insonlik qiyofasini tuzumga qurbon qilgan shaxs taqdiri kо‘ngilga tushunib bо‘lmas mahzunlik va og‘irlik paydo qiladi. Ehtimol, shu bois Dehqonqul-о‘zbek adabiyotidagi fojeiy xarakterlardan biri sifatida e’tirof etiladi.
Dehqonqul ota-anasi unga shunday nomni tanlagani uchungina kо‘tarib yurgani yо‘q, albatta. Romanni о‘qigan har bir kitobxon uning chin ma’nosi ila haqiqiy dehqon ekaniga zarracha shubha qilmaydi. Kuzgi yer haydashdan tortib har bir nihol, tuproq bilan gaplasha olish tabiatning notanti qiliqlariga kо‘ksini qalqon qilib turish, har bir tup g‘о‘zasini norasida gо‘dakday ardoqlash, silab-siypash Dehqonqulga rohat bag‘ishlaydi.
Tanqidchilar Dehqonqul obrazini tahlil qilar ekanlar uning fojeiy taqdiri, achinarli insoniy qiyofasini romandagi lavhalar, dialog va monologlar orqali izohlaydilar. Romanda tasvirlanganidek, qozoni о‘n kunlab gо‘sht kо‘rmagan, xotiniga ikki enlik yangi kо‘ylak olib bera olmagan, boshqorong‘i paytida loaqal olma bilan siylashga qurbi hamma vaqt ham bо‘lmagan Dehqonqul daladan bо‘shamaydi. Dunyo tashvishlari bilan yashaydi, tinim bilmasdan mehnat qiladi. Saratonning issig‘ida ham, kuzning salqinida ham , qishning qirovli kunlarida ham dalasidan beri kelmaydi.
Shunga qaramasdan, u ishlayotgan kolxoz ham brigada ham davlatdan qarzligicha qolaveradi. Asar taassurotlarini shu tarzda sharhlar ekanlar, olimlar e’tiborini romanning kitobxonga ta’siri masalasiga ham qaratadilar. Ularning e’tiroficha, roman lavhalarini, ayniqsa, dehqonqullar hayotini kо‘rgan kitobxon ,, Dehqonning kuni qursin” , - deb yuborishini va о‘z dardi, qayg‘u-armonlarini ichiga yutib yashayotgan tanti о‘zbek dehqonini qadrlagisi, e’zozlagisi kelishini alohida ta’kidlaydilar.
Darhaqiqat, Tog‘ay Murod ,, Otamdan qolgan dalalar” romanida qariyb chorak asrlik о‘zbeklar hayotining eng og‘ir chog‘larini bor bо‘yi bilan ochadi.
Kitobni о‘qigan kishi о‘z-о‘ziga savol beradi, о‘z-о‘zini munozaraga chorlaydi. Bizning bobolarimiz kim edi ? Oqpodsho dastidan о‘z yeri torlik qilib, ona tuprog‘idan ayrilgan Jamoliddin ketmon, о‘z tuprog‘ini о‘zgadan olmoqchi, о‘z yerida yashamoqchi , biroq zulm istibdod qurboni bо‘lgan-Aqrab qо‘rboshi. Va nihoyat sho’ro siyosatidan manqurtlik holiga tushgan, umri mehnatda chirib, kun kо‘rmagan-Dehqonqul. ,,Bu ,-deydi shoir Vafo Fayzulloh-bizning bolalik va kattalik zamonimizdagi otalik siyrati, о‘zbekcha maydalashish, ruhan ado bо‘lish manzaralari emasmi? Rosti, hozirgacha о‘zbek dehqoni, dehqonqullik psixoligiyasi jiddiy ochilgan. ,, Otamdan qolgan dalalar” romanidan о‘tadigan biror bir asar о‘qimadim ....” , - deya e’tirof etadi.
,,Otamdan qolgan dalalar”- ramziy roman. Adabiyotshunoslikda bu fikr kо‘pbor takidlangan. Asarda umr bо‘yi ketmon chopib, mustamlaka yurtda kosasi oqarmay kelgan о‘zbek xalqi siymosi Dehqonqul obrazi timsolida tasvir etiladi, -deb yozadi professor Sobir Mirvaliyev о‘zining ,, О‘zbek adiblari ” kitobida.
Mahmud Sattorov ,, Otamdan qolgan dalalar”ni Sadriddin Ayniyning ,,Qullar” romani qahramonlariga qiyoslar ekan, har ikkala roman obrazlarining о‘ziga xos tasvirlarini qayd etadi. Uning e’tirofiga kо‘ra, ,, Qullar” da qullar ijtimoiy taqdirining uch bosqichi uch avlod misolida tadrijiy bayon etilgan. Tog‘ay Murodning qullik mavzusi uch avlod taqdiri asosida yoritiladi.
,,Qullar” da Ayniy Abdurahimboyning intellektual (fikrlovchi) mulki, Nekqadamni birinchi avlod vakili sifatida tasvirlasa, Tog‘ay Murod ,,Otamdan qolgan dalalar” da pokiza chorbog‘ida nogahon iflos chо‘chqa oralagan Jamoliddinning о‘z ruhi va rо‘zg‘orini yangilash yо‘lida bu jannatmakon manzilni tark etishini birinchi avlod qismati sifatida talqin qiladi.
Bu ikki zamondoshning farzandlari bо‘lmish ikkinchi avlod vakillari ,,Qullar” dagi Ergash, ,, Otadan qolgan dalalar” dagi surxoni Aqrab obrazlarida andak о‘xshashlik bor.
Sadriddin Ayniy talqinida Ergash ,,qizillar “ ga moyil, ,,qizillik” dan moddiy va ma’naviy manfaatdor. ,,Qizillik” uning taqdiri, unda hech qachon bо‘lmagan hokimiyat garovi, Tog‘ay Murod tasvirida esa surxoni Aqrab (Surxon sо‘zida Vatan ramzidan tashqari, ,,qizil” ishorasi ham bor) zamonasining Jamoliddin Manguberdisi kabi qо‘ldan ketgan erkini qaytarish, bosqinchini mо‘tabar Vatandan haydash maqsadida yashaydi. Ayniqsa qizillar libosini kiygan ,,xaloskor” Ergash, Tog‘ay Murodda ,, bosmachi” yorlig‘ini olgan fidoyi Aqrab bir millat, bir zamin, bir zamon farzandlari, tengdoshlar. Ikki qutbdan bu ikki xarakter ikki san’atkor talqinida bir zamonning ikki qahramoni darajasiga kо‘tariladi.
Uchinchi avlod vakili Safarqul-qul bozoridan sotib olingan Nekqadamning nabirasi. ,,Qizillar” zamonasiga kelib, qishloq sovetining raisi- xо‘jayinga aylandi.U endi jamiyatning oldi, avomning boshi.
Yozuvchi Tog‘ay Murod romanining uchinchi avlod vakili-Dehqonqul bir nobakor, ota-bobolari, avlodu ajdodlarini, umuman, odamligini mutlaqo unutib bо‘lgan manqurt.
Dehqonqulning haqiqiy manqurt ekanini A.Rasulov ham ta’kidlab,
,,...Dehqonqul xuddi Chingiz Aytmatov romanida tasvirlangan manqurtning baayni о‘zi,, ,-deb yozadi.
Munaqqidlar asardagi kо‘tarilgan muammolarni ham bir-bir sanab, о‘zbek xalqi boshiga tushgan mustamlakachilik oqibatida sodir etilgan fojealar yaqqol qalamga olinganligiini e’tirof etishadi. Ularning talqinlariga kо‘ra, asarda о‘zbek xalqiga oid quyidagi muammolar bosh planda yoritilgan:
-mustamlakachilik siyosati, о‘zbek xalqining о‘z yerini qо‘lidan tortib olish, yer egasi esa о‘z yurtidan badarg‘a etilishi;
-о‘zbek xalqining millat sifatidagi huquqlari toptalishi, unga past nazar bilan qarash (Barakalla sо‘zining ,,Barra kalla ” tarzida qо‘llanishi misolida);
-shaxsning haq- huquqi, or- nomusi, qadr- qimmatini toptalishi;
-paxta va paxtachilik muammosi (maktab о‘quvchilarining paxtaga chiqish, paxtadan zaharlanish Ziyodning qismati misolida);
-mehnat qilib rohat kо‘rmaslik, о‘zbek xalqining og‘ir mehnatini qadrlanmasligi va boshqalar...
Asar, yuqorida zikr etganimizdek, ramziy xarakterga ega.Undagi voqealar realistik mohiyat kasb etsa ham shartlilik (ramziylik) darajasi yuqori. D.Quronov asardagi qator obrazlar (masalan, ideologiya, kinochilar, mustamlakachilar...)- realistik obrazlar sifatida emas, kо‘proq shartli, ramziy ,,maska” sifatida bо‘y kо‘rsatishini yozadi. Shunga о‘xshash, asarda haqiqiy familiyalari ostida harakatlanuvchi shо‘ro hukumatining taniqli arboblari (Poltoratskiy, Kolesov, Uspenskiy) murakkab taqdir egasi polkovnik Chernishevlarning bitta hayotiy holat- Aqrab qо‘rboshining qо‘lga olinishi doirasida tasvirlangani ham shartlilikdan о‘zga emas.Bulardan kо‘rinadiki, asarda mustabid tuzumning tom ma’nodagi realistik obrazi emas, uning shartli obrazi yaratiladi: о‘quvchining kо‘z oldida insoniylikdan butkul mahrum yovuzlik timsoli gavdalantiriladi.
D.Quronov asardagi ramziylikni shu kabi obrazlar tahlili orqali ochib bersa, I.Yoqubov roman ramziyligini poetik ifoda va tasvirning rang bilan bog‘liqligi bilan hal etadi. Olimning ta’kidlashicha, Tog‘ay Murod bu romanida “Oq”, “qora” va “qizil” ranglarni keng qо‘llagan. Har bir rangga xos xususiyatlarni nazariga tutib olim “Otamdan qolgan dadalar” dagi rang ma’nosini izohlashga urinadi va shunday yozadi: “Oq rangga xos xususiyatlarda ezgu ma’nolar mujassamlashadi. Aqrab qurboshi hali yoshlik yillaridayoq qop – qorong‘u tunda qibladagi oppoq oyga boqib, “…it xurish tarafga miltiq о‘qtaladi” , “…oqarish berish oyga miltiq о‘qtaladi”.
Oppoq oy osuda dunyoning ramzi bо‘lib, umuminsoniy qadriyatlar majmuidir. Uning zamirida ezgulik, yaxshilik, beg‘uborlik, samimiylik kabi ma’nolar mujassamlashgan. Aqrab qo’rboshi vaqti kelib bandalikni bajo keltirganda ham uning qabri tepasiga oq yalov qadaladi.
Qora rang esa ramziy ma’no jihatidan olib qaralsa, muhit haqida ma’lumot berib, ikki rangning kontrast xolda kelishi tasvirning badiiy – estetik salmog‘ini kuchaytiradi.
Qizil rang, odatda, oq rangga nisbattan yovuzlik ramzi sifatida qо‘llaniladi. Bu rangning ramziy ma’nolari tarixan о‘zgarib turgan bо‘lsa-da, mazkur rangdan kо‘proq ijtimoiy ma’nolar ifodalashda foydalaniladi. Tog‘ay Murod an’anaga erishgan holda qizil rangdan bosqinchilik, zо‘ravonlik qiluvchi, mustamlakachi shо‘rolar tuzumi odamlarining ramzi sifatida foydalanadi. Kechagi kun manzaralarini inkor qilish, rad etishda qahramonning holatlari, ruhiy – hissiy tuyg‘ularining tug‘yonini kо‘rsatishda yozuvchi qizil rangga murojaat qiladi.
Romanda qizil rang zо‘ravonlikning, qonning dahshat va fojiyaning ramzi darajasiga kо‘tariladi.
“…qizil rang odamni aldaydi…Qizil yomon-da, qizil yomon boisi, qizil rang qon rang! Qon yomon, yomon!...Dehqonqul qong rangdan yorug‘lik tilama, qon rangdan rо‘shnolik tilama, qon rangdan panoh tilama, Qon rang – jallod rang!” Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” romanida tabiat lavhalari inson ruhiy tasviri bilan omuxta beriladi. Yozuvchi talqinida inson tabiatining bir bо‘lagi. U tuproq, havo, suv, osmon bilan sirlashib, dillashib yashaydi. Agar uni tabiatdan mosuvo qilishsa, uning gо‘zalligidan ayirishsa, yer bilan dardlashishdan mahrum etishsa – u о‘lik jonga aylanadi. Munaqqidlarimiz ushbu asarni о‘rganish chog‘ida undagi tabiat va inson ruhiyatining bog‘liq tasvirlanishiga ham diqqat qilganlar. Tog‘ay Murodning haqiqiy tabiat oshig‘i, shaydosi ekanini ham tan olishgan. Tabiat va inson muvaffaqligi asarning boshidan oxirigacha о‘z ifodasini topgan. Chunonchi, asar Jamoliddin ketmonning yerga ishlayotgan tasviri bilan boshlansa, xotima esa Dehqonqulning qadrdon dalalari diydoriga tо‘yib – tо‘yib boqib xayr – xushlashishi, bobolarining achchiq kо‘z yoshlari, otalarining peshona terlari, yag‘ir elkalari, ayollarining xazon umriga guvoh bо‘lgan о‘z dalalariga termulib: “Men dalalarimni deya , qaytib kelaman. Meni dalalarim qaytarib keladi…” degan xitoblari, alamli nolalari bilan yakunlanadi.
Umuman olganda, “Otamdan qolgan dalalar” ilm ahli va ijodkorlar tomonidan zamonaviy nasrning etuk namunasi, inson psixologiyasi, shaxs erki va huquqi, istak va orzusi, insoniylik qiyofasini keng yoritgan milliy an’analar va odatlar chuqur ifoda etilgan, о‘ziga xos uslub va yо‘nalishda yaratilgan roman sifatida e’tirof etiladi.


Yüklə 410,59 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin